Aprel oyida O‘zbekistonda ishbilarmonlik faolligi 6,5 foizga o‘sdi
Barcha hududlarda ijobiy dinamika kuzatilib, bank operatsiyalari, birja savdolari va yangi tovar belgilari faolligi iqtisodiy faollashuvning asosiy omili bo‘ldi.
© stock2026-yil aprel oyida O‘zbekiston iqtisodiyotida ishbilarmonlik faolligi yuqori o‘sish sur’atlarini namoyon qildi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi baholashlariga ko‘ra, Ishbilarmonlik faolligi indeksi (IFI) 1065 birlikka yetgan.
Hisobotga ko‘ra, mazkur ko‘rsatkich mart oyiga nisbatan 6,5 foizga, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan esa 22 foizga oshgan. Bu mamlakatda iqtisodiy faollikning kuchayib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Mutaxassislar fikricha, bank operatsiyalari hajmining o‘sishi, birja savdolaridagi faollik va tovar belgilari ro‘yxatdan o‘tkazilishi iqtisodiy jarayonlarning asosiy harakatlantiruvchi omillaridan biri bo‘lgan.
Qaysi ko‘rsatkichlar o‘sdi?
Aprel oyida xo‘jalik yurituvchi subyektlarning bank hisob raqamlaridagi operatsiyalar soni 8,3 foizga oshgan.
Banklararo to‘lov operatsiyalari soni esa 7,6 milliondan oshib, bir oy ichida qariyb 589 mingtaga ko‘paygan.
Tovar-xom ashyo birjasidagi xaridlar jadalligi 5,4 foizga oshgan. Shuningdek, faoliyat ko‘rsatayotgan xo‘jalik subyektlari bo‘yicha komponent 1,7 foizga o‘sgan. Bunda:
- barcha turdagi faoliyat yuritayotgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar soni oldingi oyga nisbatan 3 682 birlikka ortib, 514,7 mingtani tashkil etgan;
- yirik tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi korxonalar soni esa 221 taga oshib, 4 940 tani tashkil etgan;
- kichik korxonalar soni 3,6 mingtaga ortib, 420,9 mingtaga yetgan.
Shuningdek, fermer xo‘jaliklari soni 141 taga kamayib, 88,9 mingtani tashkil etgan.
Eng yuqori o‘sish tovar belgilari bo‘yicha kuzatilib, bu ko‘rsatkich 33,9 foizga oshgan. Aprel oyida yuridik shaxslar tomonidan jami 529 ta tovar belgisi va tovar nomi ro‘yxatga olingan.
Shu bilan birga, respublika tovar-xom ashyo birjasida asosiy tovarlar bo‘yicha savdo aylanmasi 8,5 trillion so‘mga yetgan. Ayrim mahsulotlar, xususan sanoat moyi, bitum, paxta moyi va dizel yoqilg‘isi savdosida keskin o‘sish qayd etilgan.
Hududlarda qanday vaziyat?
Hisobotda qayd etilishicha, aprel oyida mamlakatning barcha hududlarida ijobiy dinamika kuzatilgan.
Eng yuqori o‘sish Qoraqalpog‘istonda 46,2 foiz, Namanganda 43 foiz, Jizzax viloyatida 41,1 foiz va Sirdaryo viloyatida 38,1 foizni tashkil etgan.





