add

Odilxon qori ustidan sud, dronlarga erkinlik va qayerdaligi aytilmayotgan amaldorlar — 26-yanvar dayjesti

26.01.2026 | 23:005 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Odilxon qori ustidan sud, dronlarga erkinlik va qayerdaligi aytilmayotgan amaldorlar — 26-yanvar dayjesti

Qiyin ahvolda qolgan o‘zbekistonliklarni vatanga qaytarish uchun qancha mablag‘ sarflangani ma’lum bo‘ldi

2025 yil davomida xorijda og‘ir ijtimoiy va moliyaviy vaziyatga tushib qolgan 3 709 nafar O‘zbekiston fuqarosi davlat ko‘magida yurtiga qaytarildi. Ushbu maqsadlar uchun budjetdan jami 15,9 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Fuqarolar dunyoning 22 ta davlatidan olib kelingan bo‘lib, ular orasida ish beruvchilar tomonidan aldangan, hujjatlaridan mahrum bo‘lgan yoki sog‘ligi yomonlashgan shaxslar bor. Xususan, «Vatanga qaytarish» xayriya aksiyasi doirasida bir oy ichida 1 300 kishi vatanga qaytarilgan.

Davlat nafaqat fuqarolarni qaytarish, balki ularning mehnat huquqlarini tiklash bilan ham shug‘ullandi. Yil davomida xorijiy ish beruvchilardan 3 ming nafardan ortiq fuqaroning jami 1,9 million dollar miqdoridagi to‘lanmagan ish haqlari undirib berildi. Shuningdek, 400 dan ortiq kishining yo‘qolgan hujjatlari tiklandi va 9 mingdan ziyod qaytgan fuqarolarning bandligi ta’minlandi.

O‘zbekistonda dronlardan foydalanish bo‘yicha cheklov yumshatiladi

«O‘zbekiston — 2030» strategiyasi doirasida tayyorlangan prezident farmoni loyihasiga ko‘ra, mamlakatda uchuvchisiz uchadigan apparatlardan (dronlardan) foydalanish bosqichma-bosqich erkinlashtiriladi. Yangi tartib yuridik shaxslarga dronlarni olib kirish, ishlab chiqarish va ulardan iqtisodiyotning turli tarmoqlarida, jumladan, qishloq xo‘jaligi, qurilish va logistika sohalarida foydalanish imkonini beradi. Barcha jarayonlar maxsus litsenziya va sertifikatlar asosida qat’iy tartibga solinadi.

Havo hududi xavfsizligini ta’minlash maqsadida dronlar uchun «yashil», «sariq» va «qizil» zonalar tizimi hamda yagona raqamli nazorat infratuzilmasi joriy etiladi. Shuningdek, dron boshqaruvchilari uchun maxsus o‘quv kurslari va guvohnoma berish tizimi yo‘lga qo‘yilishi belgilangan. Transport va Raqamli texnologiyalar vazirliklariga 2026 yil iyun oyiga qadar sohani tartibga soluvchi yakuniy hujjatni ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan.

Odilxon qori va uning sheriklari qamoqqa olindi

Toshkentdagi «Shayx Zayniddin» jome masjidining sobiq imomi Odilxon qori Ismoilov va uning 6 nafar sherigiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan. Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidovning so‘zlariga ko‘ra, ayblanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining bir qator moddalari, jumladan, o‘zlashtirish yoki rastrata qilish (167-modda), soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash (184-modda) va mansab soxtakorligi (209-modda) kabi ayblovlar qo‘yilgan. Hozirda jinoyat ishi Namangan viloyati Pop tumani sudida ochiq tarzda ko‘rib chiqilmoqda.

Sudlanuvchilarning 5 nafariga, jumladan Odilxon qoriga nisbatan «qamoqqa olish», bir kishiga esa «garov» ehtiyot chorasi belgilangan. Oliy sud jarayon yakunlanganidan so‘ng batafsil ma’lumot berilishini va’da qilmoqda.

Sobiq amaldorlar qamoqda...mi?

Ishdan olinishidan avval yuqori lavozimda ishlagan mansabdorlar qamoqqa olinsa yoki sud qilinsa, faqat gap-so‘zlar bolalaydi. Hamma OAVlar o‘z manbalariga tayanib axborot beradi xolos. Na sobiq amaldorlar ishlab ketgan organ, na jinoyat ishini tergov qiladiganlar ma’lumot bermaydi. Matbuot kotiblari ham bilmaymandan narigiga o‘tmaydi, odatda. Yoki san-salor qilishadi. Buning ortidan tarmoqlarda turli axborotlar tarqaladi va odamlar kimga, qaysi manbaga ishonishni bilmay ham qoladi.

Bu holatda ham aynan shundan bo‘ldi. Yanvar oyi boshida IIVning sobiq o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev va Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti boshlig‘i Rustam Tursunov qamoqqa olingani haqidagi gaplar bolaladi. Tarqalgan xabarlarda ikki mulozim yirik miqdorda davlat mulkini o‘zlashtirgani aytilmoqda. Yanvar oyi boshida tarmoqlarga sizdirilgan bu xabarni yanvar oyi oxiriga kelib ham hech qaysi idora tasdiqlamadi.

Ishdan olib, qamoqqa tashlanishi aytilmoqdagan polkovnik Bekmurod Abdullayev 2021 yilning aprel oyida Prezidentning tegishli qaroriga asosan Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari — Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i lavozimiga tayinlangan edi. Ungacha u O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondonining jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

Kuch tuzilmasining qamoqqa olingani aytilayotgan yana bir sobiq xodimi Rustam Tursunov. U Navoiy viloyati IIB boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan va 2021-yilning fevral oyida IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan edi. Tursunov jamoatchilikka u qadar ochiq bo‘lmagan rahbar qatorida turgan. Ikki mulozim nega ishdan olingani hozirgacha ochiqlanmagan. O‘sha vaqtda ularning jinoyat sodir etgani aniqmidi yoki boshqa sabab bilan ishdan olinganmi — bu bizga qorong‘u.

O‘zbekistonda o‘rtacha ish haqi ma’lum qilindi

2025 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘rtacha oylik nominal ish haqi 6 376,7 ming so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 18,9 foizga o‘sdi. Hududlar kesimida eng yuqori maosh Toshkent shahrida (10,7 mln so‘m) va Navoiy viloyatida (7,8 mln so‘m) qayd etilgan bo‘lsa, eng past ko‘rsatkichlar Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida (4,4 mln so‘m atrofida) kuzatildi. Namangan viloyati esa ish haqining o‘sish sur’ati bo‘yicha (22,8 foiz) yetakchilik qildi.

Sohalar bo‘yicha eng baland maoshlarni bank va moliya (17,5 mln so‘m) hamda axborot texnologiyalari (15,2 mln so‘m) xodimlari olmoqda. Eng past ish haqi esa sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish sohasida (3,9 mln so‘m) saqlanib qolmoqda. Qurilish va umumiy ovqatlanish sohalarida o‘sish sur’ati nisbatan past bo‘lgan bo‘lsa, san’at va dam olish yo‘nalishida maoshlar 26,4 foizgacha keskin ko‘tarilgan.

2025 yilda O‘zbekistonga go‘sht importi keskin o‘sgan

2025 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonga go‘sht importi hajmi rekord darajada o‘sdi. Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yil davomida 156,9 ming tonna mol go‘shti (661,2 mln dollarlik) olib kelingan bo‘lib, bu 2024 yilga nisbatan qariyb 70 foizga ko‘pdir. Qo‘y go‘shti importi esa 2,5 baravarga oshib, 33 ming tonnaga yetdi. Tovuq go‘shti importi ham o‘sishda davom etib, 64,9 ming tonnani tashkil etdi. Mutaxassislar bu holatni ichki bozorda talabning yuqoriligi va ishlab chiqarish xarajatlari ortgani bilan izohlamoqda.

Import hajmi bilan birga ichki bozordagi narxlar ham sezilarli qimmatlashgan. Yil davomida mol go‘shti narxi 23,9 foizga, qo‘y go‘shti esa 26,8 foizga oshdi. Mol go‘shti importining o‘rtacha bojxona qiymati bir kilogramm uchun 4,2 dollarni tashkil etgan (2024 yilda 3,9 dollar bo‘lgan).

Teglar

Mavzuga oid