add

«Toki resurs bor ekan, Putin urushni davom ettiraman, deb o‘ylayapti» — iqtisodchi Rossiyadagi ahvol haqida

Rossiya iqtisodiyoti urush xarajatlarini qanchalik ko‘tara oladi? Putin aytganidek, ularni rostdan ham qisqartirish mumkinmi? Mudofaa sanoati iqtisodiyotda drayver rolini o‘ynay oladimi va nega og‘ir iqtisodiy vaziyatga qaramay rossiyaliklar hayot yaxshilanganini aytishyapti?

«Toki resurs bor ekan, Putin urushni davom ettiraman, deb o‘ylayapti» — iqtisodchi Rossiyadagi ahvol haqida
Iqtisodchi Vladimir Milov bu jarayonlarni Republic nashriga bergan intervyusida tushuntirdi. — Yaqinda Putin Rossiya iqtisodiyotini G‘arb davlatlari iqtisodiyotlari bilan taqqoslar ekan, o‘z uslubida shunday dedi: «Ular doim bizni o‘ldi deyishadi. Holbuki o‘zlari yaqin orada tugab bitishadi». Rostdan ham G‘arb Rossiya iqtisodiyotiga zarar yetkazish uchun alohida sa’y-harakat qilishga majburmi? Yoki Rossiya iqtisodiyotida shundoq ham og‘ir jarayonlar davom etayaptimi? — Rossiya iqtisodiyoti katta tezlikda jarga qarab ketmoqda. Unda u yerdan chiqib ketish uchun biror yorug‘ istiqbol ko‘rinmayapti. Bu shunchaki vaqtinchalik inqiroz emas. Bu so‘nggi 40 yilda deyarli uchratilmagan noodatiy vaziyat. Rossiya bu vaziyatdan chiqib keta olishiga umuman umid qolmagan. Uch yil oldin Xitoy qutqaradi, import o‘rnini bosish ish beradi, ichki talabga tayangan rivojlanish boshlanadi, degan umidlar bor edi. Bugun esa bunday narsalarning hech biri ishlamayapti. Xitoy Rossiyaga hech narsa berish niyatida emas. Qolaversa, u o‘layotgan, chirib borayotgan iqtisodiyotga sarmoya kiritishni ham xohlamayapti. Yaqinda Finlandiya Banki qoshidagi o‘tish davri iqtisodiyotlari instituti tadqiqot e’lon qildi. Unda Xitoyning Rossiyaga sarmoyalari qisqargani ko‘rsatilgan. Sarmoyalar shundoq ham juda oz edi — YAIMning yuzdan bir qismi darajasida. Endi shu ham kamaygan. Aholining 70 foizi kambag‘al, shu bois biz ichki talabni shakllantira olmaymiz. Rivojlanishni esa, albatta, bunday talabga suyanish orqali qurib bo‘lmaydi. Agar Putinning tadbirkorlar bilan majlislarini yoki turli biznes-forumlarni kuzatsak, ular ko‘targan asosiy muammolardan biri — ichki bozorimizning yetarli darajada yirik emasligi. Shu sababli raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish imkonsiz. Bozor shunchalik torki, u yetarli talab hosil qilmayapti. Agar qandaydir ayfonga o‘xshash narsa ishlab chiqarmoqchi bo‘lsangiz, uni albatta eksport qilishga majbur bo‘lasiz. Chunki ichki bozor unga kerakli miqyosda talab yarata olmaydi. Import o‘rnini bosish rejasi ham kutilganidek, muvaffaqiyatsizlikka uchrayapti. XXI asrda raqobatbardosh mahsulotni faqat keng ko‘lamli xalqaro kooperatsiya doirasida ishlab chiqarish mumkin. Buni Chemezov, Manturov va ichki ishlab chiqarishga suyangan avtokratik tizim tarafdorlarining peshonasiga o‘yib yozish kerak. Axir biz XV asrda emas, XXI asrda yashayapmiz. Hamma ham buni tushunib yetmagan, lekin bu — fakt. Biroz oldin bunday tizim ishlaydi, degan umidlar bor edi. Dunyodan uzilgan holda ham raqobatbardosh iqtisodiyotga aylanish mumkin, deb o‘ylashardi. Ammo endi biz shiddat bilan KXDR tomon sho‘ng‘ib ketyapmiz. Albatta, biz KXDR emasmiz, lekin bizdagi yagona farq — hududimiz katta va o‘z tabiiy resurslarimiz bor. Lekin yo‘nalishimiz shu taraf va bu botqoqdan chiqish uchun hech qanday istiqbol ko‘rinmayapti. Putinning ritorikasiga kelsak. U reallikdan tobora uzoqlashib bormoqda. Buni oddiy kuz bilan