add

Putin «rus tilini o‘rganing» deydi. Bu bilan o‘zbek muhojirlariga nisbatan zo‘ravonlik to‘xtaydimi?

20.06.2025 | 21:0037215

Rossiya o‘zbek muhojirlarini mehnat bozorida zarur kadr sifatida ko‘radi, Putin esa ularni himoya qilish haqida gapiradi. Biroq real hayotda OMON reydlari, huquqbuzarliklar va irqiy kamsitishlar tobora kuchaymoqda…

Putin «rus tilini o‘rganing» deydi. Bu bilan o‘zbek muhojirlariga nisbatan zo‘ravonlik to‘xtaydimi?
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi migratsiya munosabatlari nafaqat ikki davlat tashqi siyosati, balki millionlab inson taqdiriga daxldor ijtimoiy-iqtisodiy masalaga aylangan. Rossiya mehnat bozorida o‘zbek muhojirlarining ulushi katta bo‘lib, bu jarayon ikki mamlakat rahbariyati darajasida ham ko‘p bor muhokama qilingan. Jumladan 18 iyun kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin axborot agentliklari rahbarlari bilan uchrashuvda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan migratsiya masalalarini birgalikda hal qilish bo‘yicha kelishuvga erishilganini e’lon qildi. Bu bayonot Rossiyadagi migrantlar masalasini yana kun tartibiga olib chiqdi. Chunki ayni paytda, Rossiyadagi o‘zbek muhojirlariga nisbatan zo‘ravonlik, kamsitish va huquqbuzarlik holatlari kundan-kunga ortib bormoqda. Hatto O‘zbekiston tomoni nota ham yuborishga majbur holatlar kuzatildi.   Ruslarga ishchi, o‘zbeklarga pul kerak 2000-yillar boshidan beri kam daromadli o‘zbekistonliklar Rossiyani ishlab pul topadigan mamlakat sifatida ko‘rib keladi. 2016 yilgacha o‘rtacha 4 milliondan ortiq, hatto 6 millionga yaqin o‘zbek muhojiri aynan u yerda mehnat qilardi. Yevropaga chiqish imkoniyatlari cheklanganligi, viza tartibidagi muammolar o‘zbekistonliklarni ko‘proq Rossiyaga jalb qilgan. Ayniqsa, maktab yoki kollejni tugatib, mamlakat ichida munosib ish topa olmagan yoshlar uchun Rossiya ko‘p hollarda yagona tanlov sifatida namoyon bo‘ladi. Putin esa Rossiyada ishlashni istaydiganlar rus tili va rus madaniyatini o‘rganishi zarur demoqda.
ׅ«O‘zbekistonda 30 yilcha oldin 15-18 million odam yashagan. Hozir esa 38 million kishi. Har yili aholi bir millionga oshmoqda. Har yili! Tushunyapsizmi barchasi qanday tez o‘zgarmoqda. Albatta, biz mehnat bozorida ham, ijtimoiy sohada ham ko‘plab masalalar borligini tushunamiz. Barchamiz buni anglaymiz. Shu sababli [O‘zbekiston Prezidenti] Shavkat Miromonovich [Mirziyoyev] bilan migratsiya masalalarini birgalikda hal qilishga kelishib oldik. Chunki bizda mehnat bozori bugun qanday ahvolda ekani ma’lum. Sizda (O‘zbekistonda) ma’lum darajada bosim kuzatilmoqda. Lekin nima qilishni birgalikda kelishib oldik. Rossiyada ishlashni xohlaydigan odamlarni tayyorlash masalasini hal etamiz. Bu rus tilini, rus madaniyatini o‘rganishga taalluqli va hokazo – bunda butun boshli reja yaxshi. Umid qilamanki, bularning barchasini biz tashkil etamiz», – degan Putin.
Rasmiy statistikaga ko‘ra, 2024 yilda Rossiyada rasman 1 million atrofida o‘zbek muhojiri qayd etilgan. Migratsiya oqimida sezilarli kamayish kuzatilmoqda: migrantlar sonining kamayishiga Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlagani, buning oqibatida migrantlar daromadlarining tushib ketishi, o‘tgan yil Moskva yaqinidagi «Crocus City Hall»ga halokatli qurolli hujumlar ortidan aksilmigrant qonunlarining qat’iylashtirilgani sabab bo‘ldi.   «Eng oddiy natsizm» Rossiyada ishlayotgan o‘zbekistonliklar ko‘pincha rus tilini bilmasligi, qolaversa, sobiq SSSR tarkibida bo‘lgan mamlakat fuqarosi bo‘lgani sabab doimiy muammolarga uchrab kelishgan. Bir qarashda, Rossiya mehnat bozori ular uchun imkoniyat manbai bo‘lib ko‘rinsa-da, amalda bu jarayon ko‘pincha huquqbuzarliklar, qo‘pol muomala va hatto irqchilik kabi salbiy holatlar bilan to‘lib-toshgan. 