
O‘qituvchilarning attestatsiya ishi sudda ko‘rib chiqildi
Toshkentda o‘qituvchilar attestatsiya imtihonlaridagi kamchiliklar uchun Maktbacha va maktab ta’limi vazirligi ustidan sudga da’vo arizasi kiritgan edi. 26 avgust kuni ushbu shikoyatni ko‘rib chiqish bo‘yicha ikkinchi sud majlisi bo‘lib o‘tdi.
Bir guruh o‘qituvchilar Makttabgacha va maktab ta’limi vazirligini sudga bergan edi. 26 avgust kuni Shayxontohur tumanlararo sudida besh nafar ona tili va adabiyot o‘qituvchilari tomonidan Maktbacha va maktab ta’limi vazirligi ustidan berilgan da’vo ishi ko‘rib chiqildi.
Ular attestatsiya imtihonlari qayta o‘tkazilishi, yetkazilgan ma’naviy zarar hamda vakil xarajatlari qoplanishini talab qilmoqda. Sudya Guli Shukurlayeva rahbarligida o‘tgan majlisda vazirlik vakillari, advokatlar, ekspertlar hamda OAV xodimlari qatnashdi. Bu haqda Xalqtaliminfo.uz nashri xabar berdi.
O‘qituvchilar imtihon jarayonida texnik nosozliklar, adolatsiz savollar va testologiya qoidalariga rioya etilmagani haqida e’tiroz bildirishdi. Ularga ko‘ra, ba’zi savollar bir nechta qismdan iborat bo‘lib, ajratilgan vaqtga mutanosib emas, ayrim hollarda esa umuman to‘g‘ri javob yo‘q savollar ham uchragan. Shuningdek, test savollari «X varianti» orqali oldindan tarqatilgani haqida shubhalar bildirildi.
Advokat Muhammadamin Karimjonov imtihon jarayonidagi texnik muammolarni aniqlash uchun vazirlikdan «log fayl»larni talab qildi. Uning ta’kidlashicha, bu hujjatlar kompyuterlardagi uzilishlar va javoblarning o‘zgarishini isbotlovchi asosiy dalil bo‘lishi mumkin. Shuningdek, o‘qituvchilar apellyatsiya komissiyasi ularning shikoyatlarini asosli ko‘rib chiqmaganini bildirdi.
Vazirlik vakillari esa test savollari mualliflarini oshkor etish mumkin emasligini, savollar aprobatsiyadan o‘tkazilganini va belgilangan talablarga javob berishini aytishdi. Ular «X varianti» tarqalgani haqidagi ma’lumotni rad etishdi hamda pedagoglar apellyatsiyada shaxsan ishtirok etishni so‘ramaganini qayd qilishdi.
Sud barcha materiallarni mustaqil ekspertlar yordamida o‘rganish zarurligini bildirib, vazirlikka hujjatlar va «log fayl»larni taqdim etish majburiyatini yukladi. Keyingi majlis 2025 yil 4 sentyabrga belgilandi.





