add

Propagandaga keskin javob, ommaviy zaharlanish va kutilayotgan qor — 12-yanvar dayjesti

Kecha 23:383 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Propagandaga keskin javob, ommaviy zaharlanish va kutilayotgan qor — 12-yanvar dayjesti

Hafta davomida ayrim hududlarda yomg‘ir va qor yog‘ishi kutilmoqda

O‘zbekistonda joriy hafta ob-havoning keskin o‘zgarishi bilan boshlanmoqda. «O‘zgidromet» xabariga ko‘ra, haftaning birinchi yarmida havo harorati sezilarli darajada issiq bo‘lib, ayrim janubiy hududlarda +20 darajagacha iliqlik kuzatiladi. Biroq hafta o‘rtasidan boshlab mamlakatning deyarli barcha viloyatlarida yomg‘ir va qor yog‘ishi, haroratning esa -7 darajagacha sovushi kutilmoqda.

Xususan, Toshkent, Samarqand va Jizzax viloyatlarida 16-17-yanvar kunlari yog‘ingarchilik bo‘lishi, Qoraqalpog‘iston va Xorazmda esa kuchli shamol (sekundiga 17 metrgacha) esishi prognoz qilinmoqda. Tog‘li hududlarda ham hafta oxiriga borib sovuq tushishi va qor yog‘ishi kutilyapti.

«Yagona norozilik notasi berilishi kerak» — fikr yetakchilari Solovyovning tahdidli chiqishi haqida

Propagandachi bir necha kun avvalgi efirlaridan birida Rossiya, xuddi AQSH Venesuelada qilganidek, «xalqaro huquqqa tupurishi» va Armaniston hamda Markaziy Osiyo respublikalarining Rossiya «ta’sir doirasi»dan chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ularning ichki ishlariga kuch bilan aralashish imkoniyatini ko‘rib chiqishi kerakligi haqida ahmoqona fikr bildirgandi.

«Armanistondan ayrilish — bu biz uchun strategik inqirozdir. «Bizning Osiyo», ya’ni ular Markaziy Osiyo deb ataydigan mintaqadagi muammolar esa Rossiya uchun halokatli xavf tug‘dirishi mumkin. Biz nihoyat maqsad va vazifalarimizni keskin va aniq belgilab olishimiz shart. Shuni ochiq aytish kerakki: o‘yinlar tugadi. Xalqaro huquq va soxta tartib-qoidalarga qarashning hojati yo‘q. Agar milliy xavfsizligimizni himoya qilish uchun Ukrainada maxsus harbiy operatsiya boshlashga majbur bo‘lgan bo‘lsak, nima uchun aynan shu mantiq bilan ta’sir doiramizning boshqa strategik nuqtalarida ham xuddi shunday harakatlarni amalga oshira olmaymiz?» — degandi u.

Markaziy Osiyo davlatlarida ham jamoatchilik orasida bu fikrlar keskin norozilikni keltirib chiqardi. Xususan, o‘zbekistonliklar buni shunchaki «hayp» emas, balki mustaqil davlatlar suverenitetiga ochiqdan-ochiq tajovuz sifatida baholamoqda.

Professor Sherzodxon Qudratxo‘ja buni Ukraina ssenariysining «repetitsiyasi» deb atagan bo‘lsa, jurnalist Ilyos Safarov Solovyovga nisbatan «persona non grata» (xohlanmagan shaxs) maqomini berishni taklif qildi. Jamoatchilik faoli Aziza Umarova esa milliy immunitetni mustahkamlash uchun taqiqlangan «Otamdan qolgan dalalar» filmini ekranlarga qaytarishni so‘radi. Iqtisodchi Otabek Bakirov esa mintaqa davlatlarini yagona norozilik notasi berish orqali kuchli pozitsiya ko‘rsatishga chaqirdi.

Buxoroda 20 nafar o‘quvchi zaharlandi

11-yanvar kuni Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanidagi o‘quv markazida 20 nafar abituriyent ovqatdan zaharlanish alomatlari bilan shifoxonaga yotqizildi. Viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasining ma’lum qilishicha, bemorlar zudlik bilan tuman tibbiyot birlashmasiga olib borilgan va zarur muolajalar ko‘rsatilgan.

Ko‘rilgan muolajalar natijasida 20 nafar abituriyentning ahvoli barqarorlashgan. Ular ambulator davolanish uchun uyiga javob berilgan. Hozirda holat sabablarini aniqlash maqsadida bemorlardan qon namunalari olinib, belgilangan tartibda ekspertizaga yuborilgan.

Xorijiy til o‘qituvchilari majburan ishdan bo‘shatilyapti — Mehnat inspeksiyasi

Davlat mehnat inspeksiyasi xorijiy til o‘qituvchilarining mehnat huquqlari buzilayotgani yuzasidan keskin bayonot bilan chiqdi. Ma’lum bo‘lishicha, ayrim ish beruvchilar sertifikati bo‘lmagan o‘qituvchilarga oylik bermaslik, ularni ishdan chetlatish yoki majburan bo‘shatish holatlariga yo‘l qo‘ymoqda.

Aslida, B2 darajadagi sertifikat olish talabi 2026 yil 1-yanvargacha uzaytirilgan va ungacha o‘qituvchilarning ishlashiga rasman ruxsat berilgan. Vazirlik ham ishdan bo‘shatish bo‘yicha hech qanday ko‘rsatma berilmaganini tasdiqladi. Mehnat inspeksiyasi bunday holatlarni qonunbuzarlik deb atab, jabrlangan o‘qituvchilarni o‘z huquqlarini himoya qilish uchun murojaat qilishga chaqirdi.

Teglar

Mavzuga oid