
«NBU Invest Group» ustav kapitalini kamaytirib, aktivlarni bankka o‘tkazmoqda
«NBU Invest Group» ustav kapitalini qisqartirib, 52,3 mlrd so‘mlik aktivlarni NBUʼga o‘tkazmoqda. Asosiy ulush — naqd pul emas, debitorlik.

Yanvar oyi boshida «NBU Invest Group» AJ navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishida ustav kapitalini kamaytirish doirasida bankka aktivlar o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilindi. Tashqaridan qaraganda, bu «oddiy protsedura»dek ko‘rinadi. Ammo raqamlar va aktivlar tarkibi shuni ko‘rsatadiki, guruh ichida invest aktivlar qayta joylashmoqda va bu jarayonda «aktiv» deganda ko‘pincha naqd pul emas, balki talab huquqi (debitorlik) ham nazarda tutilmoqda.
«NBU Invest Group» qanday tashkilot?
«NBU Invest Group» aksiyadorlik jamiyati bo‘lib, O‘zbekiston Milliy Banki (NBU) ekotizimidagi invest va korporativ aktivlar bilan ishlovchi tuzilmadir. Ochiq ma’lumotlarda kompaniyaning 100 foiz aksiyadori NBU sifatida qayd etiladi.
Aksiyadorlik jamiyatida ustav kapitali kamayishi odatda aksiyalarning nominal qiymatini tushirish yoki aksiyalar sonini qisqartirish va keyin ularni belgilangan tartibda annulirovka qilish orqali rasmiylashtiriladi. «NBU Invest Group» kontekstida aksiyalar qisqartirilib keyin bekor qilinadi (annulirovka) va natijada ustav kapitali kamayadi.
Bu ko‘pincha kompaniya holati yomonlashganidan dalolat emas. Aksincha, bu o‘zgarish guruh ichida aktivlarni «to‘g‘ri joy»ga qo‘yish, kapital strukturasini huquqiy jihatdan moslashtirish, emissiya va ustav hujjatlarini «tozalash» uchun xizmat qiladi.
Aksiyalar
04.09.2025 sanasidagi qarorda ustav fondini 353 601 600 000 so‘mga kamaytirish va buning uchun 353 601 600 dona aksiyani (har biri 1000 so‘mdan) qisqartirib, keyin belgilangan tartibda annulirovka qilish nazarda tutilgan edi. Shu bosqichda aktivlar NBU va davlat aktivlarini boshqarish yo‘nalishida qayta taqsimlanishi, shuningdek avval ro‘yxatdan o‘tgan emissiya qaroriga o‘zgartirish kiritilishi, ayrim bandlarni haqiqiy emas deb topish ko‘rsatilgan.
Debitorlik
2026 yil 9-yanvar sanasidagi qarorga ko‘ra, ustav fondini kamaytirish hisobiga NBUga «Zominsoy Development Invest 2» bo‘yicha 34 296 161 500 so‘mlik talab huquqi (debitorlik), «Zominsoy Development Invest 3» bo‘yicha 14 278 534 500 so‘mlik talab huquqi (debitorlik) va 3 736 514 000 so‘m pul mablag‘lari o‘tadi. Jami: 52 311 210 000 so‘m (≈ 52,3 mlrd so‘m) qiymatga ega aktiv bank tasarrufiga o‘tkaziladi. Bankka o‘tgan aktivlarning katta qismi naqd pul emas, talab huquqlari (debitorlik) taqriban 92,9 foizini, naqd pul esa 7,1 foizni tashkil etadi.
Talab huquqi (debitorlik) «kimdir menga qarzdor» degan moliyaviy talab hisoblanadi. U ham aktiv, lekin likvidligi pastroq, darhol pulga aylanmaydi, risk profili boshqacha, ya’ni to‘lov kechikishi yoki to‘lanmaslik ehtimoli mavjud, qiymati amalda undirish mexanizmi va to‘lov intizomiga bog‘liqdir.
Emissiya qarorini annulirovka qilish
Bu jarayon har doim ham salbiy emas. Ko‘pincha bunday bandlar ustav kapitali o‘zgargani uchun avvalgi emissiya hujjatlarini moslashtirish, registratsiya jarayonini qayta tartibga solish, restrukturizatsiya ketma-ketligini huquqiy jihatdan toza qilish bilan bog‘liq bo‘ladi. Bu qarorlar bank ekotizimida aktivlar guruh ichida qayta joylashayotganini ko‘rsatadi.
100 foiz guruh ichidagi tuzilmalarda aktivlarni bir yuridik shaxsdan boshqasiga o‘tkazish balansni optimallashtirish va riskni qayta taqsimlash maqsadida amalga oshirilishi mumkin. Invest-kompaniya balansida aktivlar bitimlardan kelib chiqqan debitorlik ko‘rinishida bo‘lishi normal, lekin bu normal holat likvidlik savolini avtomatik yopmaydi. Kompaniyalar odatda ustav fondini bekorga kamaytirmaydi. Ammo aniq motivlarni 100 foiz aytish uchun qo‘shimcha oshkoralik kerak.
Oqibatlar va kutilmalar
Restrukturizatsiya natijasini mantiqiy diapazonda olib qarasak, eng yaxshi holatda, debitorlik bo‘yicha to‘lovlar boshlanadi va talab huquqi naqdga aylanadi, transfer bank likvidligiga real ta’sir qiladi. Yoki, qisman undirish, qisman cho‘zilish natijasida aktiv shunchaki qog‘ozda turadi, likvidlik esa sekin effekt beradi.
Eng yomon holatda, kechikish yoki umuman to‘lanmaslik sabab talab huquqi riskli aktivga aylanadi va bankka qo‘shimcha risk yuklaydi. «NBU Invest Group» bo‘yicha qabul qilingan qarorlar bank ekotizimida kapital dizayni va aktivlar joylashuvi qayta sozlanayotganini ko‘rsatadi. Talab huquqlari real pulga qachon va qanday shartlarda aylanishi esa keyingi disclosure va undirish dinamikasida ko‘rinadi.
G.Bozorova tayyorladi.





