
Qozog‘istonda «Qizil kitob»ga kiritilgan millionga yaqin sayg‘oqni otishga qaror qilindi
16.07.2025 | 16:3071210
Mamlakatdagi jami sayg‘oqlar soni bugungi kunda 3,9 mlnga yetgan bo‘lib, mavjudot shu sur’atda o‘sishda davom etsa, ularning populyatsiyasi uchun nafaqat Qozog‘iston,balki Rossiya yerlari ham torlik qilishi mumkin.

Qozog‘iston ekologiya va tabiat resurslari vaziri Yerlan Nisanbayevning aytishicha, bu hayvonlarning taxminan 20 foizi yoki 800 ming boshga yaqin sayg‘oq, yumshoq qilib aytganda, «populyatsiyadan olinadi», ya’ni otiladi. Sababi mamlakatda sayg‘oqlar soni 3,9 mln boshga yetgan va bu tarixiy eng yuqori ko‘rsatkichlardan uch karra ko‘p. Bunchalik yuqori sur’atda ko‘payish sayg‘oqlar kelajagini xavf ostiga qo‘ymoqda, chunki ularning populyatsiyasi uchun Qozog‘iston va hatto qo‘shni Rossiya yerlari ham torlik qilishi mumkin. Bu haqda RTVI xabar berdi.
Mamlakat hududida sayg‘oqlarni otish kampaniyasi 30 noyabrgacha davom etadi.
Qozog‘iston hududida yashovchi uch turdagi sayg‘oqlar orasida, moratoriy qo‘llangan yillarda ural (2,3 mln) va betpaqdala (1,6 mln) sayg‘oqlari soni ayniqsa ko‘payib ketgan.
«Ekologik paradoks qarshisida qoldik: asrash bo‘yicha muvaffaqiyat ularning o‘ziga va kelajagiga xavf tug‘dirmoqda, tezda chora ko‘rishimiz lozim», — dedi Qozog‘iston fan va oliy ta’lim qo‘mitasi Zoologiya instituti teriologiya laboratoriyasi mudiri Aleksey Grachyov.
Sayg‘oq o‘zi qanday hayvon?
Sayg‘oqlar cho‘l va yarimcho‘llarda yashaydi. O‘simliklar bilan oziqlanadi. Ko‘chmanchi hayot kechiradi — yil fasliga qarab joy o‘zgartiradi. 10-12 yil yashaydi, ona sayg‘oq yiliga 1-2 ta bola tug‘adi. Kichik tanasi, uzun oyoqlari bilan 80 km tezlikgacha yugura oladi.
Sayg‘oqlar o‘zaro bo‘g‘iq, past tovushlar orqali aloqa qiladi. Bolalari yo‘qolsa, ona sayg‘oq qichqirib, bolasini chaqirmaydi — chunki bu atrofda kezib yurgan yovvoyi hayvonlarni jalb qilishi mumkin. Uning mudofaasi — sukut hisoblanadi.
Bolalari tug‘ilgandan so‘ng 1 soat ichida yura boshlaydi va 2–3 soat ichida yugurishga tayyor bo‘ladi.
Uning burni — super kompyuterdek tuzilgan. Uning tashqi ko‘rinishi qiziqarli, boshqa hayvonlarga o‘xshamagan tarzda yaratilgan bo‘lsa, ichki qismi juda murakkab, boshqa maxluqotlarda mutlaqo uchramaydigan tarzda yaratilgan. Burun ichidagi yo‘llar ildizdek burilgan va tortilgan shaklda — go‘yo yog‘ochdan yasalgan labirintga o‘xshaydi. Sayg‘oqlarning burni shunchalik nozik tuzilganki, u nafas olish vaqtida havoni filtrlaydi, issiqda sovitadi, sovuqda esa, isitadi. Sayg‘oqning burni — tabiiy konditsioner hisoblanadi.
Sayg‘oq burni o‘ziga xos shakli va ichki tuzilishi bilan nafaqat nafas olishni ta’minlaydi, balki, hayoti uchun muhim bo‘lgan bir necha vazifalarni bajaradi:
- Sayg‘oq cho‘l va yarim cho‘llarda yashaydi, u yerda havo har doim ham toza emas — chang, iflos zarralar juda ko‘p. Sayg‘oqning katta, ilonsimon pastga osilibroq tushgan burni natural filtr vazifasini bajaradi. U havoni g‘ubordan tozalaydi, o‘pkaga toza havo tushishini ta’minlaydi. Burun ichidagi mayda tukchalar va suyuqlatuvchi shilliq pardalar mavjud bo‘lib, ular changni ushlab qoladi;
- Qishda havo sovuq va quruq bo‘ladi. Bu savsumda sayg‘oqning burun yo‘llari sovuq havoni isitib, o‘pkaga moslashtirilgan haroratda havo yuboradi.Yozda esa — havo qiziq va quruq bo‘lgani uchun burni issiq havoni sovutib, undagi namlikni qayta ishlaydi. Sayg‘oq qo‘rqqanda va tez yugurayotganda burni orqali havo aylanishi yanada tezlashadi, bu uni tez shamollashdan saqlaydi.





