add

Radarlar uchun qat’iy ro‘yxat, PayPal va Apple Pay kelishi hamda ma’qullangan islomiy bank faoliyati — 5-fevral dayjesti

Kecha 23:004 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Radarlar uchun qat’iy ro‘yxat, PayPal va Apple Pay kelishi hamda ma’qullangan islomiy bank faoliyati — 5-fevral dayjesti

15 mln kishining ma’lumotlari Darknet’ga sotildimi? Deputat vazirlardan izoh so‘radi

Adolat» SDP deputati Muhammadjon Valiyev 15 million fuqaroning shaxsiy ma’lumotlari Darknet tarmog‘ida sotuvga chiqarilgani haqidagi xabarlar yuzasidan Raqamli texnologiyalar, Ichki ishlar vazirlari hamda Statistika agentligi rahbariga rasmiy so‘rov yubordi. Deputat «my.gov.uz» portali va hukumat autentifikatsiya tizimi («OAuth» serveri) qay darajada himoyalangani, ushbu ma’lumotlarning sizib chiqishiga qaysi omillar sabab bo‘lgani va fuqarolarning moliyaviy xavfsizligini ta’minlash choralari haqida aniq izoh so‘ramoqda.

So‘rovda Ichki ishlar vazirligidan kiberhujumni sodir etganlarni aniqlash bo‘yicha tezkor choralar, Statistika agentligidan esa aholini ro‘yxatga olish jarayonida to‘plangan ma’lumotlar himoyasi bo‘yicha hisobot so‘ralgan. Partiya vaziyat fuqarolarning shaxsiy hayoti daxlsizligiga tahdid solayotganini ta’kidlab, sohada qonunchilikni kuchaytirish bo‘yicha takliflar kutmoqda.

O‘zbekistonda har 1 000 aholidan 32 tasi tadbirkor

O‘zbekistonda tadbirkorlik subyektlari soni aholi jon boshiga nisbatan barqaror o‘sish tendensiyasini namoyon etmoqda. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil 1-yanvar holatiga mamlakatda har 1 000 nafar aholiga o‘rtacha 31,7 ta tadbirkorlik subyekti to‘g‘ri kelgan.

Eng yuqori ko‘rsatkich Jizzax viloyatida qayd etilgan bo‘lib, bu yerda har 1 000 aholiga 61,0 ta tadbirkor to‘g‘ri keladi.

Ikkinchi o‘rinda Toshkent shahri joylashgan. Poytaxtda ushbu ko‘rsatkich 45,3 tani tashkil etgan. Xorazm viloyati ham yuqori faollik namoyon etib, 44,8 ta natija bilan yetakchi hududlar qatoriga kirgan. Sirdaryo, Navoiy va Surxondaryo viloyatlarida esa ko‘rsatkichlar 36–38 ta atrofida shakllangan.

O‘rtacha darajadagi hududlar qatoriga Buxoro, Andijon va Toshkent viloyati kiradi. Bu yerlarda har 1 000 aholiga 29–35 ta tadbirkor to‘g‘ri kelmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasida ko‘rsatkich 27,9 tani tashkil etgan.

Senat islomiy bank faoliyatiga oid qonunni ma’qulladi

Senat islomiy bank faoliyatini joriy etishga oid qonunni ma’qulladi. Unga ko‘ra, mamlakatdagi 2 ta kodeks va 7 ta qonunga o‘zgartirishlar kiritilib, islomiy moliya xizmatlarining huquqiy asoslari belgilandi. Endilikda banklar to‘liq islomiy bank sifatida yoki an’anaviy faoliyat bilan birgalikda «islomiy darcha» shaklida xizmat ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi. Islomiy moliya tamoyillariga rioya etilishini nazorat qilish uchun Markaziy bank va tijorat banklarida alohida Islomiy moliya kengashlari tashkil etiladi.

Islomiy moliya operatsiyalarining o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olib, Soliq kodeksiga yangi bob kiritildi. Unga ko‘ra, mijozga sotiladigan tovarlardagi ustama QQSdan ozod qilinadi va olingan foyda soliq maqsadlarida foizli daromadlarga tenglashtiriladi.

PayPal, Apple Pay va Google Pay O‘zbekistonda rasman ishga tushishi kutilmoqda

5-fevral kuni Senat «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirishlarni ma’qulladi. Shu paytgacha xalqaro to‘lov gigantlarining O‘zbekistonga kirishiga to‘sqinlik qilgan asosiy cheklov — ma’lumotlarni faqat mamlakat hududida saqlash talabi yumshatildi. Yangi tartibga ko‘ra, faqat biometrik, genetik va telekommunikatsiya ma’lumotlarini O‘zbekistonda saqlash majburiy bo‘lib qoladi, boshqa ma’lumotlar uchun esa xalqaro serverlardan foydalanish imkoni yaratiladi. Bu islohot yaqin kelajakda Apple Pay, Google Pay va PayPal tizimlarining mamlakatda rasman ish boshlashiga huquqiy asos bo‘ladi.

Senatorlar ushbu o‘zgarishlar elektron tijorat rivojiga turtki berishi va fuqarolar uchun jahon platformalaridan foydalanishni yengillashtirishini ta’kidlamoqda. Biroq, ushbu yangilik 15 million fuqaroning shaxsiy ma’lumotlari Darknet tarmog‘iga sizib chiqqani haqidagi shov-shuvlar fonida yuz bermoqda.

Foto va video orqali qayd etiladigan huquqbuzarliklar ro‘yxati tasdiqlandi

2026 yil 4-fevraldagi qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga muhim o‘zgartirishlar kiritildi. Endilikda maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari (radarlar) orqali aniqlanadigan huquqbuzarliklarning qat’iy ro‘yxati belgilandi. Bunga xavfsizlik kamarini taqmaslik, telefondan foydalanish, tezlikni soatiga 20 km gacha oshirish hamda to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzish kabi holatlar kiritildi. Shuningdek, ayrim kichik qoidabuzarliklar uchun jarima o‘rniga rasmiy ma’muriy ogohlantirish berish tizimi joriy etildi.

Yangi qonunchilikka ko‘ra, agar yo‘l harakati qoidabuzarligi foto yoki video orqali qayd etilsa, ma’muriy jazo (jarima yoki ogohlantirish) huquqbuzarlik sodir etilgan kundan boshlab bir oy ichida qo‘llanilishi shart. Agar ushbu muddat o‘tib ketsa, haydovchi javobgarlikka tortilmaydi. Biroq, agar chiqarilgan qaror ustidan shikoyat qilinsa va sud jarayoni boshlansa, bu muddat bir yilgacha uzaytirilishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid