
Rossiyadagi maktabda sodir bo‘lgan qotillik ijtimoiy tarmoqlarda katta rezonans uyg‘otdi
16-dekabr kuni Rossiyada tojikistonlik bolaning o‘ldirilishi O‘zbekiston jamoatchiligida ham keskin muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilar ushbu fojiani nafaqat yakka jinoyat, balki migrantlarga nisbatan kuchayib borayotgan nafrat va ksenofobiyaning xavfli belgisi sifatida baholamoqda.

16-dekabr kuni Moskva oblastining Odinsovo okrugidagi maktabda 15 yoshli o‘smir tomonidan sodir etilgan pichoqli hujum oqibatida 10 yoshli tojikistonlik o‘quvchi Qobiljon Aliyev halok bo‘lganligi haqida xabar bergan edik. Bu voqea ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinib, o‘zbek jamoatchilik faollarining ham e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Eng alamlisi, rossiyaliklarda bo‘lib o‘tgan voqeada go‘dakka zarracha achinish yo‘q. Ijtimoiy tarmoqdagi qotilni oqlashga urinish kuchli, qurbon bo‘lgan bolakayni tahqirlab izohlar qoldirishmoqda.
Natsistik kanallardan birida sahnasi videosi ostida voqea yuzasidan shunday izoh qoldirilgan:
«Men kichkintoy ****jonkaga juda achinyapman. Endi bu kichik tojik hech qachon katta bo‘lmaydi va shuning uchun hech qachon hech kimni zo‘rlamaydi, hech kimni pichoqlab o‘ldirmaydi. «Krokus»dagidek terakt qilmaydi yoki qandaydir generalni yo‘q qilish uchun «xoxollar» rahbarligida diversiyada qatnashmaydi. Dostavkada ishlab, «shayton-moped» yoki «shayton-samokat» haydab, trotuarda odamlarni urib ketmaydi. Savdo markazlari va bolalar maydonchalarida namoz o‘qimaydi. Qurbon hayitida minglab «birodarlar» bilan Mir prospekti bo‘ylab yurmaydi. Va oxir-oqibat, o‘zi ham ota-ona bo‘lmaydi — kamida 6 nafar tojik dunyoga kelmaydi va ruslarning bo‘yniga «parazit» sifatida osilmaydi. Uning onasi va otasi, ehtimol, qolgan «jundor» bolalarini yig‘ib, ularning ikki-uchtasini ona kapitali uchun qavmdoshlaridan 10 ming rubl yig‘ib, etik sotib olgan holda, «rus fashizmi»dan qo‘rqib, quyosh nuri ko‘p bo‘lgan va mazali mandarinlar o‘sadigan shinam va iliq Tojikistonga qochib ketishadi».
Yuqoridagi fikrlarga «Mushtum» jurnali Telegram kanalida shunday post yozildi:
«Agar bir odam shovinist bo‘lsa, uni tushunish mumkin, agar katta bir davlatning ichida yuzlab shovinist bo‘lsa, bunga ham bahona topish mumkindir. Lekin minglab, millionlab odamlar shovinist bo‘lsa, demak, o‘sha xalq jar yoqasiga borib bo‘lgan. O‘zidan boshqani odam hisoblamaydigan manqurtga aylangan. Kechagi fojeadan ozgina vijdoni bor odam iztirob chekayotgan bir pallada, manavi postga e’tibor qiling — fojea mazax qilinayapti. Jallodga xayrixohlik bildirilayapti. Postni qo‘llab bosilgan layklarni ko‘rib, battar hayron qolasan: nahotki, Rossiyada shovinizm shu darajada kuchaygan bo‘lsa?! Eng dahshatlisi — post egasiga chora ko‘radiganlarning tomoshabin bo‘lib turishi, demak, shunday ishlarga «fatvo» berilgan degan xulosaga olib keladi».
