Oliy ta’lim muassasalaridagi tadqiqot markazlari: ular qanday sharoitda samarali ishlaydi?
O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalari huzuridagi tadqiqot markazlari soni ko‘paymoqda. Tashkil etilayotgan mazkur ilmiy markazlar qanday sharoitlarda o‘z samarasini ko‘rsatishi mumkinligi haqida AQSHning Pensilvaniya davlat universiteti bitiruvchisi, huquqshunos Umid Sobirov ma’lumot berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 26-noyabrdagi PF–232-son Farmoniga muvofiq Toshkent davlat yuridik universitetida tadqiqot markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Mazkur qaror oliy ta’lim muassasalarida ilmiy-tadqiqot infratuzilmasini mustahkamlash yo‘lidagi navbatdagi qadam sifatida ko‘rilmoqda. Shu bilan birga, bunday markazlarning real samaradorligi masalasi doimiy savol bo‘lib qolmoqda: tadqiqot markazlari ilmiy muhitni shakllantirishda qanchalik muhim va ular qanday sharoitda haqiqiy ilmiy natija bera oladi?
O‘zbekistonda tadqiqot markazlarining asosiy qismi davlat organlari huzurida faoliyat yuritadi. Ularning aksariyati davlat siyosati va qonunchilikni ilmiy-analitik jihatdan ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, bu faoliyat mamlakat uchun muhim ahamiyatga ega.
Biroq mazkur markaz yoki institutlarning ishlash modeli asosan amaliy ehtiyojlar va davlat buyurtmalariga bog‘langan. Tadqiqot yo‘nalishlari ko‘pincha muayyan normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, tahlil qilish yoki baholash bilan cheklanib qoladi. Bu holat tadqiqotlarning uzoq muddatli, fundamental yoki nazariy yo‘nalishlarda rivojlanish imkoniyatlarini cheklashi mumkin.
Universitetlar huzuridagi mustaqil tadqiqot markazlari esa hozircha O‘zbekistonda keng tarqalmagan. Ayrim oliy ta’lim muassasalarida bunday markazlar mavjud, ammo ular ko‘proq tashkiliy yoki loyiha asosidagi faoliyat bilan cheklanadi. Tadqiqot markazlari universitet hayotining markaziy bo‘g‘iniga aylanishi, nazarimizda, hali to‘liq shakllanib ulgurmagan.
Xalqaro tajribaga yuzlanadigan bo‘lsak, tadqiqot markazlari bir necha model asosida faoliyat yuritadi. Ayrim davlatlarda (masalan, Germaniyada “Helmholtz” yoki “Max Planck” jamiyatlari) mustaqil milliy tadqiqot institutlari mavjud bo‘lib, ular davlat tomonidan barqaror moliyalashtiriladi va uzoq muddatli ilmiy dasturlar asosida ishlaydi. Yoki ba’zi mamlakatlarda tadqiqot faoliyatining asosiy qismi universitetlar huzuridagi markazlar orqali amalga oshiriladi. AQSH, Buyuk Britaniya, Finlandiya kabi davlatlarda universitet ilmiy tadqiqotning asosiy maydoni hisoblanadi.
Bu modellarni birlashtirib turadigan jihat shundaki, davlat moliyalashtiruvi mavjud bo‘ladi, ammo tadqiqot mavzulari va metodologiyasi to‘liq akademik mustaqillik (academic freedom) asosida belgilanadi. Ya’ni, davlat tadqiqotni qo‘llab-quvvatlaydi, biroq uning mazmunini bevosita buyurtma qilmaydi yoki ularning faoliyatiga ta’sir ko‘rsatmaydi. Aynan shu mustaqillik ilmiy sifat va ishonchlilikni ta’minlaydi.
Tadqiqot markazlarining samarali ishlashi, albatta, ularning moliyalashtirish mexanizmlariga bevosita bog‘liq. Odatda bu kabi ilm markazlarining moliyaviy manbasi davlat budjeti, ochiq va raqobatli grantlar yoki xususiy fondlar va xalqaro donorlar hisoblanadi.
