add

Naqd pul olmaydigan AYQSHlar, markazlashgan boshqaruvdan chiqariladigan Navoiy aeroporti va arzonlagan oltin — 2-fevral dayjesti

Kecha 22:184 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Naqd pul olmaydigan AYQSHlar, markazlashgan boshqaruvdan chiqariladigan Navoiy aeroporti va  arzonlagan oltin — 2-fevral dayjesti

Navoiy aeroporti «Uzbekistan Airports» tarkibidan chiqariladi: samolyotlar bo‘yaladi

Bugun, 2-fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev aviatsiya sohasini transformatsiya qilish rejalari bilan tanishdi. Unga ko‘ra, Navoiy xalqaro aeroporti «Uzbekistan Airports» tarkibidan chiqarilib, unga aviakompaniyalar bilan mustaqil shartnomalar tuzish va «porto-franko» erkin bojxona zonasini tashkil etish huquqi beriladi. Maqsad — aeroportning yuk va yo‘lovchi tashish quvvatlaridan to‘liq foydalanish, havo kemalarini bo‘yash va texnik xizmat ko‘rsatish orqali eksport tushumlarini oshirishdir. 2029 yilgacha soha uchun olib kiriladigan maxsus texnikalar bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi.

Sohada kadrlar yetishmovchiligini hal etish maqsadida AQSHning «Embry-Riddle» va Fransiyaning «ENAC» kabi nufuzli markazlari bilan hamkorlikda Fuqaro aviatsiyasi universiteti va aviatsiya texnikumi tashkil etiladi. Shu bilan birga, 2026 yildan boshlab «Uzbekistan Airways» va «Uzbekistan Airports» nosohaviy faoliyatni moliyalashtirishni to‘xtatadi. Ikki yirik tuzilma uchun jami 34 ta ustuvor vazifa belgilab berildi, ular qatorida raqamlashtirish, xarajatlarni maqbullashtirish va xalqaro IPOga chiqish kabi strategik maqsadlar bor.

Haydovchilik guvohnomasini olishda nazariy darslarda qatnashish majburiy emas

2026 yil 1-fevraldan boshlab O‘zbekistonda A va B toifalari bo‘yicha haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy darslarda majburiy qatnashish talabi bekor qilindi. Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, endi talabgorlar yo‘l harakati qoidalarini avtomaktabda (onlayn yoki oflayn) o‘rganishi yoki mustaqil ravishda o‘zlashtirishi mumkin. Bu yangilik fuqarolarning vaqti va xarajatlarini tejash hamda ta’lim jarayonini zamonaviylashtirishga qaratilgan.

Nazariy darslardan farqli o‘laroq, haydovchilikning amaliy qismi (avtomobil boshqarish) majburiy bo‘lib qoladi va ular faqat avtomaktablarda o‘tilishi shart. Amaliy mashg‘ulotlarni yakunlagandan so‘ng, ma’lumotnoma elektron shaklda rasmiylashtiriladi va talabgorlar belgilangan tartibda nazariy va amaliy imtihonlarni topshiradilar. Bu tizim haydovchilik ko‘nikmalarining sifatini saqlab qolgan holda, byurokratik to‘siqlarni kamaytirishga xizmat qiladi.

Yonilg‘i quyish shoxobchalarida naqd to‘lov bekor qilinadi

2026 yil 1-apreldan boshlab O‘zbekistondagi barcha yonilg‘i quyish shoxobchalari va elektromobillarni zaryadlash stansiyalarida naqd pulda to‘lov qabul qilish to‘liq to‘xtatiladi. Prezident farmoniga muvofiq, neft-gaz mahsulotlari uchun hisob-kitoblar faqat bank kartalari yoki elektron to‘lov ilovalari orqali amalga oshiriladi. Bu chora yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirish, soliq tushumlarini to‘liq nazorat qilish va yonilg‘i bozorida moliyaviy shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan.

Yangi tartib faqat yonilg‘i bilan cheklanmaydi: 2026 yil aprelidan kommunal xizmatlar uchun to‘lovlar ham naqdsiz shaklga o‘tkaziladi. Shuningdek, qiymati 25 million so‘mdan yuqori bo‘lgan tovar va xizmatlar (qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan tashqari), ko‘chmas mulk va yangi avtotransport vositalarini sotib olishda naqd pulda hisob-kitob qilish taqiqlanadi. Bank va notariuslar tizimlarining integratsiya qilinishi natijasida to‘lov tasdiqlanmagan bitimlar rasmiylashtirilmaydi.

Quyosh panellarini o‘rnatgan aholiga 209 mlrd so‘m subsidiya to‘landi

2025 yil davomida O‘zbekistonda quyosh panellari o‘rnatgan 45 381 nafar fuqaroga davlat budjetidan jami 209,2 mlrd so‘m miqdorida subsidiya to‘lab berildi. Mazkur mablag‘lar aholi tomonidan ishlab chiqarilib, yagona elektr tarmog‘iga uzatilgan energiya uchun hisoblangan. Eng yuqori ko‘rsatkichlar Xorazm viloyati (55,4 mlrd so‘m), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (29,1 mlrd so‘m) va Buxoro viloyati (25,7 mlrd so‘m) hissasiga to‘g‘ri keldi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, aholi o‘z ehtiyojidan orttirib tarmoqqa sotgan har bir kilovatt-soat elektr energiyasi uchun davlatdan 1000 so‘mdan mablag‘ oladi. Subsidiyalar har oy yakuni bilan «Soliq» mobil ilovasi orqali fuqarolarning bank kartalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tkazib beriladi.

O‘zbekistonda oltin narxi keskin pastladi

2-fevral, dushanba kuni Markaziy bank e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, og‘irligi 5 gramm bo‘lgan oltin quymasi 9 million 867 ming so‘mdan sotila boshladi. Bu ko‘rsatkich juma kungi narxga nisbatan 908 ming so‘mga arzon. Shu bilan birga, bir gramm oltin qiymati 1 million 973 ming 470 so‘mni tashkil etib, 183 ming 480 so‘m yoki 8,5 foizga pasaydi.

Boshqa vazndagi oltin quymalarining narxlari ham mos ravishda tushgan. Xususan, 10 grammli quyma 19 344 000 so‘m, 20 grammli quyma esa 38 688 000 so‘mga baholangan. Eng yirik hajmdagi 50 va 100 grammli oltin quymalarining sotuv narxlari esa mos ravishda 96 720 000 so‘m va 193 439 000 so‘mni tashkil etmoqda.

Avvalroq, 26-yanvar kuni 5 grammli oltin quymasi ilk bor 10 million so‘m chegarasidan oshgan edi. Shundan keyin narx ketma-ket uch kun davomida yangi rekordlarni yangilab bordi. 29-yanvar kuni narx biroz pasayib, 10 million 785 ming so‘m darajasida shakllangan edi.

Teglar

Mavzuga oid