Qotillik sodir etgan rus millatchisi o‘zi olgan videotasvirlarda bolalardan ularning millatini so‘ragani, so‘ngra qo‘riqchiga ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz sepib, boshqa o‘quvchilarga tashlanib, to‘rtinchi sinf o‘quvchisining bo‘yin va ko‘krak qismiga ko‘p martalab pichoq urgani aks etgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘qituvchi o‘z o‘quvchilarni xavfsizlik uchun sinfxonaga kiritmoqchi bo‘lgan, ammo Qobiljon qo‘rqib zina tomon qochgan.
Ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida ko‘plab insonlar Qobiljon uchun afsusda ekanligini bildirib, oilasiga hamdardlik bildirilgan fikrlar va videolavhalar joylashmoqda.
Taniqli jurnalist Ilyos Safarov o‘z Facebook sahifasida shunday yozadi:
«Bir narsa aniq, bu hodisa ambitsiyalari uchrab turadigan «navbatdagi jinoyat» emas. Bu — rus ambitsiyalari tobora kuchayib, millatchilik va ksenofobiyaning bolalar hayotiga ham ko‘chib ulgurgan aksi. Rossiya jamiyatida yillar davomida rus bo‘lmaganlarga nisbatan kuchayib borayotgan zo‘ravonlik va shu zo‘ravonlikni oqlash kayfiyati ana shunday fojialar uchun muhit yaratmoqda. Eng ayanchlisi shundaki, bunday fojialarda begunoh bolalar o‘zlariga aloqasi bo‘lmagan insonlarning shaxsiy ambitsiyalari, millatchilik va ksenofobiya bilan zaharlagan muhitning qurboniga aylanmoqda. Bolalar bu nafratni yaratmadi, uni tanlamadi, lekin aynan ambitsiyalari eng og‘ir oqibatlarni qabul qilmoqda. Xabarni o‘qib, ichimga og‘ir g‘ashlik, tushkunlik kirgandi. Ammo begunoh bolajonning pichoqlanishi tarmoqlarning rus segmentida ko‘plab rossiyaliklarni xursand qilayotgani, kuldirayotganini ham ko‘rdimki, endi dahshatga tushyapman. Xo‘sh, bir bolaning vafotidan xursand bo‘lish uchun jamiyat qanchalik botqoqqa botgan bo‘lishi kerak?!».
Filolog va jurnalist Shahnoza Soatova esa voqea yuzasidan fikrlarini quyidagicha ifodalagan:
«Ukrainada «fashizmga qarshi» kurashayotgan mamlakatning o‘smirlari Moskva biqinida milliy mansublikka ko‘ra odamlarni so‘ymoqda — bu holatni ta’riflashga so‘z topolmadim. Ma’lum bo‘lishicha, qotillikda gumonlanayotgan o‘smir bundan bir necha kun avval 11 varaqlik (!) «Mening g‘azabim» degan manifest yozib tanishlariga tarqatgan. Unda g‘ayridinlarga, boshqa millat vakillariga, ayniqsa, migrantlarga qarshi kuchli nafrat aks etgan. Afsuski, bunga hech kim e’tibor bermagan, chunki o‘smirning yozganlari Rossiyaning ayrim siyosatchilari tomonidan aytilayotgan chaqiriqlardan mazmunan uncha farq qilmas edi. Qolaversa, tarmoqda va OAVda tarqalgan cho‘kkalatib yurgizilayotgan migrantlar tasviri o‘smirlar ongida qanday xulosalar paydo qilishini taxmin qilish qiyin emas».
Ma’lumotlarga ko‘ra, bosqinchining sinfdoshlariga yuborgan «Mening g‘azabim» nomli manifestida yahudiylar, musulmonlar, aksilfashistlar va liberallarga qarshi nafratini izhor qilgani aytiladi. Uning qo‘lga olinayotgani aks etgan videotasvirlarda «hech kimning hayoti ahamiyali emas » degan mazmundagi gap yozilgan futbolka kiyganini ko‘rish mumkin.
Millatchi harbiy bo‘linma «DSHRG Rusich» o‘z telegram kanalida o‘smirning rus millatchilariga aloqasi yo‘qligini yozgan va bu palov festivallarini boshqaruvchi migrantlarning provokatsiyasi ekanini iddao qilgan.
