Xitoy Qirg‘iziston yengil avtomobillar bozorining yarmidan ko‘prog‘ini egallamoqda

Bugun 14:502 daqiqa

Qirg‘izistonga avtomobil importi va Rossiyaga reeksport hajmi keskin o‘sdi. Asosiy savdo sherigi sifatida Xitoyning ulushi yanada ortmoqda.

Xitoy Qirg‘iziston yengil avtomobillar bozorining yarmidan ko‘prog‘ini egallamoqda © Ijtimoiy tarmoqlar

2026-yil yanvar–mart oylarida Qirg‘izistonga yengil avtomobillar importi 38 ming 639 tani tashkil etdi. Bu 2025-yilning shu davriga nisbatan 38,3 foizga ko‘p. Xaridlar qiymati esa 26 milliard 620 million 188,6 ming somni (qariyb 304,4 million dollar) tashkil qildi. Bu haqda Qirg‘iziston Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi. Qirg‘izistonning asosiy savdo hamkori Xitoy bo‘lib, import hajmining asosiy o‘sishini aynan shu mamlakat ta’minlagan.

Qirg‘izistonga yengil avtomobil yetkazib beruvchi TOP-5 davlat:

— Xitoy: 18 ming 16 ta avtomobil, 157,6 million dollar (2025-yilga nisbatan 2,9 baravar o‘sish).
— Janubiy Koreya: 13 ming 647 ta, 74,6 million dollar (7,9 foiz kamayish).
— AQSH: 2 ming 115 ta, 19 million dollar (39,1 foiz o‘sish).
— Yaponiya: 1 ming 146 ta, 11,7 million dollar (ikki baravar o‘sish).
— Kanada: 855 ta, 5,9 million dollar (2,6 baravar o‘sish).

Avval yirik xab hisoblangan Gruziyadan yetkazib berish hajmi esa 13,3 baravar qisqarib, 142 ta avtomobilga tushib qolgan.

Avtomobil reeksporti: Rossiya yo‘nalishi qariyb to‘rt baravar o‘sdi

2026-yilning dastlabki uch oyida Qirg‘izistondan yengil avtomobillar eksporti 847 tani tashkil etdi. Ularning umumiy qiymati 1 milliard 441 million 557,4 ming som (16 million 484,5 ming dollar) bo‘lgan. Bu 2025-yilning birinchi choragiga nisbatan to‘rt baravar ko‘pdir. Asosiy iste’molchi bozor Rossiya bo‘lib, eksport qilingan avtomobillarning mutlaq ko‘pchiligi shu mamlakatga yuborilgan.

Yuk va maxsus texnika

2026-yil birinchi choragida yuk avtomobillari importi 6 ming 159 tani tashkil etib, umumiy qiymati 78,3 million dollar bo‘lgan. Bu 14,5 foizlik o‘sishni anglatadi.

Bu segmentda Janubiy Koreya (3 ming 263 ta, 15,1 million dollar) va Xitoy (1 ming 693 ta, 54,4 million dollar) yetakchilik qilmoqda. Xitoy texnikasi yuqori yuk ko‘tarish quvvati sabab koreys texnikasiga nisbatan qimmatroq hisoblanadi.

Maxsus texnika segmentida 727 ta texnika 15 million dollarga import qilingan. Shundan 447 tasi Xitoydan, 159 tasi esa Janubiy Koreyadan keltirilgan.

Avtokomponentlar va kuzovlar bozori

Qirg‘iziston 794 ta avtomobil kuzovini 5,5 million dollarga import qilgan. Asosiy yetkazib beruvchilar – O‘zbekiston (462 ta) va Xitoy (263 ta).

Uch oy ichida 8,5 ming tonna ehtiyot qismlar va avtokomponentlar 29,6 million dollarga import qilingan. Tonnaj bo‘yicha yetakchi Xitoy bo‘lib, 4,8 ming tonna mahsulot yetkazib bergan.

Shu bilan birga, qirg‘izistonlik tadbirkorlar tashqi bozorlarga avtokomponentlar eksportini ham faol amalga oshirmoqda. Eksport hajmi 3,2 ming tonnani, qiymati esa 16,2 million dollarni tashkil qildi.
Shundan 2,9 ming tonnadan ortig‘i (umumiy hajmning 90 foizidan ko‘prog‘i) Rossiyaga, 236,1 tonnasi esa Belarusga yuborilgan.

Teglar

Mavzuga oid