Xalqaro tajribada ilmiy tadqiqotlar uchun ajratiladigan moliyaviy resurslar miqyosi tadqiqot markazlarining institutsional barqarorligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Xususan, AQSH, Yaponiya va Germaniyada ilmiy tadqiqot va rivojlanishga (R&D) sarflangan xarajatlar YAIMning qariyb 3 foizidan ortig‘ini tashkil etadi, bu universitetlar va mustaqil ilmiy institutlarga uzoq muddatli tadqiqot dasturlarini yuritish imkonini beradi. Moliyalashtirishning yuqori darajasi ochiq va raqobatli grant mexanizmlari bilan uyg‘unlashgan holda akademik mustaqillikni mustahkamlaydi va ilmiy sifatni rag‘batlantiradi. Aksincha, moliyaviy resurslar cheklangan sharoitda tadqiqotlar qisqa muddatli buyurtmalar doirasida qolib ketish xavfi ortadi.
Davlat | R&D sarfi (USD, yillik) | R&D xarajatlari (% YAIM) | Global R&D reytingi[1] |
AQSH (2024/2025) | ~$781,8 milliard$ | ~3,46 % | Jahonda eng yuqori sarflovchi davlatlardan biri |
Yaponiya (2024/2025) | ~$186,0 milliard$ | ~3,30 % | Jahonda uchinchi yirik R&D sarflovchi davlat |
Germaniya (2024/2025) | ~$132,2 milliard$ | ~3,14 % | Yevropadagi yetakchi R&D investori |
Izoh: AQSH, Germaniya va Yaponiya bo‘yicha ilmiy tadqiqot va rivojlanishga (R&D) ajratiladigan mablag‘lar bo‘yicha statistik ma’lumotlar. O‘zbekiston Milliy statistika qo‘mitasining 29.07.2025-yildagi ma’lumotlariga tayanilsa, O‘zbekistonda ilmiy tadqiqotlar va tajriba-konstruktorlik ishlanmalariga jami taxminan 1,574,1 milliard so‘m sarflangan. Bu 2023-yilga nisbatan qariyb 13,3 % ga oshgan.
O‘zbekistonda tadqiqot faoliyati ko‘proq loyiha va buyurtmalar asosida shakllanib kelmoqda. Bu tadqiqot markazlarini, yuqorida aytilganidek, qisqa muddatli vazifalarni bajaruvchi tuzilmalarga aylantirib qo‘yish xavfini keltirib chiqaradi. Holbuki, ilmiy tadqiqot markazi institutsional xotiraga, mustaqil ilmiy yo‘nalishlarga va uzoq muddatli strategiyaga ega bo‘lishi kerak. Ya’ni, tadqiqot markazi bir martalik loyihalar emas, balki yillar davomida shakllanadigan ilmiy maktab va tajriba to‘planadigan muassasa bo‘lishi lozim. Shundagina, biz ham dunyo e’tirof etishi mumkin bo‘lgan ilmiy loyiha va tadqiqotlar qilishimiz mumkin bo‘ladi.
Bu masala ilmiy muhit sifati bilan ham chambarchas bog‘liq. Lingvist Iroda Azimova ilmiy tadqiqotdagi muammolar, avvalo, ta’lim sifatidan boshlanishini ta’kidlaydi. Uning fikricha, yodlashga asoslangan ta’lim tanqidiy fikrlashni shakllantirmaydi, holbuki ilmiy tadqiqot aynan shu ko‘nikmaga tayanadi. Tanqidiy fikrlash mashq orqali rivojlanadigan, vaqt talab qiladigan jarayondir.
U shuningdek, universitetni faqat dars o‘tiladigan joy emas, balki ilmiy izlanishlar markazi sifatida ko‘rish zarurligini qayd etadi. Amaldagi tizimda o‘qituvchining dars yuklamasi yuqori bo‘lib, ilmiy izlanish uchun yetarli vaqt va sharoit qolmaydi. Maqola chop etish bo‘yicha qo‘yilayotgan talablar real ilmiy jarayon bilan har doim ham mos kelavermaydi. Chunki nufuzli xalqaro jurnallarda maqola nashr qilish bir necha oy, ba’zan esa bir necha yil davom etadigan murakkab jarayon hisoblanadi.