Shuningdek, Shahnoza Soatova Rossiyadagi migrantlarga nisbatan sodir etilayotgan adolatsizliklarga ham munosat bildirgan.
«Oxirgi paytlarda bunday xatti-harakatlarga nisbatan davlatimiz tomonidan munosabatlar va noroziliklar bildirib borilyapti – juda yaxshi ish bo‘lyapti. Bundan keyin shunday munosabatlarni har bir holat bo‘yicha bitta qo‘ymay bildirib borishi kerak. Bundan tashqari norozilik notalarimizdagi talablar va so‘rovlarimizning amalga oshirilishiga erishishimiz ham lozim. Esingizdami, o‘zbek taksichisini «sen ruslarning qulisan» deb haqorat qilgan odam? U jazolandimi? Agar shundaylarning jazolanishiga erishilganida va buni OAV keng yoritganida, balki Timofey K.ning bugun Qobiljonga pichoq o‘qtalgan qo‘li bu qadar aniq harakat qilmas, nimadandir qo‘rqar edi, balki bola tirik qolardi. Jazosizlik jinoyatlarni quturtiradi – aksioma. O‘zbekiston o‘z fuqarolarini milliy ayirmachilik va migrantlarga qarshi nafrat balosi qarshisida yolg‘iz qoldirmasligi kerak. Qoldirmaydi ham! Joying jannatda bo‘lsin, Qobiljon. Onangga va yaqinlaringga sabr bersin»,— deb yozgan Soatova.
Jamoatchilik faoli Aziza Umarova shunday yozadi:
«Yangiliklarni o‘qib, dahshat hissi meni tark etmayapti. OAV xabarlarida bola Tojikistondanmi yoki O‘zbekistondanmi aniq ko‘rsatilmaydi. Faqat shu ma’lumki, bir yil oldin bolaning otasi vafot etgan (nima sababdan ekani noma’lum), onasi esa shu maktabda farrosh bo‘lib ishlagan. Jamiyat yillar davomida nafrat bilan «to‘ydirib» kelinsa, u izsiz ketmaydi. U baribir bir kuni yorib chiqadi —shafqatsizlikka, zo‘ravonlikka, milliy asosdagi qotilliklarga aylanadi. Yozishlaricha, bola o‘lim oldidan «dada» deb baqirgan. Yordamga otasini chaqirgan. Hayotda yo‘q bo‘lgan otasini...»
San’atshunos Iqbol Qo‘shshayeva esa shunday yozadi:
«Ikki yil oldin Nikita «Besogon» Mixalkovni tanqid qilganimda, yurtdoshlarimizdan ayrimlari: «Nega o‘zga davlat ishlariga aralashasan?» — deb koyishgandi. Bugun esa o‘sha «o‘zga davlat»ning qonli propagandasi qancha xalqlarning boshiga balo bo‘lyapti.
Avvalo — o‘zining! Badbaxt timofeylar hodisasi o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmadi. Ularni yaratishdi, boqishdi, semirtirishdi. Xudo nomi bilan, rus pravoslav cherkovi nomi bilan liberal-demokratlarga «satana» tamg‘asini bosishdi. Kimki shu «satanalar»ni — iblisu shaytonlarni yo‘q qilsa, jannat eshiklari ochiq, deb fatvo berdilar. Patriotizm niqobi ostida migrantlarga, markaziy osiyoliklarga nisbatan nafrat urug‘i sepildi — yillar davomida sug‘orildi. Tashqi «natsistlar» — «millatchilar» qonini to‘ka-to‘ka, o‘z bag‘rida haqiqiy natsistlaru millatchilarni voyaga yetkazishdi. Go‘yo oila muqaddasligi uchun kurashayotgandek. Ammo tul qolgan bevalar bir nechta yigitning umrini qimmatbaho mashinalaru imtiyozlarga almashtirib yuribdi. Jahon adabiyotida urushga qarshi yozilgan eng mashhur roman muallifining avlodi bugun — urush targ‘ibotchisi! Yozuvchi nafratlangan Moskva meri Rostopchin bilan bugun Dumada o‘tirgan Pyotr Tolstoy orasida qanday farq bor? Timofey — Putin Rossiyasining mevasi. Qobiljon — Putin Rossiyasiga mo‘ltirab turgan millatlarning ma’sum qurbonligi. Mazlum bolam, nochor bolam, hammamizni kechir. Qo‘rquvlaring jannatda senga qanot bo‘lsin»,— deya yozgan u.
