O‘zbekiston moliya bozorida yangi bosqich, jarima ballari bo‘yicha yangi «rekordchilar», sel avtomobillarni oqizib ketdi

Kecha 18:407 daqiqa

O‘tayotgan hafta ichida O‘zbekistonda sodir bo‘lgan eng ahamiyatli va muhokamalarni keltirib chiqargan voqea-hodisalarni Vaqt.uz’da yana bir bor esga olamiz.

IPO da o‘zbekistonliklar o‘rtacha 31,5 mln so‘mdan aksiya sotib oldi

Yakunlanayotgan haftada O‘zbekiston moliya bozorida tarixiy voqea sifatida baholanayotgan yirik xalqaro IPO amalga oshirildi. O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi aksiyalari London fond birjasida joylashtirilib, mamlakatning kapital bozorida yangi bosqich boshlangani qayd etildi.

Marosimida Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ham ishtirok etdi. Ushbu tarixiy jarayon mamlakat moliya bozorida yangi bosqich sifatida baholanmoqda.

Toshkentdagi IPO jarayonida esa jami 214,6 mlrd so‘mlik aksiyalar sotilgan bo‘lib, unda mahalliy investorlar faol ishtirok etgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘zbekistonliklar o‘rtacha 31,5 mln so‘mdan aksiya xarid qilgan.

Jarima ballari bo‘yicha yangi «rekordchilar»

Bu hafta ko‘plab haydovchilarni sergaklikka tortgan va ayrimlarini tashvishga solayotgan jarima ballari tizimida 12 ballik cheklovdan oshgan yangi «rekordchilar»  soni ochiqlandi.

Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ma’lumotiga ko‘ra, hozirgacha jarima ballari 12 baldan oshgan haydovchilar soni 107 nafarga yetgan.

Amaldagi tartibga ko‘ra, endi ushbu haydovchilar sud tartibida haydovchilik huquqidan mahrum etiladi. Huquqni qayta tiklash uchun esa ular maxsus o‘quv kurslarini qayta o‘qib, 50 savollik nazariy imtihondan kamida 46 ta to‘g‘ri javob bilan o‘tishi talab qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, jarima ballari tizimi 2025-yil iyundan joriy qilingan bo‘lib, 2026-yil aprelidan avtomatik kameralarda qayd etilgan qoidabuzarliklar uchun ham ball qo‘shish boshlangan.

«Bitta daraxt kesilishini tragediya qilish kerak emas» – poytaxt hokimi

Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqov «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida daraxtlar kesilishi masalasiga munosabat bildirib, buni har doim ham «tragediya» sifatida baholash to‘g‘ri emasligini aytdi. Uning ta’kidlashicha, zararlangan yoki jamoat loyihalari uchun zarur holatlarda daraxtlarni kesish xalq manfaati bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Hokim fikricha, bunday qarorlarda asosiy mezon – jamoat manfaati bo‘lib, har bir holat alohida baholanishi kerak. Shu bilan birga, u ekologik muhitni yaxshilash va ko‘kalamzorlashtirish ishlari davom etishini ham qayd etdi.

Hokimning mazkur fikriga javoban Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi maslahatchisi Rasul Kusherboyev ijtimoiy tarmoqda munosabat bildirib, Shavkat Umurzoqovning shahar hokimi sifatida faoliyatini keskin tanqid qildi. Uning qayd etishicha, poytaxtdagi ayrim qarorlar va amalga oshirilayotgan ishlar jiddiy norozilik uyg‘otmoqda.

100 o‘zbekistonlik Hajga bepul yuborildi

21-may kuni prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 100 nafar o‘zbekistonlik Haj ziyoratiga bepul yuborildi. Ziyoratchilarni aeroportda prezident maslahatchisi Sardor Umurzoqov kuzatib qo‘ydi.

Ziyoratga yo‘l olgan bu guruh uchun barcha xarajatlar va zarur anjomlar davlat tomonidan qoplangan. Ular orasida mahalla raislari, mehnat faxriylari, shifokorlar, olimlar va oddiy ishchilar ham o‘rin olgan.

Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali muloqot qildi. Suhbat davomida davlat rahbari Makkada bo‘lib turgan barcha o‘zbekistonlik hojilarni Qurbon hayiti bilan tabriklab, ularning duolari qabul bo‘lishini tiladi.

Navoiy va Toshkent viloyatlarida kuchli sel 

Yakunlanayotgan hafta Navoiy va Toshkent viloyatlarida kuchli yog‘ingarchiliklar ortidan sel keldi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda  hatto avtomobillar ham suvda oqib ketganini ko‘rish mumkin.

Xususan, Navoiy viloyatining Xatirchi, Karmana va Nurota tumanlarining tog‘li hamda tog‘ oldi hududlarida kuchli sel oqimlari yuzaga kelgan. Xatirchi tumanidagi vaziyat ayrim mahalliy kuzatuvchilar tomonidan 1998-yildagi og‘ir sel hodisalariga qiyoslanmoqda. Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, sel oqimi yo‘l infratuzilmasini zararlab, bir necha avtomobillar va xonadonlarga shikast yetkazgan.

Aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida Angidon, Langar, Kattasoy va Maydonsoy hududlarida soy yaqinida yashovchi fuqarolar vaqtinchalik xavfsiz joylarga ko‘chirildi. Navoiy viloyatida oqibatlarni bartaraf etish ishlariga maxsus texnika va qutqaruvchilar jalb etilgan, hozircha jiddiy jarohatlanganlar qayd etilmagan.

Shuningdek, Toshkent viloyatining ayrim hududlarida ham kuchli yomg‘irlar ortidan suv bosish holatlari kuzatilgan. Meteorologlarga ko‘ra, noqulay ob-havo saqlanib qolishi, ayrim joylarda chaqmoqli yomg‘irlar davom etishi mumkin.

Davlat xaridlarida 23 mlrd so‘mlik qonunbuzilish aniqlandi

Yakunlanayotgan haftada bir qator vazirlik va agentliklarning jami 23 milliard so‘mlik davlat xaridlarida «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun talablari buzilgani ma’lum bo‘ldi.

Raqobat qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, Yoshlar ishlari agentligi tomonidan o‘tkazilgan qiymati 9,1 mlrd so‘mlik 6 ta, Innovatsion rivojlanish agentligining qariyb 8 mlrd so‘mlik 6 ta hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 6,7 mlrd so‘mlik 10 ta tanlov savdosida «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun talablariga rioya qilinmagan.

Umumiy hisobda qariyb 23 mlrd so‘mlik davlat xaridlarida raqobatni cheklash ehtimoli qayd etilgan. Qo‘mita maxsus komissiyasi tomonidan qonunbuzilish holatlari yuzasidan ish qo‘zg‘atilib, mas’ullarga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rish uchun materiallar sud organlariga yuborilgan.

Shuningdek, O‘zbekistonda raqobatga qarshi kelishuvlar va reklama qonunchiligi buzilishi haqida ma’lumot bergan fuqarolarni moddiy rag‘batlantirish taklif etilmoqda. Bu bo‘yicha nizom loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Ilk bor uchar taksi parvozi amalga oshirildi

Qozog‘istonning Olmaota viloyatida ilk bor uchar taksi sinovdan o‘tkazildi. Ushbu sinov butun Markaziy Osiyo hududidagi birinchi tajriba hisoblanadi.

Elektr energiyasida ishlovchi aerotaksi soatiga 200 kilometr tezlikka chiqadi va bir quvvatda 200 kilometrgacha ucha oladi. U bir uchuvchi va besh yo‘lovchiga mo‘ljallangan. Qurilma shovqinsiz ishlaydi va zararli gaz chiqarmaydi.

Viloyat hokimi Marat Sultong‘aziyevning aytishicha, loyihani amalga oshirish uchun 250 million dollar sarmoya jalb qilingan. Loyiha tirbandlikni kamaytirish va sayohat vaqtini qisqartirishga xizmat qiladi. Havo taksilari uchun maxsus vertiportlar qurilmoqda. Birinchi vertiport «Alatau City»da barpo etilmoqda. Xizmatni 2029-yilda ishga tushirish rejalashtirilgan.

