Oltin narxi rekord darajaga yetganda O‘zbekiston nega eksportni to‘xtatdi?

11.03.2026 | 12:555 daqiqa

Jahon bozorida oltin narxi rekord darajada oshmoqda. Shu fonda O‘zbekiston to‘rt oydan beri oltin eksport qilmayapti.

Oltin narxi rekord darajaga yetganda O‘zbekiston nega eksportni to‘xtatdi?

O‘zbekiston ketma-ket to‘rt oy davomida oltin eksport qilmadi. Mamlakat so‘nggi marta 2025 yil sentabr oyida 1,47 mlrd dollarlik oltin sotgan, oktabr oyida esa juda kichik hajmda — 0,3 mln dollarlik eksport qayd etilgan. Shundan keyin esa tashqi bozorlarga oltin yetkazib berish vaqtincha to‘xtab qoldi.

Qizig‘i shundaki, eksport to‘xtagan davr aynan jahon bozorida oltin narxlari doimiy o‘sib borayotgan vaqtga to‘g‘ri kelmoqda.

Shunga qaramay, 2025 yil yakuniga ko‘ra O‘zbekiston qimmatbaho metall eksportida rekord ko‘rsatkichga erishdi. Yil davomida jami 9,9 mlrd dollardan ortiq oltin eksport qilindi. Natijada oltinning mamlakat umumiy eksportidagi ulushi 29,2 foizni tashkil etdi.

2026 yil yanvar oyida ham oltin eksporti amalga oshirilmadi. Qizig‘i shundaki, so‘nggi ikki yil davomida yilning birinchi oyida O‘zbekiston oltin sotmagan. Faqat 2023 yil yanvar oyida 1,2 mlrd dollarlik oltin eksport qilingan edi.

oltin ex 01

Manba: Vaqt.uz

Shu bilan birga, yanvar oyida mamlakatga 6,1 mln dollarlik monetar bo‘lmagan oltin import qilindi. Taqqoslash uchun, 2025 yilning shu davrida oltin importi 44,3 mln dollarni tashkil qilgan.

 

Oltin narxi rekord darajada oshmoqda

Oltin eksportining to‘xtab turishi jahon bozorida narxlar keskin oshib borayotgan davrga to‘g‘ri kelmoqda. Masalan, oylik o‘rtacha narx 2025 yil sentabr oyida 3 700 dollar atrofida bo‘lgan bo‘lsa, 2026 yil yanvar oyiga kelib 4 700 dollargacha ko‘tarilgan.

Umuman olganda, 2025 yilda oltin narxi sezilarli oshib, bir necha bor tarixiy rekordlarni yangiladi. Yil boshida qimmatbaho metallning global narxi bir troy unsiya uchun taxminan 2 650 dollar edi. Keyinchalik narx keskin ko‘tarilib, qariyb 4 500 dollargacha yetdi. 2026 yilga kelib esa oltin narxi 5 600 dollargacha chiqib, yangi rekord darajani qayd etdi.

Narxlarning oshishiga geosiyosiy vaziyat ham ta’sir ko‘rsatdi. Xususan, AQSH va Isroil tomonidan Eronga berilgan yirik zarbalar hamda Eron oliy rahnamosi oyatulloh Ali Xomanaiyning o‘ldirilishi ortidan global bozorlarda xavotir kuchayib, oltinga bo‘lgan talab oshdi.

Hozirda dunyo bozorida oltinning narxi 5 212 dollar atrofida shakllanmoqda

oltin ex 02

Manba: Investing.com

«Reuters» nashrining yozishicha, AQSH va Isroilning Eronga zarbalari jahon bozorlarida noaniqlikni kuchaytirgan va investorlar qimmatbaho metallarni himoya aktivlari sifatida yanada diqqat bilan kuzatmoqda.

Xususan, 29-yanvar kuni jahon bozorida yangi narx rekordi o‘rnatildi — troy unsiyasi 5 559 dollarga, bir grammi esa 178,73 dollarga yetdi. Bir kunda qimmatbaho metall narxi 9,3 foizga, yillik hisobda esa 80 foizdan ortiqqa qimmatlashdi.

Ma’lumot uchun, fevral oyi boshida «JP Morgan» banki 2026 yil oxirigacha oltin narxi bir unsiya uchun 6 300 dollargacha ko‘tarilishi mumkinligi haqidagi bashoratini oshirgan.

 

Eksport to‘xtashi kutilmalar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin — iqtisodchi

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning ta’kidlashicha, odatda oltin narxi oshgan oylarda eksport hajmi ham ortib boradi. Ya’ni qimmatbaho metall qimmatlashgan davrda uni tashqi bozorlarga chiqarish iqtisodiy jihatdan maqbul hisoblanadi.

oltin ex 03

Manba: Mirkonomika

Biroq narx pasaygan oylarda eksportni vaqtincha to‘xtatib turish odatiy hol hisoblanadi. Masalan, 2016 yildan keyingi davrda jami 58 oy davomida O‘zbekiston oltin eksport qilmagan. Bu umumiy oylarning qariyb 48 foiziga teng. Shundan 35 tasi aynan oltin narxi pasaygan davrlarga to‘g‘ri kelgan.

