
Rossiya urushga 128 davlat aholisini jalb qildi: Aldov va tuzoqlar tafsiloti
Ugandalik farrosh, kamerunlik qorovul va yuzlab chorasiz qolgan migrantlar. Ular Rossiyaga yaxshiroq hayot ilinjida kelishgan, biroq qurol bilan qo‘rqitilib, tushunarsiz hujjatlarga imzo chektirilgach, Ukrainadagi o‘lim zonalariga tashlangan.

Rossiya hukumati Ukrainaga qarshi urushga xorijliklarni jalb qilish uchun soxta kadrlar agentliklari va yashirin migratsiya tarmoqlaridan foydalanmoqda.
The Telegraph nashirining yozishicha, yollanganlarning ko‘pchiligi urushga tayyorgarlikning yo‘qligi va qayerga tushib qolganini tushunmagani sababli frontga yuborilganidan keyin dastlabki 72 soat ichida halok bo‘lmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil oxiriga kelib Rossiya Afrika, Osiyo va Lotin Amerikasining 128 davlatidan 18 mingga yaqin odamni urushga yuborgan, ularning kamida 3300 nafari janglarda o‘ldirilgan.

Soxta va’dalar va yollash sxemalari
Ukrainada asirga tushgan 10 ming nafar rossiyalik harbiylarning 7 foizini xorijliklar tashkil etadi. Asirlarning ko‘pchiligi ularga dastlab front ortida tinch ishlar va’da qilinganini, biroq Rossiyaga kelishlari bilan pasportlari olib qo‘yilib, rus tilidagi tushunarsiz hujjatlarga majburlab imzo chektirilganini aytishmoqda.

Masalan, kamerunlik bir kishi internetdagi qorovul yoki oshpazlik haqidagi e’longa ishonib urushga tushib qolgan bo‘lsa, 43 yoshli ugandalik fuqaro farrosh yoki qo‘riqchi bo‘lib ishlash ilinjida qarz olib, Rossiyaga kelgan va kelishi bilan qurol bilan qo‘rqitilib, frontga haydalgan.
Fransiya xalqaro aloqalar instituti tadqiqotlariga ko‘ra, Rossiyalik yollovchilarning uslublari ko‘p jihatdan odam savdosi sxemalariga va Janubi-Sharqiy Osiyodagi firibgarlik markazlariga o‘xshab ketadi. Afrikada bu maqsadlarda ilgari noqonuniy migratsiyani tashkil etgan vositachilar va Rossiya bilan aloqasi bor mahalliy aholi ishga solingan bo‘lib, yollash ishlari ko‘pincha joylardagi agentlar orqali amalga oshirilmoqda.

Tadqiqotchi Terri Virkulonning tushuntirishicha, Rossiya migrantlar eng ko‘p keladigan davlatlarni yaxshi biladi va shunchaki mavjud tarmoqlar, hattoki sayyohlik agentliklar xizmatidan foydalanadi. Shuningdek, Mali va Markaziy Afrika Respublikasidagi «Vagner» guruhi bo‘linmalari ham bu jarayonda faol qatnashgan bo‘lib, chet elliklarning aksariyati o‘z vatanidagi kambag‘allik va chorasizlik sababli tuzoqqa tushirilgan.
Frontdagi shafqatsizlik
Front chizig‘ida afrikalik jangchilar tobora ko‘p uchramoqda va dronlar orqali olingan videolarda ularga nisbatan shafqatsiz munosabat aks etgan. Masalan, yanvar oyi boshida tarqalgan bir videoda ko‘kragiga mina bog‘langan qora tanli yollanma ishchiga qurol bilan tahdid qilinib, «tirik bomba» sifatida o‘lim zonasiga yugurishga buyruq berilgan bo‘lsa, boshqa bir videoda yangi kelgan afrikaliklarni ochiqchasiga «sarflanadigan material» deb atashgan.

Shu sababli JAR va Keniya kabi davlatlar o‘z fuqarolarini bunday firibgarlikdan ogohlantirmoqda va hozirda kamida to‘rtta mamlakat Rossiyadan o‘z fuqarolarini qaytarishni rasman talab qilmoqda.





