4 oy ichida 2 milliondan ortiq o‘zbekistonlik xorijga safar qildi

Kecha 09:451 daqiqa

O‘zbekistonlik sayyohlar uchun hamon qo‘shni mamlakatlar eng ommabop yo‘nalish bo‘lib qolmoqda.

4 oy ichida 2 milliondan ortiq o‘zbekistonlik xorijga safar qildi

2026 yil yanvar–aprel oylarida O‘zbekiston fuqarolarining xorijiy safarlari sezilarli darajada oshdi. Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu davr mobaynida 2 million 200 ming 530 nafar fuqaro turistik maqsadlarda mamlakat tashqarisiga chiqqan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslanganda qariyb 83,7 ming kishiga ko‘paygan.

Mazkur o‘sish aholining xalqaro safarlarga qiziqishi ortib borayotganini ko‘rsatmoqda.

Eng ko‘p safar qilingan davlatlar

Hisobotga ko‘ra, o‘zbekistonliklar eng ko‘p qo‘shni mamlakatlarga safar qilgan. Ro‘yxatda birinchi o‘rinni Qirg‘iziston egallagan bo‘lib, ushbu davlatga 899 ming 4 nafar fuqaro borgan.

Shuningdek, Tojikistonga 388 ming 452 nafar, Qozog‘istonga 354 ming 859 nafar fuqaro safar qilgan. Keyingi o‘rinlarda Saudiya Arabistoni va Rossiya qayd etilgan.

Eng ommabop yo‘nalishlar o‘ntaligiga Turkiya, BAA, Xitoy, Tailand va Misr ham kirgan.

Jumladan, joriy yilning yanvar oyida Tailandga 6 ming 890 nafar O‘zbekiston fuqarosi tashrif buyurgan bo‘lib, ularning 6 ming 478 nafari turistik maqsadda safar qilgan.

Teglar

Mavzuga oid