Bundan tashqari, ayrim oylar an’anaviy ravishda oltin eksporti amalga oshirilmaydigan davr hisoblanadi. Masalan, narx o‘sgan bo‘lsa ham eksport qilinmagan 23 oyning 26 foizi aynan yanvar oyiga to‘g‘ri keladi. Bu esa yil boshida eksport faolligi odatda past bo‘lishini ko‘rsatadi.

Mutaxassisning fikricha, 2025 yilning so‘nggi uch oyida eksportning to‘xtashi yil davomida belgilangan eksport rejasi oldindan bajarilgani bilan ham izohlanishi mumkin. Yanvar oyida esa odatdagi past eksport faolligi yoki global noaniqlik fonida oltin narxi yana oshishi mumkinligi haqidagi kutilmalar ham eksportni vaqtincha to‘xtatib turishga sabab bo‘lgan bo‘lishi ehtimol.

 

O‘zbekiston oltin zaxiralarini oshirmoqda

Eksport vaqtincha to‘xtagan bo‘lsa-da, mamlakat oltin zaxiralari o‘sishda davom etmoqda. 2026 yil 1-mart holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning xalqaro oltin-valuta zaxiralari 77,08 mlrd dollarga yetdi. Bu ketma-ket yettinchi oy yangilanayotgan tarixiy rekord hisoblanadi.

Fevral oyida mamlakat zaxiralari 2 mlrd dollarga yoki 2,7 foizga oshgan. Yil boshidan beri esa o‘sish 16,2 foizdan ortiqni tashkil qilmoqda. Bu ko‘rsatkich 2013 yildan beri e’lon qilinayotgan statistikadagi eng yuqori daraja hisoblanadi.

Jahon bozorida narxlar oshishi fonida oltin zaxiralari qiymati ham 2,7 mlrd dollarga yoki 4,1 foizga oshib, 67,7 mlrd dollarga yetdi. Hozirda oltin mamlakat umumiy zaxiralarining qariyb 87,8 foizini tashkil etmoqda.

Oltinning fizik hajmi ham oshib bormoqda. Zaxiralar 12,8 mln troy unsiyadan (398,1 tonna) 13,1 mln troy unsiyagacha (407,5 tonna) ko‘paydi. Faqat o‘tgan oy davomida regulyator zaxiralarni taxminan 0,3 mln troy unsiyaga yoki 9,4 tonnaga oshirdi.

Shu bilan birga, mamlakatning valuta zaxiralari qisqarishda davom etmoqda. Fevral oyida ular 685,9 mln dollarga yoki 7,2 foizga kamayib, 8,84 mlrd dollarni tashkil qildi. Bunda 1,2 mlrd dollar xorijiy markaziy banklar va XVJda, 6,09 mlrd dollar esa xorijiy banklarda joylashtirilgan.

Markaziy bank sotib olgan xorijiy qimmatli qog‘ozlar qiymati esa biroz oshib, 1,54 mlrd dollarga yetdi. Ammo oltin narxining keskin oshishi tufayli ularning umumiy rasmiy zaxiralardagi ulushi 2 foizdan past darajada qolmoqda.

 

O‘zbekiston dunyodagi eng yirik oltin xaridorlaridan biri

Yana bir e’tiborli jihat — O‘zbekiston oltin eksport qilmayotgan bo‘lsa ham, uni faol sotib olmoqda. 2026 yil yanvar oyida mamlakat dunyoda oltinni eng ko‘p sotib olgan davlatga aylandi.

Hisobotlarga ko‘ra, markaziy banklar tomonidan oltin xarid qilish sur’ati avvalgi 12 oylik o‘rtacha 27 tonna ko‘rsatkichga nisbatan biroz sekinlashgan. Yanvar oyida global miqyosda sof oltin xaridlari jami 5 tonnani tashkil etgan.

Eng yirik xaridor esa O‘zbekiston Markaziy banki bo‘ldi. Mamlakat oktabrdan beri davom etayotgan xaridlar seriyasini saqlab qolib, yanvar oyida yana 9 tonna oltin sotib oldi. Natijada mamlakat oltin zaxiralari qariyb 399 tonnaga yetdi va umumiy zaxiralarning taxminan 86 foizini tashkil etdi.

oltin ex 04

Umuman olganda, yanvar oyida Markaziy va Sharqiy Osiyo markaziy banklari oltin xaridlarida yetakchilik qildi. Markaziy Osiyoda esa har ikki yo‘nalishda ham faollik kuzatildi: O‘zbekiston 9 tonna oltin xarid qilgan bo‘lsa, Qozog‘iston va Qirg‘iziston o‘z zaxiralarini taxminan 1 tonnaga kamaytirdi.

Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 115

Barchasi

Mavzuga oid