add

Taksichilar daromadi, Samarqanddagi nepotizm va «Karvon yo‘lidagi tahdidlar»ga javob — 6-fevral dayjesti

Kecha 23:234 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Taksichilar daromadi, Samarqanddagi nepotizm va «Karvon yo‘lidagi tahdidlar»ga javob — 6-fevral dayjesti

Toshkentda yong‘in xavfsizligiga rioya etmagan binolar yopildi

Toshkent shahri bo‘ylab o‘tkazilgan keng ko‘lamli tekshiruvlar natijasida Mirzo Ulug‘bek, Chilonzor, Yunusobod va boshqa tumanlardagi jami 10 ta ko‘ngilochar va savdo majmuasi faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. FVBB xabariga ko‘ra, mazkur obyektlarda yong‘in xavfsizligi qoidalari qo‘pol ravishda buzilgani aniqlangan. Endilikda ushbu majmualar barcha kamchiliklar to‘liq bartaraf etilmaguncha o‘z ishini qayta tiklay olmaydi.

Nazorat tadbirlarining kuchaytirilishi joriy yil 31-yanvarda «Aviator» savdo markazida yuz bergan, yosh bola o‘limiga sabab bo‘lgan fojiali yong‘in bilan bog‘liq. Mazkur holat yuzasidan hozirda jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Mutasaddilar bu kabi fojialarning oldini olish maqsadida jamoat gavjum bo‘ladigan binolarda tekshiruvlar davom etishini bildirgan.

Burxonov samarqandlik amaldorlarni ishdan bo‘shatish haqida taqdimnoma kiritilganini aytdi

Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi direktori Akmal Burxonov Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rahbarlarini lavozimidan ozod etish bo‘yicha vazirlikka taqdimnoma kiritilganini ma’lum qildi. Aniqlanishicha, Sankt-Peterburgdagi «Alvon yelkanlar» bitiruvchilar tadbiriga aslida iqtidorli o‘quvchilar borishi kerak bo‘lgan, biroq boshqarma boshlig‘i Muzaffar Hamdamov va boshqa xodimlar ular o‘rniga o‘z farzandlari hamda jiyanlarini yuborishgan. Ushbu «sayohat» uchun budjetdan noqonuniy sarflangan 28 million so‘m mablag‘ allaqachon davlatga qaytarildi.

Mazkur voqea jamoatchilikda keskin e’tiroz uyg‘otdi, chunki boshqarma mutasaddilari 1200 dan ortiq maktabi bor viloyatda «munosib nomzod topilmadi» degan vaj bilan yaqin qarindoshlarini tanlagan. Bundan tashqari, safar xarajatlari uchun jami 96 million so‘m mablag‘ sarflangani shubhali savollarni yuzaga keltirgan. Hozirda ushbu nepotizm va suiiste’molchilik holati yuzasidan qat’iy choralar ko‘rish va mas’ullarni javobgarlikka tortish jarayoni davom etmoqda.

O‘zbekistonda taksichilar qancha daromad topmoqda?

2025 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda taksi agregatorlari orqali amalga oshirilgan xizmatlar hajmi 9,6 trln so‘mni tashkil etib, jami 479 million marta yo‘lovchi tashilgan. Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, sohada shaffoflik ortishi natijasida 574,6 ming nafar haydovchi o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Daromadlar taqsimotida sezilarli o‘sish kuzatilib, 15,5 ming nafar haydovchi yiliga 100 mln so‘mdan ortiq, 36,9 ming nafari esa 50 mln so‘mdan 100 mln so‘mgacha daromad ko‘rgan. Bitta safar uchun o‘rtacha chek miqdori 20 ming so‘mdan oshgan.

Bozorda naqd pulsiz to‘lovlar ulushi ortib, 2,8 trln so‘mga yetgan bo‘lsa-da, hali ham asosiy qism (70 foiz) naqd hisob-kitoblarga to‘g‘ri kelmoqda. Haydovchilarning asosiy qatlamini 30–50 yoshdagilar tashkil etsa, ayol haydovchilar soni 4,7 ming nafarga yetdi. Avtomobillar parkida «Cobalt» (23,7%) yetakchilikni saqlab qolgan, elektromobillar ulushi esa qariyb 2 foizni tashkil etmoqda. Soliq tushumlari bo‘yicha agregatorlar tomonidan yil davomida budjetga 128,2 mlrd so‘m to‘langan.

Yanvar oyida inflatsiya darajasi 0,7 foizga pasaydi

2026 yil yanvar oyida O‘zbekistonda iste’mol narxlarining oylik o‘sishi 0,7 foizni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan o‘zgarishsiz qolgan bo‘lsa-da, yillik inflatsiya darajasi sezilarli darajada pasayib, 9,9 foizdan 7,2 foizga tushdi. Oziq-ovqat mahsulotlari narxi oy davomida 0,8 foizga oshgan bo‘lsa, nooziq-ovqat tovarlari va xizmatlar narxlarining yillik o‘sish sur’ati 8,1 foizgacha sekinlashdi. Hududlar kesimida eng yuqori yillik inflatsiya Farg‘ona viloyatida (7,7 foiz), eng pasti esa Jizzaxda (6,7 foiz) qayd etildi.

E’tiborli jihati, yanvar oyidan boshlab inflatsiyani hisoblashda xalqaro standartlarga asoslangan yangi raqamli metodologiya qo‘llanila boshlandi. Endilikda narxlar nafaqat planshetlar, balki onlayn-kassa cheklari va veb-skraping usullari orqali ham kuzatiladi. Iste’mol savatiga elektromobillarni quvvatlash, elektr samokatlar ijarasi va sun’iy intellekt xizmatlariga pullik obunalar kabi zamonaviy xizmatlar ham kiritilgan bo‘lib, ma’lumotlar oyiga 11 kun emas, balki 25 kun davomida to‘planadi.

Abdusaid Ko‘chimov: «Karvonimizga tahdid soladigan har qanday kuchning popugini pasaytirib qo‘yishimiz shart»

Oliy Majlis Senatining 5-fevral kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida senator Abdusaid Ko‘chimov so‘zga chiqib, O‘zbekiston har qanday tashqi kuchning vasiylik yoki bosim o‘tkazishga urinishlarini qat’iy rad etishi lozimligini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, hozirgi murakkab geosiyosiy sharoitda davlat o‘z milliy manfaatlarini himoya qilishda prinsipial va izchil pozitsiyani saqlab qolishi shart.

«Karvonimizga tahdid soladigan har qanday kuchga, akillagan har qanday laycha yoki qashqirga qarshi o‘z joyida qat’iy javob berishimiz, ularning popugini pasaytirib, aqlini kirgizib qo‘yishimiz shart», - dedi Abdusaid Ko‘chimov ayrim tashqi kuchlarning o‘zini ustun qo‘yishga intilishlarini tanqid qilgan holda.

Senatorning fikricha, mamlakat faqat birlik, iroda va izchil amaliy ishlar orqali tashqi bosimlarga qarshi turib, oldiga qo‘yilgan strategik maqsadlarga erisha oladi.

Teglar

Mavzuga oid