add

Matbuot erkinligi inqirozi: demokratiya uchun eng katta tahdid

11.09.2025 | 17:3044538

So‘nggi besh yil ichida 94 mamlakatda demokratiya zaiflashgan, 200 dan ortiq jurnalist o‘ldirilgan. O‘zbekiston esa so‘z erkinligi borasida «juda jiddiy vaziyatli» davlatlar qatorida qolmoqda.

Matbuot erkinligi inqirozi: demokratiya uchun eng katta tahdid
Dunyoda so‘z va matbuot erkinligi so‘nggi 50 yildagi eng jiddiy inqirozga duch keldi. Stokholmda joylashgan Xalqaro demokratiya va saylovga ko‘mak instituti (International ID)ning «Global demokratiya holati–2025» hisoboti shu haqda ma’lumot berdi. Hisobot 174 mamlakatda 1975 yildan buyon yig‘ilgan ma’lumotlarga asoslanib tayyorlangan. Tadqiqotga ko‘ra, oxirgi besh yilda 94 davlatda demokratiya darajasi pasaygan, ijobiy o‘zgarishlar esa faqatgina davlatlarning uchdan bir qismida qayd etilgan. Mutaxassislar bu jarayonni «demokratiya uchun eng katta tahdid» sifatida baholashmoqda. Demokratiyaning bir belgisi bo‘lgan matbuot erkinligi esa keskin tanazzulga yuz tutmoqda. 2024–2025 yillarda mamlakatlarning chorak qismida vaziyat yomonlashgan.  Ayniqsa, Afg‘oniston, Burkina-Faso va Myanma kabi davlatlardagi siyosiy beqarorlik hamda zo‘ravonliklar jurnalistik faoliyatni butunlay izdan chiqargan. Janubiy Koreyada esa sobiq prezident Yun Suk Yol tanqidiy OAVga qarshi sud da’volari orqali jurnalistlarni «jim» qilishga harakat qilgan. Falastinda 2023 yildan buyon qariyb 200 jurnalist halok bo‘ldi. Isroil G‘azo sektorga xalqaro jurnalistlarni kiritishni to‘xtatgani vaziyatni yanada og‘irlashtirgan. «Al Jazeera» ham Isroil, ham Falastin ma’muriyati cheklovlariga duch kelmoqda. International IDEA bosh kotibi Kevin Kasas-Samoraga ko‘ra, demokratik tizimlar saylov va qonun ustuvorligi bilan cheklanmasligi kerak. Ular adolat, inklyuzivlik va barcha uchun farovonlikni ta’minlashi zarur. «Agar hukumatlar o‘zini isloh qilmasa, demokratiya avtokratiyalar bosimiga dosh berolmaydi», — dedi u. Hisobotda AQSHga alohida e’tibor qaratilgan. Demokratiyaning asosiy himoyachisi sifatida ko‘rilgan Vashington 2021 yildan «ortda qolayotgan demokratiyalar» ro‘yxatiga kiritilgan. 2025 yilda Amerika xalqaro demokratik tashabbuslarga moliyaviy va siyosiy yordamni keskin qisqartirgani tanqid qilingan. Bu, mutaxassislar fikricha, avtoritar rahbarlarga kuchayish uchun rag‘bat bermoqda. Shu bilan birga, hisobotda demokratiya yaxshilangan davlatlardan ham misol keltirilgan. Afrikadagi Botsvana va Janubiy Afrikada o‘tkazilgan demokratik islohotlar samara bermoqda. Iordaniyada 2024 yilgi parlament saylovlari adolatli o‘tgan, Polshada esa so‘z erkinligi va qonun ustuvorligida yaxshilanish kuzatilgan. Tahlilchilar demokratiyani mustahkamlash yo‘li sifatida xorijdagi fuqarolarning ovoz berish huquqini kengaytirishni ta’kidlashdi. Bu nafaqat ularning vatanida, balki yashab turgan davlatlarida ham demokratik jarayonlarni quvvatlaydi. Mazkur hisobot jahondagi erkinliklar uchun jiddiy ogohlantirish sifatida qaralishi kerak.   O‘zbekistonda matbuot erkinligi Xalqaro kuzatuvchilarga ko‘ra, O‘zbekistonda so‘z erkinligi bo‘yicha vaziyat «juda jiddiy»ligicha qolmoqda. «Chegara bilmas muxbirlar» xalqaro tashkilotining 2025 yilgi OAV erkinligi indeksida O‘zbekiston 148-o‘rinni egallagan. Freedom House’ning «Freedom in the World 2025» hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonda so‘z va matbuot erkinligi hali ham jiddiy cheklovlar bilan duch kelmoqda. Qonun hujjatlarida fuqarolarga fikr bildirish, axborot olish va tarqatish huquqlari kafolatlangan bo‘lsa-da, amaliyotda bu huquqlar to‘liq ta’minlanmayapti. Mamlakatda mustaqil partiyalar va erkin siyosiy kuchlar yo‘qligi OAV uchun ham tor doira yaratib qo‘ygan. Parlament va sud tizimi ijro hokimiyati ta’sirida bo‘lgani sababli, jurnalistlarning tanqidiy materiallari ko‘pincha qo‘shimcha bosim va tahdidlarga duch keladi. Oxirgi yillarda ayrim ijtimoiy va iqtisodiy mavzular bo‘yicha matbuotda ochiqlik oshgani kuzatilmoqda. Masalan, mahalliy darajadagi korrupsiya, davlat xizmatlari yoki qishloq xo‘jaligi masalalarida jurnalistik materiallar ko‘proq chiqmoqda. Biroq siyosiy raqobat va davlat oliy hokimiyati faoliyatiga oid chuqur tahlillar deyarli yo‘q. Bu holat so‘z erkinligining formal, ya’ni ma’lum chegaralar ichidagina amal qilayotganini ko‘rsatadi, deyiladi Freedom House hisobotida. Ruxsora Jovliyeva tayyorladi.  

Teglar

Mavzuga oid