Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putin bilan gaplashdi

O‘zbekiston va Rossiya rahbarlari bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqdi.

Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putin bilan gaplashdi © Kreml

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 22-may kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali suhbatlashdi. Bu haqda ikki davlat rahbarlarining matbuot xizmatlari xabar berdi.

«Vladimir Putin va Shavkat Mirziyoyev o‘rtasidagi telefon suhbati davomida ikki tomonlama munosabatlarning turli sohalarda muvaffaqiyatli rivojlanib borayotgani, shuningdek yaqin kelajakdagi aloqalar rejalari muhokama qilindi» – deyiladi Kreml xabarida.

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston – Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilingan.

Tovar ayriboshlash 23 foizga oshdi

«Turli darajalardagi samarali aloqalar mamnuniyat bilan qayd etildi. Parlamentlararo, ishbilarmonlik va madaniy-gumanitar almashinuvlar faol rivojlanmoqda», – deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, tovar ayirboshlash hajmi barqaror o‘sib bormoqda, yil boshidan buyon 23 foizga oshdi. Sanoat, energetika, transport va boshqa muhim sohalarda, shu jumladan, mintaqalar darajasida yirik kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston va Rossiya rahbarlari bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqqan.

Teglar

Mavzuga oid