«So‘nggi qo‘ng‘iroq» tadbirida maktablarga mashina boshqarib kelgan o‘quvchilar soni ma’lum bo‘ldi
Ertalab soat 07:00 dan 14:00 gacha o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida o‘quvchilarning maktablarga avtomobil haydab kelishi bilan bog‘liq 238 ta holat qayd etilgan.
© Foto: t.me/YHXX_UZ25-may kuni respublika bo‘ylab o‘tkazilgan «So‘nggi qo‘ng‘iroq» tadbirlari davomida maktablar atrofida xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, ertalab soat 07:00 dan 14:00 gacha bo‘lgan vaqt ichida avtomobil boshqarib kelgan o‘quvchilar bilan bog‘liq 238 ta holat qayd etildi.
Ma’lum qilinishicha, bitiruv tadbirlari o‘tkazilayotgan hududlarda jamoat tartibini ta’minlash uchun yo‘l-patrul xizmati va ichki ishlar organlarining qo‘shimcha kuchlari jalb etilgan.
Rasmiylarga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlar orqali olib borilgan tushuntirish ishlari va profilaktik targ‘ibotlarga qaramasdan, ayrim o‘quvchilar avtomobilda tadbirlarga kelgan.
Ogohlantirish
Tekshiruvlar davomida avtomobillarni boshqargan o‘quvchilar orasida faqat bitiruvchi sinf vakillari emas, balki 8-, 10-sinf o‘quvchilari ham bo‘lgani aniqlangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayrim holatlarda o‘quvchilar ota-onalariga tegishli yoki ijaraga olingan transport vositalarini boshqargan. Bu holatlar mas’ul idoralarning alohida e’tiborini tortgan.
Muloqotlardan birida 8-sinf o‘quvchisi avtomobil boshqarayotgani aniqlangan bo‘lsa, boshqa holatda 2010-yilda tug‘ilgan, 10-sinf o‘quvchisi rulda ekani ma’lum bo‘lgan.
«Voyaga yetmaganlar tomonidan avtomobil boshqarilishi jiddiy xavf tug‘dirishini ta’kidlab, ota-onalarni farzandlari ustidan nazoratni kuchaytirishni so‘raymiz. Bunday holatlar nafaqat o‘quvchilarning, balki boshqa fuqarolarning hayoti uchun ham xavfli ekanini eslatib qolamiz», – deydi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati rasmiysi Zoyir Yo‘ldoshov.
Eslatib o‘tamiz, 2025/2026-o‘quv yilida 621 ming nafar 9-sinf, 472 ming nafardan ortiq 11-sinf o‘quvchilari maktabni bitirmoqda.




