O‘zbekistonda aholi eng ko‘p kommunal xizmatlar narxi oshishidan xavotirda
Aprel oyida aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari pasayishda davom etgan bo‘lsa-da, kommunal xizmatlar hamda yoqilg‘i-energiya narxlarining qimmatlashishiga oid xavotirlar saqlanib qolmoqda.
© rv-news.ru2026 yil aprel oyida aholining yillik inflyatsion kutilmalari 10,6 foizni tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 0,4 foiz bandga pasaydi. Tadbirkorlik subyektlarining kutilmalari esa aholinikidan ko‘proq, 0,7 foiz bandga kamayib, 10,3 foiz darajasida shakllandi. Bu haqda Markaziy bankning aholi va tadbirkorlar orasida o‘tkazgan an’anaviy so‘rovnomasi natijalarida keltirib o‘tilgan.
So‘nggi oylarda inflyatsion kutilmalarning pasayish sur’atlari sezilarli darajada tezlashgani qayd etilmoqda.
Asosiy omillar saqlanmoqda
Markaziy bank sharhiga ko‘ra, aholi fikricha, narxlar o‘sishiga ta’sir qiluvchi asosiy omillar orasida kommunal xizmatlar hamda yoqilg‘i-energiya resurslari narxlarining oshishiga oid xavotirlar yetakchilik qilmoqda. Bu omillarni qayd etgan respondentlar ulushi o‘tgan oylarga nisbatan sezilarli darajada oshgan. Shuningdek, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxining ko‘tarilishi, transport xarajatlari hamda ish haqi va nafaqalar oshirilishi bilan bog‘liq xavotir bildirganlar soni ham ko‘paygan.

Manba: Markaziy bank
Tadbirkorlar orasida ham ushbu omillar inflyatsion kutilmalarga asosiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillar sifatida saqlanib qolmoqda, bunda transport xarajatlarining oshishi ham qo‘shimcha ta’sir qiluvchi faktor sifatida qayd etilgan. Shuningdek, xomashyo narxlarining qimmatlashishi, valuta kursidagi o‘zgarishlar va soliq yukining yuqoriligiga oid xavotir bildirgan tadbirkorlar ulushi ham oshgan.

Manba: Markaziy bank
Sohalar va hududlar kesimida farqlar
Aholi guruhlari orasida eng yuqori inflyatsion kutilmalar pensionerlar tomonidan bildirilgan bo‘lsa, eng past ko‘rsatkich talabalar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Manba: Markaziy bank
Tadbirkorlar kesimida esa eng yuqori kutilmalar madaniyat, hunarmandchilik hamda sog‘liqni saqlash sohalarida qayd etilgan. Kafe-restoran xizmati va tashish xizmatlarida eng past darajalar kuzatilgan.

Manba: Markaziy bank
Hududiy jihatdan qaralganda, inflyatsion kutilmalarning eng yuqori ko‘rsatkichlari aholi orasida Toshkent viloyatida, tadbirkorlar orasida esa Toshkent shahrida qayd etilgan. Eng past ko‘rsatkichlar aholi orasida ham tadbirkorlar orasida ham Qoraqalpog‘iston Respublikasida kuzatilgan.

Manba: Markaziy bank