Siyosatchi Kamoliddin Rabbimovning fikricha, postsovet hududida eng rossiyaparast jamiyatlar — bu avvalo Tojikiston, so‘ngra O‘zbekiston.
«Qo‘shni Qozog‘istonda rus tilini bilish darajasi juda yuqori, lekin qozoq, xalqi rossiyaparast emas. Rossiyaga eng ishonmaydigan jamiyatlar — Boltiqbo‘yi respublikalari, Ukraina. Eng qizig‘i — rus millatchilari avvalo o‘ziga eng moyil tojik va o‘zbeklarni nishon biladi. Lekin, latishlarga, estonlarga yoki ukrainlarga teginishdan qo‘rqadi», — deb yozadi u.
Yana bir Facebook foydalanuvchisi Farhod Nazarov o‘z sahifasida shunday yozadi:
«Bu yerda aybdor faqat pichoq tutgan qo‘l emas. Aybdor o‘sha qo‘lga nafratni tutqazgan mafkuradir. Aybdor maktab darsliklariga, Telegram kanallarga, davlat tiliga zo‘ravonlikni singdirgan tizimdir. Aybdor shovinizmga yo‘l ochib bergan rus rahbariyati va o‘z fuqarosini himoya qilishni eplay olmagan boshqaruvdir. Muhojir bolalar eng himoyasiz qurbonlarga aylandi. Ularga hech kim kerak emas: na o‘z davlatiga, na ularni qabul qilgan davlatga. Shu bois ularning qoni bilan yozilgan bu «tarbiya» kimgadir oddiy xabar, kimgadir esa statistika bo‘lib qolyapti. Bugun o‘ldirilgan 10 yoshli bola faqat bir oilaning fojiasi emas. Bu ikki davlat siyosati yaratgan qora hosiladir. Bu siyosat to‘xtatilmas ekan, bunga o‘xshash holatlar ertaga yana takrorlanaveradi», — degan u.
Ushbu voqea har qanday har qanday jamiyatni befarq qoldirmasligi va jiddiy qoralanishi kerak bo‘lgan jinoyat hisoblanadi. Begunoh bolaning millati yoki kelib chiqishi sababli zo‘ravonlik qurboniga aylanishi inson huquqlarining qo‘pol ravishda buzilishi, millatlararo hurmat tamoyillarining poymol etilishi va ksenofobiyaning xavfli darajaga chiqqanidan dalolat beradi. Bolalarni nafrat, mafkuraviy qarashlar yoki siyosiy manfaatlar qurboniga aylantirishni hech qanday bahona bilan oqlab bo‘lmaydi.
Bunday fojialar alohida shaxsning xatti-harakati sifatida emas, balki jamiyatda yillar davomida shakllantirilgan nafrat, bag‘rikenglikning yetishmasligi va ayrim guruhlarga nisbatan nafratli qarashlarning og‘ir oqibati sifatida baholanishi lozim.
Agar jamiyatda muayyan millat yoki ijtimoiy qatlamga nisbatan zo‘ravonlik odatiy holga aylansa, uning eng birinchi qurbonlari aynan o‘zini himoya qila olmaydigan bolalar bo‘ladi.
Inson huquqlari umuminsoniy qadriyat bo‘lib, ular millat, din yoki fuqarolikka qarab ajratilmaydi. Ularga nisbatan har qanday tajovuz nafaqat muayyan bir guruhga, balki butun jamiyatning ma’naviy asoslariga zarba beradi. Shu bois bunday holatlar faqat qoralanibgina qolmasdan, ularga olib kelayotgan sabablar ham ochiq va xolis muhokama qilinishi, nafrat va ksenofobiyani oqlovchi har qanday qarashlarga qat’iy qarshi turilishi shart.
Teglar






