
«Shirin qilib ko‘rsatilgan achchiq tabletka»: Nega ukrainaliklar xavfsizlik kafolatlariga ishonmayapti?
Parijda 30 dan ortiq davlat rahbarlari yig‘ilib, Ukraina uchun «mustahkam» xavfsizlik kafolatlarini e’lon qilishdi. Rejaga ko‘ra, AQSH nazorat o‘rnatadi, Fransiya va Britaniya esa qo‘shin joylashtiradi. Biroq, ukrainaliklarga bu hujjatlar shunchaki navbatdagi quruq va’dadek tuyulmoqda.

Yanvar oyi boshida 30 dan ortiq G‘arb davlatlari rahbarlari Parijda to‘planib, Rossiya bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilgan taqdirda kuchga kiradigan Ukraina xavfsizligi kafolatlarining yangi tizimini ishlab chiqishdi.
«Xohlovchilar koalitsiyasi» deb atalgan ushbu guruh niyat deklaratsiyalarini e’lon qildi. Unda AQSH boshchiligidagi o‘t ochishni to‘xtatish rejimini nazorat qilish mexanizmini yaratish hamda kelajakdagi tajovuzlarning oldini olish va Ukrainani himoya qilish maqsadida Fransiya va Buyuk Britaniya boshchiligidagi ko‘p millatli kuchlarni mintaqaga joylashtirish rejalari o‘rin olgan.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ushbu kafolatlarni «mustahkam» deb atadi. Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer esa kelishuv imzolangan taqdirda, London va Parij butun Ukraina bo‘ylab harbiy markazlar tashkil etishini hamda mamlakat mudofaa ehtiyojlarini qo‘llab-quvvatlash uchun qurol-yarog‘ va harbiy texnika saqlanadigan himoyalangan obyektlar qurishini bildirdi.
Boshqalar esa masalaga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishdi. Germaniya kansleri Fridrix Mers nemis qo‘shinlari o‘t ochishni to‘xtatishni nazorat qilish tashabbusiga qo‘shilishi mumkinligini, biroq ular qo‘shni davlatlardan birida joylashishini aytdi.
Litvaga tashrifi chog‘ida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy hukumat xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi kelishuvni AQSH Kongressi va Ukraina parlamentiga ratifikatsiya qilish uchun yuborishga «yuz foiz tayyor» ekanini ma’lum qildi.
«Biz uchun xavfsizlik kafolatlari, avvalambor, Qo‘shma Shtatlar tomonidan beriladigan kafolatlardir. Hujjat yuz foiz tayyor, biz faqat hamkorlarimiz uni imzolash sanasi va joyini tasdiqlashini kutyapmiz», — dedi Zelenskiy Vilnyusdagi matbuot anjumanida.
Biroq hujjat hali ochiqlanmagan, uning amaliyotda qanday tatbiq etilishi bilan bog‘liq tafsilotlar esa hamon ochiq qolmoqda.
«Agar bu hech qanday real amaliy vositalarga ega bo‘lmagan, shunchaki quruq istaklardan iborat navbatdagi hujjat bo‘lsa, yaxshisi bu haqda gap ochmagan ma’qul», — dedi Ukrainaning sobiq infratuzilma vaziri Vladimir Omelyan Al-Jazeera nashiriga.
Ko‘pgina ukrainaliklar ham hozirgi, ham urushdan keyingi kelajakdagi xavfsizliklariga shubha bilan qarashmoqda.
«Ochig‘ini aytsam, xavfsizlik kafolatlari haqida eshitganimda menda shubha uyg‘onadi. Agar ular Ukraina mustaqilligini mablag‘, siyosiy qo‘llov, harbiy ta’minot va texnologiyalar bilan ta’minlash majburiyatini olsa, ana o‘shandagina hammasi jiddiy bo‘ladi», — deydi Omelyan.
Omelyanning fikricha, bunday kafolatlarsiz Rossiya o‘z tajovuzini davom ettirish maqsadida o‘t ochishni to‘xtatish tartibi buzilganini iddao qilishi mumkin.
Kiyevdagi Ukraina xavfsizligi va hamkorligi markazi tahlil markazi rahbari o‘rinbosari Olesya Goryainova uchun har qanday kelishuvning buzilishi masalasi hal qiluvchi omil hisoblanadi. Uning ta’kidlashicha, Ukraina faqatgina ittifoqchilarning o‘z kafolatlarini bajarishiga tayanib qoladigan vaziyatga tushib qolmasligi kerak.