ham payqash mumkin. U doimo takrorlaydigan bir fikri bor: go‘yoki Rossiya dunyoda to‘rtinchi, Yevropada esa birinchi o‘rindagi iqtisodiyotga ega. Ilgarilari u buni xarid qobiliyati pariteti (XQP) bo‘yicha deb izohlardi. Hozir esa, masalan, Sankt-Peterburg iqtisodiy forumida u bunday izohni ham bermadi — shunchaki: «Biz — Yevropadagi birinchi raqamli iqtisodiyotmiz», dedi. Shunda Germaniya, Britaniya, Fransiya va Italiya hayratdan bir chetda turishibdi. Bu yerda yana bir jihatga e’tibor berish kerak: XQP — bu shartli tahliliy ko‘rsatkich bo‘lib, u faqatgina juda tor tahliliy maqsadlarda, masalan, kundalik hayot darajasini taqqoslash uchun ishlatiladi. Lekin u iqtisodiyot hajmini baholash uchun ishlatilmasligi kerak. Oddiy savol: agar hamma narsani XQP bo‘yicha hisoblasak, unda Ayfonni 5–10 ming rublga qayerdan sotib olsam bo‘ladi? Yoki, masalan, Putin ishsizlik darajasi past ekanini o‘z yutuqlaridan biri sifatida ko‘rsatadi. Lekin mana yaqinda Rossiya Markaziy bankining moliya kongressida German Gref chiqish qildi va ochiqchasiga shunday dedi: ishsizlik darajasining pastligi — bu juda yomon, bu iqtisodiyot uchun jiddiy xavf, biz esa hozircha buni yengishning ilojini topa olmayapmiz. Rostini aytaman, mamlakat rahbariyati tomonidan iqtisodiy vaziyat bo‘yicha aytilgan so‘zlarda bunday darajadagi noto‘g‘ri, reallikdan uzoq bayonotlarni hayotimda eslay olmayman. Hatto Leonid Brejnev ham KPSSning XXVI s’ezdida shunday tan olgan edi: reja bajarilmayapti, davlat aholini normal oziq-ovqat bilan ta’minlay olmayapti. Hozir esa, Putin hamma narsa jar yoqasiga qulab borayotgan paytda, go‘yo hammasi joyida, go‘yo G‘arbdan ham yaxshi rivojlangan sog‘lom iqtisodiyotga egamiz, degan tasavvurni yaratishga urinyapti. Bu kulgili emas. Eng qizig‘i, buni endi iqtisodiy detallarga unchalik kirib bormagan jahon miqyosidagi keng omma ham payqay boshlayapti. Ammo uning oldida boshqa yo‘l qolmagan. U shunchaki, bu muammolardan qanday chiqish haqida reja chizib bera olmaydi. Shuning uchun qolgan yagona varianti — fantastik manzara yaratish va yomon o‘yinda yaxshi qiyofa saqlashdir. — Siz German Grefni tilga oldingiz. Yaqinda u deputat Makarovni ortiqcha gap-so‘zlardan to‘xtatmoqchi bo‘lgandi. Lekin oxirgi kunlarda uning o‘zi ham o‘z xavotirlarini ochiqroq ifoda eta boshladi: «Aytgancha, 2026 yil ham oson yil bo‘lmaydi, deb kutilyapti. Shuning uchun biz 2025 yilda yaxshi formaga kirib olishimiz kerak, shunda 2026 yilda ham investorlarimizni noumid qilmaymiz. <…> Albatta, ko‘p narsa geosiyosatga, YAIM o‘sish dinamikasiga, shubhasiz, Markaziy bankning stavkasi dinamikasiga bog‘liq bo‘ladi». Bunday xavotirli bayonotlar nima haqda so‘z yurityapti? Tarkibda parchalanish boshlanyaptimi? — U yerda maksimal darajada chuqur bo‘linish yuzaga kelib bo‘lgan. Va u kecha paydo bo‘lgani yo‘q. Bu Putin bilan qolgan hammaning o‘rtasidagi bo‘linish. Bir oz aqli bor odam ham tushunadi: Putin yuritayotgan siyosat halokat bilan tugaydi. Ilgari ular bu haqda juda ehtiyotkorlik bilan gapirardi. Ammo bugun bu gaplar shunchalik ochiq va qaynoq tus oldiki, bunga faqat bitta izoh bor: muammolar miqyosi shunchalik jiddiyki, endi sukunat saqlash mumkin emas. Ertasiga bu sunamidek hammani yutib ketadi. Ko‘rinib turibdiki, ular juda qo‘rqishyapti. Eng asosiy jihat — bu qo‘rquv. Bizda doim shunday umid bor: go‘yo elitalarda qandaydir ichki bo‘linish yuzaga keladi va u Putinga qarshi harakatlarga olib keladi. Lekin bunday harakat