add

Rossiya hamon o‘zbeklar uchun asosiy mehnat migratsiyasi yo‘nalishi — «Vatandosh»da yana nimalar gapirildi?

05.08.2025 | 20:20313114

So‘nggi 5 yil ichida Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi 10 mlrd dollarga yetgan, yaqin yillarda esa buni 30 mlrd dollarga oshirish rejalashtirilmoqda.

Rossiya hamon o‘zbeklar uchun asosiy mehnat migratsiyasi yo‘nalishi — «Vatandosh»da yana nimalar gapirildi?
2 avgust kuni tashkillashtirilgan «Vatandosh» intellektual klubida O‘zbekiston va Rossiya munosabatlari tahlil qilindi. Unda Vaqt.uz jurnalisti ishtirok etib, nimalar haqida so‘z borgani haqida qisqacha ma’lumot to‘pladi. Vatandosh 01 1992 yil 20 martda Rossiya O‘zbekistonni mustaqil davlat sifatida tan oldi. Tarixan bog‘langanlik omili mo‘’tadil munosabatlariga poydevor bo‘ldi, o‘ta uzoqlashib ham, yaqinlashib ham ketilmadi. 2004 yil 16 iyunda strategik hamkorlik to‘g‘risida, 2005 yil 14 noyabrda ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risida shartnomalar imzolandi. Shuningdek, 2012 yil 4 iyunda esa O‘zbekiston – Rossiya o‘rtasida 2013–2017 yillarga mo‘ljallangan iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirishga oid deklaratsiya qabul qilindi. So‘nggi 5 yil ichida mamlakatlar o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi 10 mlrd dollarga yetgan, yaqin yillarda esa buni 30 mlrd dollarga oshirish rejalashtirilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda Rossiyada 1 milliondan ortiq migrant mehnat qilmoqda. Markaziy bank qayd etishicha, 2025 yilning yanvar–iyun oylarida Rossiyadan O‘zbekistonga 6,4 mlrd dollar pul o‘tkazilgan. Chet eldan mamlakatimizga kelgan pul o‘tkazmalarining 78 foizi Rossiyadan qabul qilingan. Vatandosh 02 Siyosatshunos Farhod Tolipov Rossiyaning Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekistondagi geosiyosati haqida ma’ruza qildi. U shunday dedi: 2002 yilda Putin va Bush «Markaziy Osiyoda eski katta o‘yinni qaytarmaymiz, taraqqiyotga hissa qo‘shamiz», deb qo‘shma bayonot bergan. Biroq 2004 yilda Rossiya Markaziy Osiyo hamkorlik tashkilotiga a’zo bo‘lib, uni YeOII bilan birlashtirdi, bu O‘zbekiston uchun siyosiy xato bo‘ldi. 2019 yilda Rossiya O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirishi mumkinligini aytdi, jamoatchilik qarshi chiqdi va mamlakat faqat kuzatuvchi maqomini qabul qildi. 2023 yilda Putin va Si Jinping «rangli inqiloblarga qarshi» qo‘shma bayonot berdi, bu esa mintaqaning ichki ishlariga aralashish sifatida qabul qilindi. Hozir Rossiya va Belarus O‘zbekistonni YeOIIga qo‘shilishga chaqirish orqali bosimni kuchaytirmoqda. Shu bilan birga, O‘zbekiston mustaqil tashqi siyosatini saqlab, faqat milliy manfaatlariga mos hamkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Vatandosh 03 O‘zbekiston-Rossiyaning iqtisodiy munosabatlari haqida esa iqtisodchi, professor Valijon To‘raqulov izlanishlarini taqdimot qildi. Uning aytishicha, mustaqillikning dastlabki yillarida O‘zbekiston savdoda asosan Rossiyaga qaram bo‘lgan, chunki boshqa yirik savdo sherigi va transport yo‘llari yo‘q edi. 2000–2010 yillarda savdo hajmi asta-sekin o‘sdi, 2015 yillarga qadar Rossiya bilan Xitoy birinchi o‘rin uchun raqobat qildi. Keyin Xitoy yetakchi savdo hamkorga aylandi, ammo Rossiya ham asosiy bozorlardan biri bo‘lib qoldi. 2016 yildan so‘ng ikki tomonlama munosabatlar kuchaydi, 2018 yilda 27 mlrd dollarlik bitimlar imzolandi. 2022–2023 yillarda Rossiya qisqa muddatga qaytadan asosiy savdo hamkor maqomini egalladi va savdo aylanmasi 10 mlrd dollarga yetdi. Bu O‘zbekiston YAIMining taxminan 18–20 foizini tashkil etdi. Rossiyadan ko‘proq import qilinadi, eksport esa asosan qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik mahsulotlaridan iborat. Shu bilan birga, Rossiya O‘zbekistonning asosiy investorlaridan biri bo‘lib, mamlakatda 1800 dan ortiq qo‘shma korxona faoliyat yuritadi. Energetika sohasida ham Rossiya ulushi yuqori, gaz importi va yadro elektr stansiyasi loyihalari strategik ahamiyatga ega. Turli ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyada 1,5 mln atrofida o‘zbekistonlik migrant ishlaydi. Professor fikricha, Rossiyaga bog‘liqlikni kamaytirish uchun ko‘p vektorli iqtisodiy strategiya olib borish, Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish va eksport tarkibini yuqori qiymatli mahsulotlar hissasiga kengaytirish zarur. Shuningdek, gaz va yadro sohasidagi shartnomalarni ehtiyotkorlik bilan nazorat qilish ham iqtisodiy xavfsizlik uchun muhim. Vatandosh 04 Mediaekspert va tahlilchi Dilfuza Mirzaahmedova esa rus propogandasi va uning o‘zbek mediasi ta’siri haqida ma’lumot berdi. Uning aytishicha, Rossiya propagandasi odatda ikki yo‘ldan foydalanadi: rahbarini «qutqaruvchi» sifatida ideallashtirish va raqibni yovuzlashtirish. Bu nafaqat G‘arb yoki NATOga nisbatan, balki ichki auditoriyada Markaziy Osiyo migrantlariga qarshi ham qo‘llaniladi. AQSH Davlat departamenti huzuridagi Global Engagement Center ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya propagandasi besh ustunga tayanadi: rasmiy hukumat bayonotlari, davlat mablag‘idagi OAV (Sputnik, Russia Today), proksi manbalar (Telegram kanallari, soxta saytlar), ijtimoiy tarmoq trollari va kiber-dezinformatsiya. O‘zbekistonda asosiy axborot oqimi Rossiya telekanallari va Telegram orqali tarqaladi. Ayniqsa, izohlar orqali urushni qo‘llovchi va G‘arbni yovuzlashtiruvchi fikrlar targ‘ib qilinadi. Tadqiqotlarga ko‘ra, Ukrainaga bosqindan keyingi dastlabki 10 oyda izohlarning 35 foiz urushni qo‘llab-quvvatlagan, ularning 10 foizi esa bitta troll akkauntdan yozilgan. Propaganda migrantlar haqida yolg‘on ma’lumotlar tarqatib, nafrat uyg‘otishga ham xizmat qilmoqda. Bu esa ayrim hollarda jismoniy hujumlar va mulkka zarar yetkazishga olib kelmoqda. Vatandosh 05 Ma’ruzachi, Migratsiya agentligi mutaxassisi Dilshod Bediqulov O‘zbekiston va Rossiya mehnat migratsiyasi haqida gapirdi. Unga ko‘ra, Rossiyada 900 ming – 1 mln atrofida o‘zbekistonlik ishlaydi, mavsumiy chiqishlar bilan bu raqam 2,5 mlnga yetishi mumkin. Asosiy qismi qurilishda, qolganlari sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat sohasida. 2024 yilda Rossiyadan pul o‘tkazmalari 8 mlrd dollardan oshdi. Rossiyada ish haqi pastligi va yosh avlodning yangi yo‘nalishlarga intilishi mehnat bozorini diversifikatsiya qilish zarurligini ko‘rsatmoqda. Agentlik migrantlar huquqlarini himoya qilish va ko‘mak berish uchun hamkorlik bitimlari va konsulliklar orqali ish olib bormoqda. Vatandosh 06 Huquqshunos, «Vatandosh TV» va «Migrant.uz» loyihasi asoschisi Botirjon Shermuhammad Rossiyadagi o‘zbek migrantlari holati haqida fikr bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya hozir ham o‘zbeklar uchun asosiy mehnat migratsiyasi yo‘nalishi bo‘lib qolmoqda. Ro‘yxatga olingan etnik o‘zbeklar soni 323 mingdan oshgan, talabalar soni esa 63 ming atrofida. Rasmiy raqamlar turlicha: O‘zbekiston manbalari 900 ming atrofida deydi, Rossiya tomoni esa 1,7 mlndan ziyod deb qayd etgan. Rossiyaga borish oson va barcha sohalarda ishchi kuchiga ehtiyoj katta. Demografik tanqislik tufayli Rossiyaga har yili yuz minglab migrantlar kerak bo‘ladi, shuning uchun o‘zbeklar bu bozorda uzoq yillar talabda bo‘ladi. Biroq xatarlar ham bor: migrantlar siyosiy bosim vositasiga aylanishi, ularni urushga jalb qilish, asossiz deportatsiya va chegarada kiritmaslik holatlari. Oxirgi yillarda o‘nlab o‘zbekistonliklar frontga yuborilgani yoki u yerda halok bo‘lgani aniqlangan. Shuningdek, Rossiya qamoqxonalarida minglab hamyurtlarimiz jazo o‘tamoqda. Ekspertga ko‘ra, O‘zbekistonga migratsiya bo‘yicha uzoq muddatli strategiya zarur. Rossiyadagi faollar va diaspora tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlikka sharoit yaratish, rus tili va kasb o‘qitish tizimini yo‘lga qo‘yish kerak. Migrantlar huquqlarini himoya qilish, aybsizlik prezumpsiyasiga rioya etish va sud ishlarida advokat yordamini ta’minlash muhim. Mahliyo Hamidova tayyorladi                    

Teglar

Mavzuga oid

Rossiya hamon o‘zbeklar uchun asosiy mehnat migratsiyasi yo‘nalishi — «Vatandosh»da yana nimalar gapirildi? | Vaqt.uz