Rossiya iqtisodiyoti 2023 yildan buyon ilk bor qulash bosqichida
Rossiya yalpi ichki mahsuloti (YAIM) yanvar oyida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,1 foizga kamaydi. Iqtisodiy rivojlanish vazirligi ushbu pasayishni ish kunlarining kamligi va kuchli sovuqlar bilan izohlamoqda.

Iqtisodiyotning asosiy drayveri bo‘lgan iste’mol talabi sezilarli darajada zaiflashdi. QQS stavkasining 22 foizga ko‘tarilishi ortidan narxlarning oshishi chakana savdo aylanmasi o‘sishini dekabrdagi 3,9 foizdan yanvarda 0,7 foizgacha tushirib yubordi. Xizmatlar sohasi ham 2,7 foizgacha sekinlashgan.
Mutaxassislar aholi real daromadlari va xarid qobiliyati o‘rtasidagi nomutanosiblikka e’tibor qaratmoqdalar. Ish haqining real o‘sishi dekabr oyida atigi 2,4 foizni tashkil etdi. Yuqori kredit stavkalari va inflatsiya bosimi tufayli uy xo‘jaliklarining iste’mol faolligi keskin sovigan. Faqatgina umumiy ovqatlanish sohasida xarajatlarning tezlashishi (15,1%) kuzatilgan.
Iqtisodiyotni ushlab turgan HSM
Hozirgi sharoitda Rossiya iqtisodiyotini asosan Harbiy-sanoat majmuasi ta’minlayotgan tarmoqlar ushlab turibdi. Harbiy mahsulotlar ulushi yuqori bo‘lgan sohalarda ishlab chiqarish o‘sishda davom etmoqda. Biroq qolgan tarmoqlarda vaziyat ancha murakkab.
Xususan, metallurgiya sanoatida 6,6 foizlik pasayish qayd etilgan bo‘lsa, avtotransport vositalari ishlab chiqarish 21,3 foizga qulagan. Qurilish sohasi ham anomal sovuqlar va bazaviy effekt tufayli 16 foizga qisqargan. Yuqori kredit stavkalari va jahon bozoridagi past narxlar ishlab chiqaruvchilarga qo‘shimcha bosim o‘tkazmoqda.
Prognozlar va istiqbol
2025 yilda Rossiya YAIM bor-yo‘g‘i 1 foizga o‘sgan edi. 2026 yil uchun prognozlar ham umidbaxsh emas: Iqtisodiy rivojlanish vazirligi 1,3 foizlik o‘sishni kutayotgan bo‘lsa, Xalqaro valuta jamg‘armasi (0,8 foiz) va Rossiya Markaziy banki (0,5–1,5 foiz) ko‘rsatkichlari ancha past.
Ekspertlarning fikricha, kalendar omillar olib tashlanganda ham iqtisodiyot stagnatsiya (turg‘unlik) holatiga yaqin turibdi. Harbiy buyurtmalardan tashqari iqtisodiy faollikning frontal pasayishi kuzatilmoqda. Bu esa joriy yilda iqtisodiy o‘sish sur’atlarining 1 foizdan ham past bo‘lishi xavfini yuzaga keltiradi.





