
O‘tin, g‘o‘zapoya va ko‘mir inflatsiyaga kirdi: statistikada nimalar o‘zgardi?
2026 yildan inflatsiya hisoblash ko‘rsatkichlari o‘zgardi, biroq statistikada hali ham kam qamrovli yoki keng tarqalgan bo‘lsa-da hisobga olinmaydigan xizmatlar saqlanib qolmoqda.

Aholi orasida eng ko‘p savol tug‘diradigan statistik ko‘rsatkichlardan biri — inflatsiya. Ko‘pchilik «Narxlar oshib ketyapti, lekin nega inflatsiya past ko‘rsatilayapti?» yoki «Bozordagi qimmatlashuv nega statistikada aks etmayapti?» degan savollarni tez-tez ko‘taradi.
Bundan tashqari, kundalik hayotda deyarli ishlatilmaydigan yoki juda kam qo‘llaniladigan ayrim tovar va xizmatlarning inflatsiya hisob-kitobiga kiritilishi iqtisodchilar tomonidan ham tanqid qilib kelingan.
Shu sababli, 2026 yildan boshlab Statistika qo‘mitasi inflatsiyani hisoblash tizimiga qator yangilanishlar kiritdi.
Tovar va xizmatlar ro‘yxati kengaytirildi
Endi inflatsiya 510 ta emas, 517 ta tovar va xizmat asosida hisoblanadi. Ilgari keskin qimmatlashgan, hatto ayrim hollarda 80 barobargacha oshgan xizmatlar inflatsiya hisobida aks etmagan. Yangi tartibga ko‘ra, bunday xizmatlar ham statistika doirasiga kiritilmoqda.
Xususan, nodavlat maktablarda ta’lim olish, striming xizmatlari, avtomobil ijarasi, aloqa va axborot sohasidagi xizmatlar (messenjerlar va sun’iy intellekt xizmatlari uchun pullik obunalar), elektr samokatlar ijarasi, elektromobillar uchun elektr energiyasi, ishlatilgan avtomobillarni sotib olish, akvapark xizmatlari, asosiy davlat xizmatlari uchun to‘lovlar hamda yog‘och yoqilg‘isi — o‘tin va g‘o‘zapoya inflatsiya savatiga qo‘shildi.
Shu o‘rinda iqtisodchi Otabek Bakirov inflatsiya hisob-kitobiga o‘tin, g‘o‘zapoya va ko‘mir kiritilganini ijobiy baholadi. Uning ta’kidlashicha, mamlakatda gazlashtirilmagan hududlar hali ham ko‘p va bu masala yillar davomida ko‘tarib kelingan.
«Gaz yo‘q joylarda odamlar nima yoqadi? O‘tin yoqadi, g‘o‘zapoya yoqadi, ko‘mir yoqadi. Lekin shu paytgacha o‘tin, g‘o‘zapoya va ko‘mirning narxi inflatsiya hisobida umuman inobatga olinmagan. Holbuki, hozir ko‘mir narxi 2300 so‘mgacha chiqib ketgani, bir bog‘ g‘o‘zapoya esa 300–500 so‘m bo‘layotgani haqida gapiryapmiz. Gazlashmagan hududlarda ayrim uy xo‘jaliklarida xarajatlarning 50 foizdan ko‘prog‘i aynan uyni isitishga ketadi», — deydi iqtisodchi.
Uning fikricha, uylarning bir yoki ikki xonasini «pechka» orqali isitish bilan bog‘liq xarajatlar statistikada aks etmagan ekan, inflatsiya ko‘rsatkichlari doim savol ostida qolaveradi. Shu bois 2026 yil yanvaridan boshlab g‘o‘zapoya, o‘tin va bozordagi ko‘mir narxlarining inflatsiya hisob-kitobiga kiritilishi real vaziyatni to‘g‘riroq aks ettiradi.
Ayrim pozitsiyalar alohida hisoblanadi
Narx o‘zgarishlarini aniqroq aks ettirish maqsadida benzin (AI-92, AI-95, AI-98 va AI-100 markalari bo‘yicha) hamda toshko‘mir (tartibga solinadigan va bozor narxlari bo‘yicha) alohida ajratib ko‘rsatildi.
Shuningdek, haydovchilarni tayyorlash bilan bog‘liq xizmatlar ro‘yxati ham kengaytirilib, avtomobil boshqarish darslari, haydovchilik bo‘yicha imtihon topshirish va haydovchilik guvohnomasini olish xizmatlari inflatsiya hisobida alohida pozitsiya sifatida kiritildi.
