Tadbirkorlar uchun yagona kredit platformasi ishga tushiriladi

Bugun 09:252 daqiqa

Kredit olish jarayonini soddalashtirish va moliyaviy xizmatlardan foydalanishni tezlashtirishga qaratilgan platforma orqali tadbirkorlar bir marta ariza yuboradi va bir vaqtning o‘zida bir nechta banklarning tijorat takliflarini qabul qila oladi.

Tadbirkorlar uchun yagona kredit platformasi ishga tushiriladi © prezident.uz

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish hamda moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Taqdimotda tadbirkorlar uchun yagona raqamli moliyaviy platformani ishga tushirish tashabbusi ilgari surildi.

Tadbirkorlikka ajratilgan kreditlar

Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda kichik va o‘rta biznesga ajratilgan kreditlar portfeli 218 trillion so‘mga yetgan bo‘lib, bu mamlakat yalpi ichki mahsulotining 12 foizini tashkil etadi. Biroq, ayrim jarayonlarda hali ham vaqt va byurokratik to‘siqlar saqlanib qolmoqda. Xususan, ta’minlovsiz onlayn mikrokredit olish o‘rtacha yetti kungacha vaqt olayotgani qayd etildi.

Platforma qulayliklari

Taklif qilinayotgan platforma orqali tadbirkorlar bir marta ariza yuboradi va bir vaqtning o‘zida bir nechta banklarning tijorat takliflarini qabul qila oladi. Keyin ular foiz stavkalari va shartlarni taqqoslab, o‘zlari uchun eng maqbul variantni tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Yangi tizim «Elektron hukumat» platformasidagi ma’lumotlar bazalari bilan integratsiya qilinadi. Bu tadbirkorlarga qo‘shimcha hujjatlar yig‘ish ehtiyojini kamaytirib, ma’lumotlarni avtomatik tarzda banklarga uzatish imkonini beradi. Shu orqali inson omili va ortiqcha byurokratiya qisqartirilishi kutilmoqda.

Yangi baholash tizimi

2026 yil 1-dekabrdan platforma doirasida sun’iy intellekt asosida ishlovchi muqobil skoring tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda. Yangi mexanizm an’anaviy kredit tarixidan tashqari biznes faolligi, kommunal to‘lovlar, moliyaviy aylanmalar va soliq ma’lumotlarini ham tahlil qiladi.

Bu esa kredit tarixi shakllanmagan tadbirkorlarga ham moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirishi mumkin. Shuningdek, tijorat banklari uchun «AI maslahatchisi» dasturini ishga tushirish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda.

Qo‘shimcha imtiyozlar


Taqdimotda ijobiy kredit tarixiga ega tadbirkorlar uchun garovsiz mikrokredit limitini 100 million so‘mdan 200 million so‘mgacha oshirish taklif qilindi. Shu bilan birga, kredit yoki lizing summasidan qat’i nazar, uning 5 milliard so‘mgacha bo‘lgan qismi uchun foiz xarajatlarini kompensatsiya qilish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, har yili yuqori natija ko‘rsatgan 100 ta tadbirkorlik subyektiga raqamlashtirish, xalqaro standartlar va «yashil» texnologiyalarni joriy etish xarajatlari uchun 300 million so‘mgacha grant ajratish taklifi bildirildi. Prezident mazkur takliflarni ma’qullab, platforma xavfsizligi va moliyaviy xizmatlar qamrovini kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Teglar

Mavzuga oid