Aerotaksi orqali parvoz qilish bir kilometr uchun taxminan bir dollarga tushishi mumkin. Biroq yo‘lovchilar ishtirokidagi parvozlar hozircha boshlanmaydi.

O‘zbekistonga ham uchar taksilar 2028–2030-yillarda olib kelinishi kutilmoqda. «Air Tashkent» va AQSHning «Samson Sky» kompaniyasi «Switchblade» rusumidagi uchar taksilarni olib kelishni rejalashtirgan. Bu transport vositalari 800 kilometrgacha ucha oladi.

Davlat gerbidagi paxta va g‘alla tasviri tanqid qilindi

Bu haftada davlat ramzlari atrofidagi muhokamalar jamoatchilik diqqat markaziga chiqdi. O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi, senator Qudratilla Rafiqov davlat gerbidagi paxta va g‘alla tasvirlarini qayta ko‘rib chiqish zarurligi haqida fikr bildirdi.

U o‘z maqolasida mazkur ramzlar mustaqillikdan keyin ham sovet davri mafkuraviy izlarini saqlab qolganini ta’kidlab, ularni zamonaviy davlat identligi nuqtai nazaridan qayta baholash kerakligini bildirgan. Muallif fikricha, paxta va g‘alla ramzlari jamiyatning haqiqiy ma’naviy-siyosiy o‘zligini to‘liq aks ettirmaydi.

Shu bilan birga, maqolada davlat ramzlari va mafkuraviy meros haqidagi qarashlar tarixiy kontekstda tahlil qilinib, turli davrlardagi siyosiy va ijtimoiy yondashuvlar ham eslatib o‘tilgan.

Shuningdek, bu hafta paxta va g‘alla yetishtirishga mo‘ljallangan yerlardan foydalanish tartibi o‘zgarishi ma’lum bo‘ldi. Unga ko‘ra, qishloq xo‘jaligida paxta va g‘alla maydonlarining 50 foizi 2027-yil hosilidan boshlab chorva ozuqasi ekinlari uchun ajratilishi belgilandi. Qaror doirasida chorvachilikni rivojlantirish, nasldor qoramollar ulushini oshirish hamda aholi xonadonlaridagi buzoqlar uchun subsidiyalar joriy etish ko‘zda tutilgan.

«Paxtakor» futbol klubi 2025 yilda 50 mlrd so‘m zarar ko‘rdi

O‘zbekistonning eng yirik futbol klublaridan biri — Toshkentning «Paxtakor» jamoasi 2025 yilni sezilarli moliyaviy zarar bilan yakunladi. Rasmiy hisobotlarga ko‘ra, klubning yillik zarari 50,8 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yil davomida klub 15,3 mlrd so‘m daromad olgan, asosiy faoliyatdan tushgan qo‘shimcha daromadlar bilan birga umumiy tushum 63,6 mlrd so‘m atrofida bo‘lgan. Biroq xarajatlar 128,9 mlrd so‘mga yetib, katta moliyaviy tafovutni yuzaga keltirgan.

Shuningdek, «Paxtakor» futbol klubining 17,1 mlrd so‘mdan ortiq soliq qarzi mavjudligi qayd etilgan.

 Bank sohasidagi yangiliklar

2026-yil 1-iyuldan boshlab Sandro Rtveladze «Ipoteka bank» OTP Group Boshqaruv raisi sifatida faoliyatini yakunlaydi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sobiq vaziri Aziz Voitov esa bank tizimiga qaytdi. U ayni paytda «Hayot Bank» aksiyadorlik jamiyatida maslahatchi lavozimida faoliyat yuritmoqda.

Shuningdek, bu hafta «Infinbank» bilan bog‘liq shaxslar tomonidan yangi aviatsiya loyihasi yo‘lga qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi. 7-may kuni «Safo Airlines» MCHJ davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniyaning asosiy ulushi «Infinbank»ning asosiy aksiyadori Farhod Mamajonovga tegishli. Yangi aviakompaniya ustav kapitali 2,5 mlrd so‘mni tashkil qiladi.

Teglar

Nozima Qarshiboyeva

Nozima QarshiboyevaMaqolalar soni: 47

Barchasi

Mavzuga oid