Eski va kam qo‘llaniladigan xizmatlar masalasi
Inflatsiya savatida ayrim eskirgan yoki kam qo‘llaniladigan xizmatlar hali ham saqlanib qolgan. Masalan, trolleybus qatnovi faqat Xiva va Urganch hududlarida mavjud bo‘lsa-da, u inflatsiya hisobida inobatga olinadi. Biroq millionlab avtomobil oldi-sotdisi jarayonida odamlar to‘laydigan qimmat xizmatlar ilgari hisobga olinmagan. Bu holat ham qayta ko‘rib chiqilishi zarur.
«Avval iqtisod…» dasturida ham Otabek Bakirov statistikadagi o‘zgarishlarni ijobiy baholab, inflatsiya ko‘rsatkichlari har yili qayta ko‘rib chiqilishi kerakligini ta’kidladi:
«O‘zgarishlar boshlanganidan xursandman. Inflatsiya hisob-kitoblari yil davomida emas, balki har yili qayta ko‘rib chiqilishi kerak. Chunki vaqt o‘tishi bilan ayrim xizmatlarning ahamiyati va ulushi kamayadi, boshqalariniki esa ortadi. Shuning uchun bunday yangilanishlar maqbul», — deydi u.
Narxlarni kuzatish davri uzaytirildi
Avval inflatsiya hisobida narxlar faqat oyning 10–20 sanalarida kuzatilar va natijalar 31 kuni e’lon qilinar edi. Bu esa oyning 1–10 kunlari hamda 20 sanadan keyingi narx o‘zgarishlarining statistikadan chetda qolishiga olib kelardi.
Masalan, go‘sht narxi ko‘pincha oyning 20 sanasidan keyin oshib ketadi. Yoki oxirgi kunlarda guruch narxining oshishini olaylik — eski metodologiyada bu o‘zgarishlar statistikada aks etmas edi. Propan narxining oy boshida keskin oshishi ham xuddi shunday «ko‘zdan qochib ketgan».
Yangi tartibga ko‘ra, narxlar oyning 1 sanasidan 25 sanasigacha kuzatiladi. Shu bois inflatsiya ko‘rsatkichlari endi oy oxirida emas, keyingi oyning 5 sanasida e’lon qilinadi. Bu statistika ma’lumotlarining qamrovini kengaytiradi, shaffoflikni va ishonchni oshiradi hamda inflatsiyani real hayotga yaqinlashtiradi.
Otabek Bakirov fikricha, kelgusida inflatsiyani baholash tizimi yanada takomillashtirilishi lozim:
«Ideal holatda inflatsiyani haftalik kuzatuv va haftalik baholash tizimiga o‘tish kerak. Chunki odamlar ham narx o‘zgarishini haftasiga bir marta his qiladi. Bejiz «bozorlik» degan tushuncha yo‘q — ko‘pchilik uy xo‘jaliklari haftasiga bir marta bozorga chiqadi», — deydi u.
Ma’lumotlar manbalari kengaytirilgan
Yangi metodologiyaga ko‘ra, inflatsiyani hisoblashda endi narxlar faqat bozor va do‘konlardan emas, balki bir nechta manbalar orqali kuzatiladi.
Xususan, narxlar:
do‘kon va savdo shoxobchalarida joyiga borib, maxsus elektron qurilmalar orqali qayd etiladi;
soliq organlari orqali onlayn-kassalardan tushayotgan chek ma’lumotlari asosida tahlil qilinadi;
xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar va savdo tarmoqlaridan maxsus elektron tizim orqali olinadi;
turli internet saytlari va onlayn savdo platformalaridan avtomatik tarzda yig‘iladi;
ayrim hollarda esa telefon orqali o‘tkazilgan so‘rovlar bilan to‘ldiriladi.
Xulosa qilganda, 2026 yildan boshlab inflatsiya hisoblash tizimiga kiritilgan o‘zgarishlar aholida uzoq yillardan buyon tug‘ilgan savol va shubhalarga javob bo‘la boshladi. Shu bilan birga, ko‘rsatkichlarda hali ham ba’zi kam qamrovli yohud keng tarqalgan bo‘lsa-da inobatga olinmaydigan xizmatlar mavjud. Shu sababli inflatsiya savati har yili qayta ko‘rib chiqilishi lozim. Faqat shunda aholiga aniq, shaffof va ishonchli ma’lumot yetkazish mumkin.
Teglar