bo‘lmaydi, chunki ular qattiq qo‘rqishadi. Ular muammolar haqida gapirayotganda ham ko‘zlaridagi qo‘rquvni ko‘rish mumkin. Ularning bu muammolar haqida gapirishdan juda qattiq qo‘rqayotgani seziladi. Ammo gapirmasdan ham iloji yo‘q. Yaqinda Markaziy bankning moliyaviy kongressi bo‘lib o‘tdi, u yerda VTB rahbari Kostin va Markaziy bank raisi Nabiullina chiqish qilishdi. Ular ochiq aytdi: hozirgi inflyatsiyaning asosiy manbasi — harbiy xarajatlar. Mening xotiramda hozirgi iqtisodiy qiyinchiliklarda harbiy xarajatlar muammosi bunchalik yaqqol tilga olinishi birinchi bor ro‘y berdi. Demak, hammasi tushunib turibdi. Ular bu haqda ovoz chiqara boshlashganining o‘zi vaziyat nazoratdan chiqib borayotganini bildiradi. bugungi vaziyatdagi asosiy muammo nimada? Xuddi shuni German Gref ham tushuntirdi. U tadbirkorlarning investitsiyaviy faoliyati keskin tushib ketganini ta’kidladi. U shunday dedi: Sberbank Rossiyadagi korporativ kreditlar portfelining taxminan 2/3 qismini kreditlashtiradi. Va bu tadbirkorlar investitsiyani to‘xtatyapti — biz buni birinchilardan bo‘lib ko‘ryapmiz, dedi u. Unga ko‘ra, bu to‘xtashlar shu qadar tezki, bunga aql bovar qilmaydi. Ya’ni tadbirkorlar sarmoya kiritishni to‘xtatishyapti. Lekin butun elitaning asosiy muammosi shundaki, ular hali-hanuz ana shu asosiy muammolar — urush, dunyodan ihotalanish va boshqalar haqida gapirayotganda ularni faqat chetlab o‘tib tilga olishyapti. Ular buni Markaziy bank stavkasi mavzusi bilan almashtirib, go‘yo shu stavka qutqaruvchi sehrli tayoqcha bo‘ladi, deb o‘ylashyapti. Lekin men ochiq aytaman: bunday bo‘lmaydi. Chunki ular masalani to‘g‘ri qo‘yish — bularning hammasi aynan putincha modelning oqibati, deb aytish o‘rniga iqtisodiy kasalliklarni go‘yo yalpiz bilan bilan davolashga urinyapti. Go‘yo Markaziy bank stavkasi bunday vaziyatda iqtisodiyotni qutqaradi. Ammo stavka ham osmondan tushmagan. U — yuqori inflyatsiya oqibati. Inflyatsiya esa iqtisodiyotga ulkan miqdorda pul chiqarilishi, ya’ni urush xarajatlari tufayli yuzaga kelgan. Ammo ayni paytda ishlab chiqarish rivojlantirilmagan va natijada bu pullar narxlarning o‘sishiga olib kelgan. Xo‘sh, stavkani pasaytirsak, nimasi o‘zgaradi? Hech narsa o‘zgarmaydi. Ular, aslida, xuddi shu haqida gapirishyapti. Bu ular uchun yechilmas muammoli ziddiyat. Stavkani majburiy tarzda pasaytirish inflyatsiyaning turkcha modeliga, yoki 1990-yillar boshidagi rossiyacha modeliga o‘xshash giperinflyatsiyaga olib kelishi mumkin. Shuning uchun elita ichida albatta bo‘linish bor. Ular, albatta, butun bu siyosatni to‘xtatib, qandaydir «normal holat»ga qaytishni xohlashardi. Albatta, Chemezov yoki Manturov kabi kamsonli istisnolardan tashqari. Lekin ular Putinga qarshi hech narsa qila olmaydi. Chunki bunday imkoniyatlari yo‘q. Ular ta’qiblardan juda qo‘rqishadi. Qolaversa, o‘zingiz ham ko‘ryapsiz: bugun ta’qiblar bevosita Rossiyaning siyosiy elitasidagi eng yuqori qatlam vakillarini ham qamrab olmoqda. Men o‘zimning manbalarim bilan suhbatlashganimda, ular istehzo bilan kulishadi va shunday deyishadi: «Bizda bu yerda (ya’ni yuqori nomenklaturada) sizdaqalarni emas, o‘zimizni ko‘proq qamashyapti». Agar yangiliklarni kuzatsangiz, bu fikr tasdig‘ini topadi. Ular hatto qahvaxona yoki boshqa joylarda birov bilan ikkilanib «Putin yomon» degan mazmunda suhbat qilishdan ham qo‘rqishadi. Chunki har qanday suhbat yozib olinishi, keyin esa «kerakli joyga» yetkazilishi mumkin. Shuning uchun ularning