Qorabog‘dagi ko‘rinmas urush: minalar va inson taqdirlari
Asrlar davomida urushlar hech bir xalq va hech bir mamlakatga baxt keltirmagan, ularning oqibatlari esa yillar davomida saqlanib qolgan. Ikkinchi jahon urushi tugaganiga 80 yildan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, hanuzgacha portlamagan snaryad va minalarga duch kelinmoqda.

Ozarboyjon ham dunyoda minalar bilan eng ko‘p zararlangan davlatlar qatoriga kiradi. Armaniston 30 yil davomida ishg‘ol ostida saqlagan hududlarni xarobaga aylantirib, infratuzilmani vayron qilish bilan birga, shahar, qishloq va posyolkalarga olib boruvchi yo‘llarni, tarixiy yodgorliklar joylashgan hududlarni, qabristonlarni va ekin maydonlarini qarichma-qarich minalashtirgan.
Qorabog‘ ishg‘oldan ozod etilgach, birinchi navbatda ushbu hududlarni minalardan tozalash ishlari boshlangan. Ayni kunlarda ham bu ishlar muvaffaqiyatli davom ettirilmoqda. Minadan tozalash operatsiyalari ANAMA, Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV), Davlat chegara xizmati (DCHX) hamda ushbu sohada ixtisoslashgan xususiy kompaniyalar tomonidan amalga oshirilmoqda.

Ishlarni yanada tez va xavfsiz olib borish maqsadida «Impotex» kompaniyalar guruhi tomonidan bir necha yil avval «Made in Azerbaijan» brendi ostida ishlab chiqarilgan «Revival P» mexanik minadan tozalash mashinalari Minadan tozalash agentligiga topshirilgan. Xalqaro minadan tozalash standartlariga muvofiq, mexanik minadan tozalash vositalari piyoda va tankka qarshi mina chiziqlarini aniqlash, hududlarni tozalash uchun maydonlarni tayyorlash hamda mina qidiruvchi itlar ko‘magida shubhali va xavfli hududlarni qisqartirish maqsadida qo‘llaniladi.
Minadan tozalash metodologiyalaridan biri bo‘lgan mexanik minadan tozalash vositalari operatsiyalarni samarali va xavfsiz bajarishda eng muhim vositalardan biri hisoblanadi. «Revival P» piyodaga qarshi mexanik minadan tozalash mashinalari 7 kg trotil ekvivalentidagi portlashiga bardoshlidir. Belgilangan standartlarga asoslanib, mexanik vositalarning old qismida joylashtirilgan zarbador moslamalar yordamida tuproqni urib tekislash murakkab relefli hududlarda operatsiyalarni amalga oshirish imkonini beradi. Mashinalarning masofadan boshqarilishi xodimlar xavfsizligini ta’minlaydi. «Revival P» minadan tozalash vositalari «Buyuk Qaytish» dasturi doirasida amalga oshirilayotgan qayta qurish va tiklash ishlari, shuningdek, sobiq majburiy ko‘chirilgan aholining o‘z tug‘ilib o‘sgan yurtlariga xavfsiz qaytishini ta’minlashga qaratilgan gumanitar minadan tozalash faoliyatiga katta hissa qo‘shmoqda.
Urushdan zarar ko‘rgan tumanlarda ANAMA tomonidan muntazam ravishda mina va portlovchi qurilmalar xavfi bo‘yicha aholiga tushuntirish va ogohlik tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda. Aholini bunday xatarlardan himoya qilish, portlovchi o‘q-dorilar keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan oqibatlardan saqlash hamda xavfsiz muhit yaratish masalalariga Agentlik alohida e’tibor qaratadi. Shu maqsadda qishloq aholisi, yakka tartibdagi tadbirkorlar va qishloq xo‘jaligi faoliyati bilan shug‘ullanuvchi fuqarolar o‘rtasida ushbu yo‘nalishda targ‘ibot va tushuntirish ishlari olib boriladi.

Joriy yilning 7-yanvar kuni Jabroyil tumanining Mehdili qishlog‘i hududida piyodalarga qarshi minalardan tozalash operatsiyalariga jalb etilgan xususiy kompaniyalardan birining xodimi, 1985 yilda tug‘ilgan Mammadov Rashod Narimon o‘g‘li xizmat vazifasini bajarish chog‘ida piyodaga qarshi mina portlashi natijasida jarohat olgan. Hodisa oqibatida jabrlanuvchi oyog‘ining pastki qismidan yengil tan jarohati olgan.
Shuningdek, 11-yanvar kuni Ag‘dara tumanining Qiziloba qishlog‘i hududida nodavlat tashkilot xodimi, 1988 yilda tug‘ilgan Karimov Elvin Hamiddin o‘g‘li ham xizmat vazifasini bajarish vaqtida piyodaga qarshi mina portlashi natijasida jarohatlangan. Ushbu shaxsning o‘ng oyog‘i to‘piq qismidan amputatsiya qilingan.
Minadan tozalash agentligining ma’lumotiga ko‘ra, ishg‘oldan ozod etilgan hududlarda minadan tozalash faoliyatiga jalb qilingan tashkilotlar tomonidan 2025 yilda amalga oshirilgan minadan tozalash operatsiyalari davomida o‘tgan yili Ozarboyjonning Tartar, Ag‘dara, Kalbajar, Ag‘dam, Xo‘jali, Xonkendi, Xo‘javand, Lochin, Shusha, Fuzuliy, Qubadli, Jabroyil va Zangilon tumanlarida olib borilgan ishlar paytida 4963 dona piyodalarga qarshi mina, 1861 dona tankka qarshi mina va 52 ming 392 dona portlamagan harbiy o‘q-dori aniqlanib, zararsizlantirilgan.