Azimova keltirgan Germaniya tajribasi ham e’tiborga molik: u yerda PhD talabalari uchun asosiy mezon maqolalar soni emas, balki dissertatsiyaning sifati hisoblanadi. Bu yondashuv ilmiy jarayonda sifat ustuvorligini ko‘rsatadi.
Vatandoshimiz, Kembridj universiteti professori Sherzod Muminov esa xalqaro akademik muhitda «Publish or Perish» — «chop qil yoki ilmiy maydondan chiqib ket» tamoyili mavjudligini ta’kidlaydi. Biroq bu tamoyil sonni emas, sifatni rag‘batlantiradi. Ilmiy maqolaning qiymati uning nechta olim tomonidan foydalanilgani, qanchalik sitata qilinganligi, qaysi jurnalda chop etilgani bilan belgilanadi. Impact-factor, peyer-reviyew mexanizmi va akademik baholash tizimi aynan shu maqsadga xizmat qiladi.
Uning fikricha, olimlardan xalqaro jurnallarda maqola chop etish talab qilinar ekan, ular uchun zarur sharoit ham yaratilishi lozim. Aks holda, talab va imkoniyat o‘rtasidagi nomutanosiblik sifatsiz va ishonchsiz ilmiy ishlar sonining ortishiga olib kelishi mumkin.
Shu nuqtada tadqiqot markazlari masalasi yanada kengroq ma’noga ega bo‘ladi. Tadqiqot markazi butun ilmiy ekotizimning bir qismi hisoblanadi. Bu ekotizim quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
ta’lim sifati;
universitetning ilmiy muhit sifatida shakllanishi;
akademik mustaqillik;
ilmiy baholash mezonlari;
barqaror va shaffof moliyalashtirish mexanizmlari.
Shu bois, Toshkent davlat yuridik universiteti fakultetlarida tadqiqot markazlari faoliyatini tashkil etilishi ijobiy institutsional qadam bo‘lishi mumkin. Biroq uning haqiqiy samaradorligi markazlarning qanday model asosida ishlashi, qanchalik mustaqil bo‘lishi, universitet hayotiga qanchalik integratsiyalashishi va ilmiy sifat mezonlariga qanchalik tayanishiga bog‘liq bo‘ladi.
Xulosa qilib aytganda, tadqiqot markazlarini tashkil etish yoki ular faoliyatini yo‘lga qo‘yishning o‘zi ilmiy muhitni avtomatik tarzda rivojlantirib yubormaydi. Ular faqat muayyan shart-sharoitlar mavjud bo‘lgandagina samarali ishlaydigan institutga aylanishi mumkin. Bunday shartlarga, avvalo, ta’lim sifatining yuqori bo‘lishi, universitetning haqiqiy ma’noda ilmiy muhit sifatida shakllanishi, akademik mustaqillikning ta’minlanishi, ilmiy baholash mezonlarida sifat ustuvor bo‘lishi hamda barqaror va shaffof moliyalashtirish mexanizmlarining mavjudligi kiradi.
Shu ma’noda, OTMlarda tadqiqot markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish ijobiy va zarur qadam hisoblanadi. Biroq ularning haqiqiy samarasi faqat tashkiliy qarorlar bilan emas, butun ilmiy ekotizimning qanday ishlashi bilan belgilanadi. Agar ta’limdan tortib moliyalashtirishgacha bo‘lgan tizim uyg‘un va izchil rivojlansa, tadqiqot markazlari haqiqatan ham ilmiy muhitni shakllantiruvchi, sifatli tadqiqotlarni yaratadigan va jamiyat uchun ahamiyatli natijalar beruvchi institutlarga aylanishi mumkin.
Umid Sobirov,
Toshkent davlat yuridik universiteti tadqiqot markazi ilmiy xodimi