qolgan yagona imkoni — forumlarda qandaydir yuzaki, mavhum fikrlarni muhokama qilish. Masalan: «Ehtimol, stavkani tezroq tushirsak, o‘zimizni bu chuqurlikdan sug‘urib chiqarmiz», qabilida. Aytgancha, Piter iqtisodiy forumida deputat Makarovning chiqishini eslaylik. U: «Yigitlar, sarmoyalarsiz hech narsaga erishmaysizlar», degan edi. Mana shu — asosiy kalit. Rossiya iqtisodiyotini yana o‘sishga qaytarish uchun sarmoya kerak. Ammo qonunlar ishlamaydigan, sudlar adolatli qaror chiqarmaydigan, mulkni esa «kimgadir kerak bo‘lib qolsa» olib qo‘yish mumkin bo‘lgan joyga kim ham sarmoya kiritadi? — Axir yaqinda Putin mudofaa xarajatlarini qisqartirish rejalashtirilayotganini aytdi. Bu, go‘yoki, yaxshi xabar. Lekin shu zahoti bir nechta savol paydo bo‘ladi: ular bundan keyin «SVO» deb ataluvchi urushda maqsadlarga qanday erishmoqchi? Agar Z-blogerlarni o‘qisak, ular doim frontda qurol, snaryad va texnika yetishmovchiligidan shikoyat qilishadi. Ikkinchidan, endi kech emasmi? Bu, umuman, byudjet xarajatlarini sezilarli tejashi mumkinmi? — U mudofaa xarajatlarini qisqartirish haqida gapirganida, u aslida NATO a’zosi bo‘lgan davlatlar xarajatlarini ko‘paytirishni rejalashtirayotganini tanqid qilayotgandi. Shuning uchun bu gapni o‘sha kontekstda qabul qilish kerak. Bu go‘yoki kontrast yaratish uchun aytilgan: go‘yoki biz tinchlik tarafdorimiz, ular esa — urushqoq. Lekin bu mutlaqo «Oruelcha» bayonot. Bunday rejalar yo‘q. Mudofaa xarajatlari eksponensial o‘sishda davom etyapti. Aytgancha, qurol yetishmasligidan faqat Z-blogerlar emas, Putinning o‘zi ham shikoyat qilgan. Aprelda bo‘lib o‘tgan harbiy-sanoat komissiyasi yig‘ilishida u «urush vositalari yetishmayapti» deb aytgan edi. Shuning uchun mudofaa xarajatlari real ravishda qisqartirilishi mumkin, deb kutmaslik kerak. Hozircha barcha shamollar aksincha — kengaytirish tarafga esmoqda, to‘g‘risi, u shunchaki yolg‘on gapirdi. Bu unga xos holat. Mudofaa xarajatlari iqtisodiyot uchun drayverga aylanadi, degan gaplarga kelsak — hozircha bu bajarilmayapti. Agar harbiy ishlab chiqarishning ulushini turli ko‘rsatkichlar — masalan, sanoat ishlab chiqarishi, qo‘shimcha qiymat, mehnat bozori va hokazolarda — tahlil qilsangiz, bu jami iqtisodiyotning 10 foizidan ham kam. Bu yetarli emas. Agar qolgan tarmoqlar bilan shug‘ullanilmasa, 10 foiz sizni hech qayerga yetaklay olmaydi. Aynan harbiy sektor iqtisodiyotni qizitish, narxlarning o‘sishi, mehnat bozorida tanqislik yaratish va umuman, fuqarolik sektoridan resurslarni so‘rib olish uchun yetarli bo‘ldi. Lekin u fuqarolik tarmoqlarini harakatga keltiradigan yetakchi kuchga aylana olmadi. Bu uchun u kamida iqtisodiyotning uchdan bir qismini tashkil etishi kerak. Mamlakat katta, iqtisodiyot katta, 100 ta harbiy zavod bilan bu kabi ulkan mamlakatni tortib chiqib bo‘lmaydi. Undan chiqarish uchun iqtisodiyotning yarmi harbiy sektorda ishlashi kerak bo‘ladi. Lekin resurs yetishmovchiligi tufayli buning o‘zi amalga oshmaydi. Hozir mavjud harbiy sektorning o‘ziga ham yetarli resurs yo‘q. «Harbiy sektor butun iqtisodiyotni tortadi» degan g‘oya matematik jihatdan ham ishlamaydi. Hozirda iqtisodiyotdagi ulushi 10 foizdan ham kam bo‘lgan harbiy sektorning o‘ziga allaqachon resurs yetmayapti. Yana bir muhim jihat — harbiy sektor iqtisodiy o‘sish manbai bo‘lishi mumkin, degan gap faqat bir holda o‘rinli bo‘lardi: agar Rossiyaning harbiy sanoati G‘arbdagiga o‘xshagan bo‘lsa. Ya’ni, agar harbiy-sanoat