2021–2025-yillar oralig‘ida esa umumiy hisobda 248 391,6 gektar yer maydoni mina va portlamagan harbiy o‘q-dorilardan tozalangan.
«Ozarboyjon Respublikasining ishg‘oldan ozod etilgan hududlariga Buyuk Qaytish bo‘yicha II Davlat dasturi»ning tadbirlar rejasiga muvofiq, 2026 yil oxirigacha 280 ming gektar maydonni minalardan tozalash rejalashtirilgan. Shunday qilib, Davlat dasturining ijro muddati yakunlanishiga taxminan bir yil qolgan bir paytda, belgilangan umumiy hududning 81,5 foizi allaqachon minalardan to‘liq tozalangan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, barcha harbiy harakatlar Ozarboyjonning xalqaro miqyosda tan olingan hududlarida olib borilgani sababli, bugungi kunda Ozarboyjon dunyodagi minalar bilan eng ko‘p zararlangan davlatlardan biridir.
Bu holat majburiy ko‘chkindilarning o‘z hududlariga qaytishi uchun katta muammo tug‘diradi. Armaniston tomonidan o‘rnatilgan minalar taxminan 800 ming nafar majburiy ko‘chkindining o‘z yashash joylariga qaytishi va u yerda yashashi yo‘lida jiddiy to‘siq hisoblanadi.

Ikkinchi Qorabog‘ urushidan so‘ng ma’lum bo‘ldiki, Ozarboyjon hududining 12 foizdan ortig‘i minalar bilan zararlangan. Ishg‘oldan ozod etilgan 1 166 702 gektar hududda minalar mavjud bo‘lishi taxmin qilinadi, shundan 211 800 gektari yuqori, 954 902 gektari esa o‘rta va past darajada zararlangan.
Minalar bo‘yicha ekspertlarning Xalqaro Inqiroz Guruhiga taqdim etgan dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, ozod etilgan hududlarning taxminan beshdan bir qismi yuqori darajada zararlangan bo‘lib, qariyb 2/3 qismi humanitar mina tozalash ishlari uchun ustuvor hudud sifatida tasnif etilgan. Tadqiqotlar davomida sobiq to‘qnashuv chizig‘i va uning atrofidagi bog‘lar, o‘rmonlar, uzumzorlar, vayron qilingan aholi punktlari, daryo bo‘ylari va qabristonlarning minalar bilan jiddiy darajada zararlangani aniqlangan. Shuningdek, minalar qishloq xo‘jaligiga yaroqli yerlar va ularning atroflarida, yaylovlarda, yo‘llarda, ko‘priklarda, maktablarda hamda suv manbalarida ham uchragan.
Bularning barchasini inobatga olgan holda, ishg‘oldan ozod etilgan tuman hududlarida ogohlantiruvchi va ma’rifiy belgilar o‘rnatilgan, ko‘plab bosma materiallar (plakatlar, bukletlar va boshqalar) tayyorlanib tarqatilmoqda.
Ma’rifiy ishlar asosan quyidagi guruhlar bilan olib boriladi: ishg‘oldan ozod etilgan hududlarga ko‘chib borayotgan aholi, ozod etilgan hududlarda faoliyat yuritayotgan davlat va xususiy tashkilotlar xodimlari, shuningdek urush ta’siriga uchragan boshqa aholi qatlamlari.

Bundan tashqari, ishg‘oldan ozod etilgan hududlarga safar qilayotgan shaxslarga nazorat-o‘tkazish punktlarida ma’rifiy va axborot beruvchi tavsiyalar berilmoqda. Ozarboyjondagi mina muammosining ko‘lamini hisobga olgan holda, mutaxassislar bu muammoni bir martalik hal etish uchun uzoq vaqt talab etilishini ta’kidlaydilar.
Shu sababli, hozircha aholini mina qurboniga aylanishdan asrashning yagona yo‘li — ma’rifiy ishlar hisoblanadi. Bu jarayonda eng muhim jihatlardan biri aholining ma’rifiy dasturlarda berilgan ko‘rsatmalarga qat’iy amal qilishi hisoblanadi.
Olib borilayotgan mina tozalash operatsiyalari, ma’rifiy dasturlar va boshqa chora-tadbirlar natijasida 2021 yil bilan solishtirganda jabrlanganlar soni 73 foizga, mina hodisalari soni esa 69 foizga kamaygani qayd etilgan.
Ayni kunlarda Ozarboyjonning azaliy yerlarining jadal sur’atlarda minalardan tozalanishi ushbu hududlarda yangi hayotning tez orada to‘liq qaror topishidan darak bermoqda.





