Rossiyadagi o‘zbekistonlik mahbuslar jazoni vatanda o‘tashni so‘radi

Bugun 10:252 daqiqa

Bosh konsulxona xodimlari Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida mahkumlarni jazoni o‘tash uchun o‘zaro topshirish bo‘yicha ikki tomonlama shartnoma mavjud emasligini ma’lum qildi.

Rossiyadagi o‘zbekistonlik mahbuslar jazoni vatanda o‘tashni so‘radi © nova24.uz

Rossiyaning Saxalin oblastida jazo muddatini o‘tayotgan bir guruh o‘zbekistonlik mahbuslar jazoning qolgan qismini O‘zbekistonda o‘tash istagini bildirdi. Bu masala O‘zbekistonning Vladivostok shahridagi Bosh konsulxonasi diplomatlarining xizmat safari davomida muhokama qilindi.

Tashrif doirasida diplomatlar Saxalin oblastida joylashgan 1-sonli jazoni ijro etish muassasasiga borib, u yerda saqlanayotgan 11 nafar O‘zbekiston fuqarosi bilan uchrashdi. Suhbatlar davomida mahbuslarning yashash sharoitlari, ularga yaratilgan imkoniyatlar hamda umumiy holati o‘rganildi.

Harbiy takliflar masalasi

Uchrashuv vaqtida mahbuslarga nisbatan majburiy mehnat, bosim yoki qiynoq holatlari bor-yo‘qligi haqida ham savollar berilgan. Shu bilan birga, ularning Rossiya Mudofaa vazirligi orqali Ukrainadagi harbiy harakatlarga jalb etilayotgani yoki yo‘qligi haqida ham aniqlik kiritilgan.

Mahbuslar bunday holatlar kuzatilmaganini bildirgan. Biroq ularning aytishicha, Rossiya Mudofaa vazirligi vakillari muassasaga vaqti-vaqti bilan tashrif buyurib, mahbuslarga harbiy harakatlarda qatnashish evaziga sudlanganlikni bekor qilish hamda yuqori miqdorda oylik maosh olish haqida ma’lumot beradi.

Qonunchilik cheklovlari bor

Shu munosabat bilan diplomatlar O‘zbekiston fuqarolarini xorij davlatlari harbiy tuzilmalari yoki qurolli to‘qnashuvlarida ishtirok etish qonunchilikka zid ekani haqida ogohlantirdi. Ularga O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasi — «Yollanish» moddasi bo‘yicha jinoiy javobgarlik mavjudligi tushuntirildi.

Uchrashuv yakunida mahbuslar yaqinlarini sog‘inishini bildirib, jazoning qolgan qismini O‘zbekistonda o‘tash bo‘yicha amaliy yordam so‘radi. Biroq Bosh konsulxona hozircha Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida mahkumlarni o‘zaro topshirish bo‘yicha ikki tomonlama kelishuv mavjud emasligini ma’lum qildi.

Avvalroq VAQT.UZ Rossiyada qamalgan urushga olib ketilayotgan o‘zbek yoshlarini vatanga qaytarish masalasiga bag‘ishlangan suhbat tayyorlagan edi.

Teglar

Mavzuga oid

Rossiyadagi o‘zbekistonlik mahbuslar jazoni vatanda o‘tashni so‘radi | Vaqt.uz