kompleksidan fuqarolik sohasiga texnologiyalar, kadrlar va bilimlar oqimi bo‘lsa. Lekin buning hech biri mavjud emas. Buning ikki asosiy sababi bor. Birinchi sabab: agar siz har qanday mudofaa korxonasi rahbariyati bilan gaplashsangiz, hatto fuqarolik mahsulotlari ham ishlab chiqaradiganlari bilan, ularda shunchaki manyakona, paranoyik maxfiylik tizimi joriy etilganini ko‘rasiz. Hamma narsa qat’iy tarzda ajratilgan: fuqarolik sexida ishlaydigan xodimlarga korxonaning harbiy mahsulot ishlab chiqaradigan hududiga kirish taqiqlangan. Masalan, Airbus kompaniyasi bor — u fuqarolik mahsulotlari ham ishlab chiqaradi. Lekin u bilan birga Airbus Defense deb nomlangan harbiy bo‘limi ham bor. U yerda yagona infratuzilma, yagona muhandislar jamoasi va boshqa qator umumiy elementlar bor. Rossiyada esa hammasi butunlay boshqacha, hatto sovet ittifoqidagidan ham yomonroq. Bu yerda maxfiylik haqida ko‘proq ta’qib maniyasi mavjud. Shuning uchun ham resurslar, g‘oyalar, bilimlar va texnologiyalarning fuqarolik sohasiga o‘tishi umuman yuz bermayapti. Bir necha hafta avval «Rostex» rahbari Chemezov Putin bilan uchrashdi. Va u navbatdagi marta unga «Rostex»ning fuqarolik mahsulotlari ulushi «maxsus harbiy amaliyot» deb ataluvchi jarayon davomida jiddiy kamayganidan shikoyat qildi. Ya’ni, fuqarolik va harbiy sohalar o‘rtasida «fayervol» — devor bor va ular o‘zaro aloqa qilmayapti. Demak, harbiy sanoat fuqarolik sohasiga hech qanday turtki bermayapti. Ikkinchi sabab: Rossiya harbiy sanoati mutlaqo monopoliyalashgan va shaffof emas. Hatto Stalin davridagidan ham battarroq. Chunki o‘sha paytda, har holda, alohida ishlab chiqaruvchilar va konstruktorlik byurolari o‘rtasida raqobat bo‘lishi muhimligi anglashilardi. Putin esa hammasini holdinglarga birlashtirib yubordi. Ya’ni, oddiy qilib aytganda — monopoliyalar yaratdi. Ular nima qilmoqda? Sifatni pasaytira turib, narxlarni doim oshirishmoqda. Boshqa yo‘li yo‘q. Men doim takrorlayman: Putinga iqtisod fanidan darslik sovg‘a qilish kerak. Natijada — mutlaqo samarasiz harbiy sektor paydo bo‘ldi. Ularning o‘z bahslarini tinglang. Chemezovning RBKdagi so‘nggi maqolasida ularning rentabellik darajasi past ekanligi aytilgan. Putin esa doim ularni harbiy mahsulotlar narxini avval boshda kelishilgan narxlarga nisbatan sun’iy oshirganlikda ayblaydi. Endi o‘ylab ko‘ring, shunday tizim raqobatbardosh fuqarolik mahsuloti ishlab chiqara oladimi? Albatta, yo‘q. Shuning uchun «harbiy iqtisodiyot» g‘oyasi oxir-oqibat o‘zining bor budini namoyon qildi va aynan shunday bo‘lishi kerak ham edi. Ular u yerga katta pullarni tiqishtirishdi. Lekin bu soha shundoq ham imkoniyat chegarasida ishlayapti — rentabellik past. Butun soha bugun ham qo‘lini cho‘zgancha byudjet moliyalashtirishiga qarab turibdi. Agar shu byudjet mablag‘lari oqimi to‘xtasa — byudjet imkoniyatlari tugayotgani sababli biz shunga qarab boryapmiz — butun harbiy iqtisodiyot to‘xtaydi. Xuddi 1991 yilda bo‘lganidek. Ha, ular harbiy xarajatlarni qisqartirish zarurati qarshisida turibdi. Lekin hozircha ko‘rinib turibdiki, toki Putinda urushni davom ettirishga resurs bor ekan, u davom ettiradi. Yaqin orada hayot uni o‘z joyiga qo‘yib qo‘yadi. Lekin bu fursat hali yetib kelmadi. Shuning uchun «xarajatlarni qisqartamiz» degani uning shunchaki quruq gaplari. — Qachon hayot uni o‘z o‘rniga qo‘yadi? Putinning aytishicha, Rossiya mudofaaga 13,5 trln rubl, ya’ni YAIMning 6,3 foizini sarflayapti. Bir qaraganda, unchalik