«Janglarda armiyalar g‘olib bo‘ladi, urushlarda esa logistika», — dedi u va Rossiya hozirda qurol-yarog‘ni «ommaviy ravishda» to‘playotganini ma’lum qildi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, faqat Ukrainaning harbiy va iqtisodiy ustunligi yoki kamida Rossiya bilan tengligi har qanday sulh barqarorligining kafolati bo‘lishi mumkin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bunga erishish uchun Ukraina qurol-yarog‘ yetkazib berilishini kutishi va hamkorlaridan mudofaa sektoriga investitsiyalar jalb qilishi lozim. «2025 yilda Ukraina mudofaa sanoatining quvvati 35 milliard yevroni (42 milliard dollar) tashkil etdi, biroq mablag‘ yetishmasligi sababli u bor-yo‘g‘i 50 foiz quvvat bilan ishladi. 2026 yilda yetarli investitsiyalar kiritilsa, bu salohiyat ikki baravar oshishi mumkin», — deya ta’kidladi Goryainova.
Kiyevdagi Mudofaa strategiyalari markazi rahbari Aleksandr Xaraning aytishicha, mustaqil mudofaa sanoati Ukrainani AQSHning ketma-ket ma’muriyatlari, jumladan, prezident Jo Bayden va amaldagi prezident Donald Tramp tomonidan qo‘yilgan «cheklovlar»dan xalos etadi.
Xara bu kafolatlarni Tramp ma’muriyatining hududiy yon bosishlarni «achchiq tabletkani shirin qilib ko‘rsatish»ga urinishi deb hisoblaydi.
Javob choralari
Parij sammitidan so‘ng, AQSHning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff «qat’iy» xavfsizlik protokollari Ukrainaga qarshi keyingi hujumlarning oldini olishga qaratilganini bildirdi.
Biroq ukrainalik tahlilchilar Kiyev hamkorlarida shoshilish hissi yetishmayotganini, bu esa ittifoqchilar qanchalik tez safarbar bo‘la olishi borasida savollar tug‘dirayotganini ta’kidlamoqda.
Jangovar harakatlarda bevosita ishtirok etish tajribasiga ega Omelyanning aytishicha, kelishuv buzilgan taqdirda, javob choralari haftalar yoki oylar talab qilishi mumkin, Ukraina armiyasida esa bunday ortiqcha vaqt yo‘q.
«Agar qoidabuzarlik yuz bersa, haqiqat shuki, Ukraina armiyasi birinchi kundanoq Rossiyaga qarshi jang qilishiga to‘g‘ri keladi. Agar bunga qodir bo‘lsak, mudofaa chizig‘ini saqlab qolamiz, qarshi zarba beramiz va Ukraina mustaqilligini asrab qolamiz. Agar xalq va armiya sifatida bunga qodir bo‘lmasak, mag‘lubiyatga uchraymiz», — deydi u.
Kafolatlar qog‘ozda har doim chiroyli ko‘rinadi
Ehtimoliy o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha yuqori darajadagi diplomatik muzokaralar davom etayotgan bir paytda, Al-Jazeera nashri suhbatlashgan ukrainaliklar ularni siyosiy jarayonlardan ko‘ra ko‘proq kundalik muammolar — masalan, Rossiyaning infratuzilmaga tinimsiz hujumlari fonida uylarini issiq saqlash ko‘proq tashvishlantirayotganini aytgan.
Abu-Dabida Ukraina, Rossiya, AQSH va BAA rasmiylari uchrashayotgan bir mahalda, Rossiya Kiyev tomon 100 dan ortiq dron va raketalar uchirdi. Bu odamlarni qorong‘ulikda metro bekatlaridan panoh izlashga majbur qildi.
Deyarli to‘rt yildan beri davom etayotgan urushdan so‘ng, ko‘pchilik bu kabi diplomatik yangiliklarni kundalik ravishda kuzatib bormayotganini bildirgan.
«Bu kafolatlar qog‘ozda har doim chiroyli ko‘rinadi, lekin shuncha yillik urushdan keyin bular shunchaki quruq gapdek tuyulmoqda», — deydi Lvovlik Nazar Xomin.





