Naqd pulsiz uy olish, «kvartplata» nazorati va Toshkentdagi eng qimmat ijara — 12-fevral dayjesti

Kecha 22:464 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Naqd pulsiz uy olish, «kvartplata» nazorati va Toshkentdagi eng qimmat ijara — 12-fevral dayjesti

Eng qimmat Mirobodda: Toshkentda uylarning ijara narxlari qanday?

Poytaxtda 1 kv. metr uchun o‘rtacha ijara narxi 8,8 dollarga yetib, o‘tgan yilga nisbatan 9 foizga qimmatlashdi. Eng baland narxlar an’anaviy ravishda Mirobod (11,1 $), Shayxontohur (10,9 $) va Yakkasaroy (10,3 $) tumanlarida kuzatilayotgan bo‘lsa-da, Olmazor, Yunusobod va Chilonzor kabi nisbatan hamyonbop tumanlarda ijara haqi 13 foizgacha tezlik bilan o‘sib, markazdan uzoqroq hududlarga bo‘lgan talab ortayotganini ko‘rsatmoqda.

Uy sotib olish bozorida esa yangi qurilgan (birlamchi) uylar narxining keskin yuqorilashi asosiy trendga aylandi va o‘tgan yilga nisbatan o‘rtacha 9 foizlik o‘sishni qayd etdi. Ayniqsa, Mirobod tumanidagi yangi inshootlarda narxlarning bir yil ichida 18,4 foizga, Mirzo Ulug‘bekda esa 17,3 foizga sakragani e’tiborni tortadi; ikkilamchi bozorda esa 1 kv. metr uchun o‘rtacha narx 1120 dollar atrofida bo‘lib, nisbatan barqaror (2 foiz) o‘sish sur’atini saqlab qolmoqda.

O‘zbekistonda majburiy mehnat holatlari qaytalanishi xavfi bor — Financial Times

Financial Times nashrining yozishicha, AQSH hukumati tomonidan O‘zbekiston paxta sanoatida shaffoflik va hisobdorlikni oshirish loyihalarini moliyalashtirish to‘xtatilishi (qariyb 3 mln dollar) majburiy mehnat holatlari qaytalanishi xavfini yuzaga keltirmoqda. Oq uydagi yig‘ilishda Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) rahbari Ilon Maskning "o‘zbek paxtachilari" haqidagi loyihani "komediya" deb atab kulgani jamoatchilik e’tiborini tortdi. Biroq, ekspertlar uchun bu kulgili emas: 2025 yilda O‘zbekistonning to‘qimachilik eksporti 32,3 foizga pasaygan, chunki xalqaro brendlar uchun "qo‘shimcha kafolat" bo‘lib xizmat qilgan monitoring dasturlari to‘xtab qolmoqda.

Solidarity Center mutaxassislarining ogohlantirishicha, grantlarning kesilishi natijasida ishchilar o‘z huquqlarini tiklash va shartnomalar qonuniyligini nazorat qilish mexanizmlaridan mahrum bo‘lmoqda. Ilgari treninglar orqali o‘z sharoitlarini yaxshilagan o‘nlab ishchilar endilikda e’tiroz bildirish vositalariga ega emas. Xalqaro brendlar va AQSH kiyim-kechak assotsiatsiyasi (AAFA) vakillari ham bu vaziyatdan xavotirda — nazorat tizimisiz o‘zbek paxtasini sotib olish "etik risk"larni oshirishi mumkin. Bu esa 2022 yilda erishilgan "majburiy mehnatdan holi davlat" maqomini xavf ostiga qo‘ymoqda.

1-iyuldan «kvartplata» qarzdorligi uchun elektr cheklovi o‘rnatiladi

2026 yil 1-iyuldan boshlib O‘zbekistonda ko‘p kvartirali uylarda «kvartplata» (majburiy to‘lov) bo‘yicha yangi tartib joriy etiladi. Unga ko‘ra, agar mulkdor majburiy to‘lovni har oyning 15-sanasiga qadar amalga oshirmasa, qarzdorlik to‘liq to‘lanmaguncha uning elektr energiyasi uchun to‘lovlarni qabul qilish vaqtincha to‘xtatiladi. Shuningdek, to‘lovlar kechiktirilgan har bir kun uchun jismoniy shaxslarga 0,1%, yuridik shaxslarga esa 0,4% miqdorida penya hisoblanadi.

Yangi mexanizmga ko‘ra, yig‘ilgan mablag‘lar birinchi navbatda umumiy uy ehtiyojlari (lift, yoritish, nasoslar) uchun sarflanadi va barcha to‘lovlar faqat «Mening uyim» tizimi orqali elektron shaklda qabul qilinadi. Aholi o‘z tariflarini erkin belgilash va boshqaruv kompaniyasini o‘zgartirish huquqiga ega bo‘lib, hozirda o‘rtacha tarif respublika bo‘yicha 1 221 so‘mni, Toshkent shahrida esa 1 823 so‘mni tashkil etmoqda.

«O‘zbekneftgaz» uch futbol klubini moliyalashtirishni bas qilmoqda

«O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati tomonidan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga rasmiy xat yo‘llangani haqida rasman tasdiqlanmagan ma’lumotlar tarqalmoqda. Unda kompaniya «Nasaf», «Buxoro» va «Bunyodkor» futbol klublarini moliyalashtirishni to‘xtatishi mumkinligi qayd etilgani aytilmoqda.

Vaqt.uz muxbiri vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida «O‘zbekneftgaz» AJ matbuot kotibi Mo‘min Ibodov bilan bog‘landi. U shaxsan vaziyatdan xabardor emasligini bildirdi. Tez orada bu borada jamiyatning rasmiy munosabati taqdim etilishini mumukin.

Hozircha ushbu axborot yuzasidan na «O‘zbekneftgaz» AJ, na O‘FA tomonidan rasmiy bayonot berilgan. Biroq xabar tasdiqlansa, bu Superliga klublari moliyaviy barqarorligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ayniqsa, yangi mavsum startga 15 kun qolgan bir paytda bunday qaror klublar faoliyatini qayta ko‘rib chiqishga majbur etishi ehtimoldan xoli emas.

Uy va mashina savdosi: 1-apreldan naqd pulda to‘lov taqiqlanishi mumkin

2026 yil 1-apreldan boshlab ko‘chmas mulk va ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan transport vositalari oldi-sotdisida naqd pulda hisob-kitob qilish taqiqlanishi kutilmoqda. Yangi nizom loyihasiga ko‘ra, to‘lovlar faqat bankdagi maxsus eskrou hisobvaraqlari orqali va notarius nazoratida elektron shaklda amalga oshiriladi. Bu mexanizm naqd pul aylanmasini qisqartirish, shaffoflikni ta’minlash va firibgarlik xavfini kamaytirishga qaratilgan.

Yangi tartibga ko‘ra, xaridor mablag‘ni bankdagi eskrou hisobga joylashtiradi va notarius shartnomani tasdiqlaganidan keyingina pul avtomatik ravishda sotuvchiga o‘tkaziladi. Agar bitim amalga oshmasa, mablag‘ xaridorga qaytariladi. Bu tizim bozor ishtirokchilari uchun qo‘shimcha bank jarayonlarini talab qilsa-da, uy-joy va mashina savdosida taraflarning moliyaviy xavfsizligini ta’minlashda muhim rol o‘ynashi ta’kidlanmoqda.

Teglar

Mavzuga oid