ko‘p emasdek. — Albatta, 13,5 trln emas, ancha ko‘proq. 13,5 trln rubl — bu o‘tgan yili federal byudjet bilan birga tasdiqlangan raqam. Lekin hayot shundan dalolat bermoqdaki, amalda harbiy xarajatlar bu yil rejadagidan taxminan ikki baravar ko‘p bo‘layapti. Buni qo‘pol qilib aytyapman. Menimcha, bu yerdagi xarajatlar 13,5 emas, 20 trlnga yaqin bo‘lsa kerak. Buni yilning dastlabki oylarida berilgan avanslar va harbiy mahsulot joylashgan byudjet moddalariga kiruvchi sohalarda ishlab chiqarish ko‘lami orqali ko‘rish mumkin. Endi, iqtisodiyot bu xarajatlarni yana qancha ko‘tara oladi, degan masalaga kelsak — biz buni juda yaqinda bilib olamiz. Chunki ularda shunday bir «haqiqat onlari» yaqinlashmoqda. Ular sentyabrda Dumaga kelasi yilgi byudjet loyihasini kiritishi kerak. Bu — Rossiyaning asosiy moliyaviy hujjati. Ularda hozirning o‘zida Milliy Farovonlik fondi (FNB) deb ataladigan jamg‘armaning «likvid qism» deb ataladigan bo‘limida qolgan naqd pul miqdori bu yilgi rejalashtirilgan federal byudjet taqchilligidan kamroq. Shuning ustiga, Peterburg forumida ko‘plab amaldorlar ochiq aytishdiki, ehtimol, bu yilgi taqchillik rejadagidan ham kattaroq bo‘ladi. Ya’ni, 1 iyun holatiga ko‘ra, FNBning likvid qismi 2,8 trln rubl edi, xolos. Bu yilgi rejalashtirilgan taqchillik esa — 3,4 trln. Ular pulini qayerdan oladi? Bu savolga hozircha javob yo‘q. Alohida imkoniyat sifatida ular ichki qarz bozoriga murojaat qilishi mumkin. Lekin u yerda foiz stavkalari yuqori bo‘lgani uchun hozirgi paytda netto jalb qilish — nolga teng. Davlat qarzini qaytarish uchun juda ko‘p foiz to‘layaptilar, shu sababli Federal zayom obligatsiyalari (OFZ) orqali jalb qilingan barcha mablag‘lar shundoq ham foiz sifatida qayta to‘lab yuborilmoqda. Shu sababli, qo‘shimcha pul topish nuqtayi nazaridan, OFZ orqali «tuynukni berkitish» ularga hech narsa bermayapti. Pulni qayerdan olishlari kerak — bu savol ochiq qolmoqda. O‘zlari javob berishsin. Ushbu harbiy xarajat yukini yana qancha vaqt ko‘tara olishadi — shu «sehrli retsept»ni biz aynan 2–3 oydan so‘ng, kelasi yil uchun byudjet loyihasi orqali bilib olamiz. Ukrainaga qarshi o‘tgan uch yillik keng ko‘lamli urush davomida vaziyat shunday rivojlandiki, ular faqat ilgaridan to‘plangan resurslarni yeyish bilan kun ko‘rishdi. 2022 yil fevralda FNBning likvid qismi 9 trln rubl edi. Hozir — 3 trlndan kam. Ular byudjetdagi barcha taqchilliklarni ana shu resurslarni yeyish hisobiga moliyalashtirib keldi. Endilikda bunday qilisholmaydi. Chunki ularda endi faqat yana bir marta va undan ham kamroq pul qoldi, xolos. — Agar siyosiy elita yaqinlashib kelayotgan iqtisodiy tanazzuldan xavotirga tushayotgan bo‘lsa, yangi ijtimoiy so‘rovlarga ko‘ra, rossiyaliklar ommasi hech qanday tashvish sezmayotgandek. Mana, masalan, «Levada markazi» ma’lumotlari: «Rossiyaliklarning katta qismi xotirjam, barqaror holatda. Hammasi juda yaxshi deydiganlar ulushi biroz kamaygan, salbiy hissiyotlar kechirayotganlar ulushi esa ozroq o‘sgan». Yana boshqa raqamlar ham bor. «Jamoatchilik fikri» fondi sotsiologlariga ko‘ra, o‘z moddiy ahvolini yomon deb baholaydigan rossiyaliklar ulushi 2010 yildan beri eng past darajaga tushgan. Har to‘rtinchi rossiyalik esa o‘z moliyaviy ahvolini yaxshi, deb atayapti. Aytgancha, mening Kurgan oblastidai tanishlarim — mamlakatdagi eng kambag‘al hududlardan biri — hozir xursand: oxir-oqibat ularning maoshlari o‘smoqda va ish joylari ko‘paymoqda. Iqtisodiyot va tashqi siyosatdagi muammolar fonda bu fenomenni qanday izohlash mumkin? — Shunday bir hazil bor. Doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan kishi bir kuni qashshoq hayotdan charchab, o‘zini osib o‘lishga qaror qiladi. Jamoat hojatxonasiga kirib, o‘zini osish uchun sirtmoq tayyorlaydi. Shunda birdan ko‘z o‘ngidagi tokchada yarim chekilgan sigaretni ko‘rib qoladi. «O‘lguncha shuni chekib qo‘ya qolay», deb o‘ylaydi. Chekadi va yana osilish uchun sirtmoqqa bosh suqadi. Bir vaqt qarasa, burchakda yarim ichilgan portveyn shishasi turar ekan. Sirtmoqdan tushadi. Ikki qultum urganidan so‘ng, birdan o‘ylaydi: «Men nega o‘zimni osishim kerak? Hayotim sekin-asta yaxshilanyapti-ku!» Men Kurgan oblastida bo‘lganman. Va u yerda ahvol yaxshilikdan  darak beruvchi hech narsa ko‘rmaganman. Bu — Rossiyaning eng kambag‘al hududlaridan biri. Albatta, u yerga harbiy-sanoat majmuasidan (VPK) bir oz pul qo‘shilgandek bo‘ldi — odamlarga hayot yaxshilanyapti, degan tasavvur paydo bo‘ldi. Ha, hozircha VPKda pul bor, lekin bu vaqtincha. Agar VPKdan tashqariga chiqadigan bo‘lsak, qolgan sohalarda vaziyat unchalik yaxshi emas. Hatto jamiyat fikrini o‘rganish natijalariga ko‘ra ham, aholida faqat 25 foiz odam hayotidan mamnun. Ha, bu shunday. Bu — VPK, banklar, davlat boshqaruvi, neft sohasi, o‘g‘it ishlab chiqarish kabi nisbatan farovon sohalarda ishlayotganlar. Qolganlar — tirikchilik qilib kun ko‘rayotganlar. 70 foiz odam — bu «moliyaviy ahvolim o‘rtacharoq» yoki «yomon» deydiganlar. Bizdagi sharoitda «o‘rtacha» degani nima? Hozir Rossiyada median maosh — 60 ming rubl. Buni katta pul, deb bo‘ladimi? Rossiyaliklar odatda davlat «dehqonchilik iqtisodiyoti» deb ataydigan narsa orqali kun kechiradi. Ya’ni, o‘z dachasida kartoshka ekib, o‘zini ta’minlaydi. Aksariyat rossiyaliklar oylikdan oylikka amal-taqal qilib yashaydi. Asosiy xarajat moddalari — oziq-ovqat va kommunal to‘lovlar. Ana shu kommunal to‘lov va oziq-ovqatdan tashqari hech narsa sotib ola olmaymiz, deb aytuvchilar ulushi doimiy ravishda 30–40 foizni tashkil etadi. Oqibatda, odamlar hayotni o‘zgartirish imkonini ko‘rmayotgani uchun, o‘zini ishontirishga o‘tib, «hayotimiz yomon emas» degan «mantra»ni takrorlay boshlaydi. Ilgariroq siyosiy imkoniyatlar kengroq bo‘lgan, hokimiyatni tanqid qilish, norozilik namoyishlariga chiqish mumkin bo‘lgan davrlarda butun mamlakat bo‘ylab qarshiliklar kuchli edi. Siyosiy va mintaqaviy kampaniyalar yuz berardi. Bugun esa butun jamiyatda qo‘rquv hukm surayapti, odamlar qo‘rqayapti va hech qayerga chiqmayapti. Shuning uchun ular bunga qarshi chiqmaydi, balki moslashadi. Lekin ob’ektiv mezonlarga ko‘ra rossiyaliklarning moddiy ahvolini hatto qoniqarli deb ham atash mumkin emas. Aslida, bu iqtisodiyot rivojini to‘suvchi juda muhim omil. Chunki odamlar qimmatroq, raqobatbardosh mahsulotlarni sotib olish imkoniyatiga ega emas — ularga talab yo‘q. — Unda rossiyaliklar iqtisodiy jihatdan nimaga tayyor turishlari kerak? Har qancha murakkab bo‘lmasin, Siz aytganingizdek, bu nihoyatda og‘ir inqiroz emas — u katta depressiya yoki 1998 yildagi defolt darajasida emas. Nima bo‘lganda ham, moslashish mumkin-ku? — Yo‘q, aslida bu to‘laqonli Katta depressiya. SSSR parchalanganidan beri kuzatilgan eng og‘ir inqiroz. Men ushbu inqirozlarning hammasini juda yaxshi eslayman. Hammasi yomonlashib ketmaguncha, ayni paytdagiday valyuta ayirboshlash shoxobchalari yopilmaguncha, banklarda pul bermay qo‘ymaguncha, do‘konlarda ovqat qolmaguncha va boshqa shunga o‘xshash keskin holatlar yuz bermaguncha, hamma doim: «Hech qanday dahshatli narsa yo‘q, hayot o‘z yo‘lida ketyapti, shunchaki sizlar vahima qilayapsizlar», deydi. Mana, siz defoltni esladingiz. Lekin men esimda: o‘sha kungacha restoranlar to‘la edi, odamlar o‘tirib dam olishardi. Keyin esa hammasi darhol bo‘shab qoldi. Inqiroz yaqinlashib kelayotganini oddiy odamlar his qilmagan, u haqda asosan iqtisodchilar gapirardi. Rossiyalik amaldorlar, rasmiy shaxslar, oligarxlar va boshqalarning so‘nggi chiqishlarini yana bir bor tinglang — ular so‘nggi 30 yildagi eng tashvishli gaplarni aytishyapti. Agar 30 yil oldin, to‘qsoninchi yillarda, vaziyat og‘ir bo‘lgan bo‘lsa, biz o‘shanda inqirozdan chiqishni boshlagan edik. Jiddiy bozor islohotlari o‘tkazilgan edi. Yana bir oz kutish kerak edi, shunda jadal o‘sish boshlanardi. Hozir esa aksincha, biz xuddi sovet ittifoqining so‘nggi yillarida bo‘lgan trayektoriya bo‘ylab ketayapmiz. Hozir biz dunyodan uzilganmiz. Raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqa olmaymiz. Ichki bozor yetarli emas, tashqi bozorlarga kiritishmayapti. Investitsiyalar kamaymoqda, hatto Xitoydan ham. Ichki resurslarni esa juda tez sarflab yuboryapmiz — foyda keltirmaydigan sohalarga, eng avvalo harbiy sanoatga xarjlayapmiz. Bu esa kelajakda hech narsa bermaydi. Pullar shunchaki sovuriladi — qurol, harbiy texnika, o‘q-dorilar ishlab chiqariladi, ular esa Ukrainada yo‘q qilinadi. Bu iqtisodiyotga hech qanday natija bermaydi. Qanday qilib farovonlik, investitsiyalar o‘sishi mumkinligi haqida ular hech narsa aytmayapti. Ularning barcha umidi va ritorikasi Markaziy bank stavkasining tushirilishiga bog‘langan. Lekin Markaziy bank to‘g‘ri savol qo‘yadi: «Yigitlar, stavka kamayishidan nima naf, agar resurslar to‘liq yetishmasa? Sizlar bu resurslarni ishlab chiqarmayapsiz-ku? Inson ham yo‘q, quvvat ham yo‘q, texnologiya ham yo‘q». Bu menga tarixiy voqeani eslatadi: Ikkinchi jahon urushi oxirida Gitler general Shtayner armiyasi kelib, uni qutqaradi, deb umid qilgan edi. Ammo voqelik shundan iboratki, biz juda chuqur jar yoqasiga kirib boryapmiz va u yerdan chiqish yo‘li ko‘rinmayapti. Shuning uchun odamlar yaqinda og‘ir ssenariylar ro‘y berishiga tayyor bo‘lishi kerak. Kamarni qattiqroq bog‘lang — qator tebranyapti. Bu saksoninchi yillar qaytadan boshlanganga o‘xshash. Faqat bitta farq bor: o‘shanda Rossiya G‘arbdan katta-katta qarz olish imkoniga ega edi, chunki o‘shanda Gorbachyov yarashuv, G‘arb bilan iliq munosabatlar siyosatini boshlagan edi. Endi esa bunday imkoniyat yo‘q — hech kim bizga hech narsa bermaydi. Xitoy ham bermayapti. Qolgan resurslar ko‘z oldimizda erib boryapti. Bu juda og‘ir vaziyat bo‘ladi. Menimcha, Rossiya iqtisodiyoti tanazzul yoqasiga kelib qoldi, degan gaplarga kulgan odamlar endi bu mavzuda hazil qilishni to‘xtatishi va bor boyligini saqlab qolish haqida o‘ylashi kerak. Jamg‘armangizni qiymatli valyutada saqlang, hech qayerga investitsiya qilmang, kredit olmang, o‘sishga umid bog‘lamang. Hech qanday o‘sish bo‘lmaydi. Bu barcha narsalar siyosatni qayta ko‘rib chiqish va urushni to‘xtatishga olib keladimi — biz bilmaymiz. Lekin uchuvchi kabinasidagi barcha uskunalarda qizil signal yonayapti. Biz kelasi yilgi federal byudjet muhokamasini kuzatamiz. Shularning barchasi Putinni sog‘lom aqlga chaqirishga majbur qiladimi? Balki yo‘q. Unda inqiroz yanada chuqurlashadi.  

Teglar

Mavzuga oid