2024 yil mart oyida Moskva yaqinidagi «Crocus City Hall»da sodir etilgan terrorchilik hujumidan so‘ng Rossiya hukumati migrantlarga nisbatan nazoratni yanada kuchaytirdi. Bu esa aksilmigrant kayfiyatning avj olishiga, jamoaviy reydlar va tazyiqlarga sabab bo‘ldi. Joriy yilning 8 iyun kuni Moskvada OMON tomonidan o‘tkazilgan reyd davomida qator o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari huquqbuzarliksiz holatda jismoniy kuch ishlatilib, tahqirlangani kuzatildi. Shu kabi hodisalar haqida nafaqat ijtimoiy tarmoqlar, balki xalqaro inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar — Human Rights Watch, Amnesty International va boshqalar ham ma’lumot tarqatgan. Jurnalist Sherzodxon Qudratxo‘ja bu kabi holatlarni «eng oddiy natsizm» deb baholab, o‘zbeklar va boshqa Markaziy Osiyo fuqarolarining «churka», «obezyana» kabi irqchi so‘zlar bilan haqoratlanayotganini alohida ta’kidlagandi. Bu holatlar Rossiyadagi muhojirlar uchun huquqiy himoyaning yetarli emasligini, ularning inson sifatida qadrlanmayotganini namoyon etadi. Qo‘shimcha ravishda, ko‘pgina o‘zbek muhojirlari rus tilini yaxshi bilmasligi, huquqiy savodxonlikning past darajada ekani, ish shartnomalarisiz mehnat faoliyatini amalga oshirishi ularni noqonuniy sharoitlarga moslashishga majbur qilmoqda. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi 2024 yil iyun oyida Rossiyaga rasmiy nota yubordi. Biroq amaliyotda o‘zgarishga erishish uchun ikki davlat o‘rtasida doimiy huquqiy mexanizmlar, konsullik xizmatlari va fuqarolarni himoya qilish bo‘yicha faol ish olib borilishi lozim.   Saida Mirziyoyevaning Rossiyaga safari strategik diplomatiyami? Rossiya Prezidenti Vladimir Putin O‘zbekiston Prezidentining to‘ng‘ich qizi — Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyevaning yaqinda Moskvaga qilgan tashrifini hamda yoshlar masalasidagi faolligini e’tirof etdi. Putinning yaqinda axborot agentliklari rahbarlari bilan bo‘lgan muloqotida bu tashrif alohida tilga olindi:
«Saida Shavkatovna yaqinda Moskvada bo‘lib, Hukumatda mening ko‘plab hamkasblarim bilan, Prezident Administratsiyasida uchrashuvlar o‘tkazdi. U aynan Prezident topshirig‘iga binoan yoshlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish va yoshlar yo‘nalishini ilgari surishga katta e’tibor qaratmoqda. Bu borada aniq takliflar bor va biz, albatta, barchamiz birgalikda buning ustida ishlaymiz. Bu yo‘nalish (yoshlar masalasi) eng muhim yo‘nalishlardan biri – bu aniq», - dedi Putin.
Saida Mirziyoyeva Rossiya hukumati va Prezident ma’muriyatining yuqori darajali shaxslari — Mixail Mishustin, Anton Vayno, Sergey Kiriyenko, Aleksey Gromov va Vladimir Medinskiy bilan uchrashuvlar o‘tkazgan. Unda mehnat migratsiyasi, yoshlar siyosati, kadrlar tayyorlash, madaniyat va axborot xavfsizligi bo‘yicha muloqotlar bo‘lgan. Moskvada migrantlarga nisbatan kuchaygan reydlar, OMONning qo‘pol muomalasi, huquqbuzarliklar va irqchilikka oid holatlar fonida bo‘lib o‘tgan ushbu tashrif hech bo‘lmaganda huquqiy va konsullik hamkorligini muhokama qilishga bahona bo‘lishi kerak edi. Afsuski, bunday mazmundagi muloqotlar haqida rasmiy ma’lumot berilmadi.   Rossiyadan tashqaridagi dunyo Markaziy Osiyo mamlakatlarida mehnat migratsiyasi millionlab fuqarolar uchun asosiy daromad manbalaridan biri bo‘lib qolmoqda. 2024 yil holatiga ko‘ra, mehnat muhojirlarining pul o‘tkazmalari O‘zbekiston YAIMda 14 foizni tashkil etadi. Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, migrantlarning xorijdan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari bo‘lmaganda, mamlakatdagi kambag‘allik darajasi 9,6 foizdan 16,8 foizga oshishi mumkin edi. O‘zbekiston hukumati so‘nggi yillarda mehnat bozorini faqat Rossiya bilan cheklamasdan, bir qator Yevropa va Osiyo davlatlari bilan ham qonuniy ishlash mexanizmlarini joriy etishga kirishdi. Xususan, so‘nggi yillarda migratsiyaning sezilarli o‘sishi Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida, jumladan, Polsha (YeIga berilgan vizalarning 21 foizi), Litva (17 foiz), Germaniya (16 foiz) va Latviyada (7 foiz) kuzatilgan. Buyuk Britaniya tomonidan mehnat muhojirlariga bo‘lgan mavsumiy talab ham saqlanib qolyapti. O‘zbekiston fuqarolariga berilayotgan mavsumiy vizalar barcha mavsumiy berilgan vizalarning qariyb 13 foizini tashkil etgan. Ma’lumot uchun, Buyuk Britaniya tomonidan O‘zbekiston fuqarolariga 2021 yilda 556 ta, 2022 yilda 4228 ta, 2023 yilda esa 4094 ta viza berilgan. Qolaversa, Janubiy Koreya va Turkiyaga ham umumiy migratsion oqim oshib boryapti. O‘zbekiston Migratsiya agentligi Slovakiya, Polsha, Mo‘g‘uliston, Vengriya kabi davlatlarga ham ishlash imkoniyatlari uchun eshiklar ochayotganini e’lon qilib bormoqda. Yulduz Abdurashidova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid