
Tramp va Grenlandiya: Yevropa «Arktika jangi»ga tayyormi?
Donald Trampning Grenlandiyani sotib olish yoki nazoratga olish istagi endi shunchaki hazil emas. Politico nashrining yozishicha, Yevropa va Daniya «shok» holatida AQSHga qarshilik ko‘rsatish rejalarini tuzmoqda. «Arktika soqchisi» missiyasidan tortib, iqtisodiy urushgacha — YI o‘zining eng shimoliy darvozasini qanday himoya qilmoqchi?

Donald Trampning Grenlandiyaga bo‘lgan da’volari tobora qat’iy tus olmoqda.
«Agar ilgari Yevropa hukumatlari buni anglab yetmagan bo‘lsa, endi ular AQSH prezidentining ritorikasini e’tiborsiz qoldirmayapti va umidsizlik ichida unga qarshi kurash rejalari ustida ishlamoqda», - deb yozadi Politico.
Jurnalistlar Yevropa Trampni Grenlandiyani bosib olishdan qanday to‘xtatib qolishi mumkinligini va agar u baribir shu qadamni tashlasa, qanday choralar borligini tushunish uchun mulozimlar, diplomatlar, ekspertlar va NATO vakillari bilan suhbatlashdi.
«Hamma shok holatida va ixtiyorimizda qanday vositalar borligi haqida tasavvurga ega emasmiz. Lekin bu savollarga zudlik bilan javob topishimiz kerak», — deydi daniyalik sobiq deputat.
Murosaga kelish yo‘llarini izlash
Tramp Grenlandiya AQSH xavfsizligi uchun hayotiy muhim ekanini ta’kidlamoqda va Daniyani Arktikada Xitoy hamda Rossiyaning oshib borayotgan harbiy faolligiga yetarlicha qarshilik ko‘rsatmayotganlikda ayblamoqda. Ushbu inqirozdan chiqishning eng tezkor yo‘li Trampga buni g‘alaba sifatida taqdim etishga imkon beradigan, Daniya va Grenlandiyaga esa «obro‘sini saqlab qoladigan» kelishuv bo‘lishi mumkin. «Bunday kelishuvni imzolash uchun NATO Grenlandiya, Daniya va AQSH o‘rtasida vositachi bo‘lishi mumkin», - deydi alyansning sobiq yuqori martabali mulozimi.
Shuningdek, NATO ittifoqchilari, orolga Rossiya va Xitoy kemalari tomonidan bo‘layotgan tahdidlar bo‘rttirilgan degan keng tarqalgan fikrga qaramay, Grenlandiya xavfsizligini kuchaytirishi mumkin bo‘lgan yangi takliflarni ko‘rib chiqmoqda. Uch nafar NATO diplomatining so‘zlariga ko‘ra, alyans Arktikada mudofaa xarajatlarini oshirish, mintaqada ko‘proq harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazish va Grenlandiyani qo‘riqlash uchun qo‘shinlarni joylashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqishi lozim.
Politico’ning ikki suhbatdoshiga ko‘ra, alyans mintaqaga harbiylarni joylashtirish bo‘yicha «Arktika soqchisi» (Arctic Sentry) nomli missiyani ishga tushirishga tayyor bo‘lishi kerak. Manbalardan birining so‘zlariga ko‘ra, mintaqada alyansni kuchaytirish uchun nimaiki qilish mumkin bo‘lsa, maksimal darajada amalga oshirilishi lozim.
Ko‘proq mablag‘
Politico ushbu variantning mohiyatini «Grenlandiyani pulga ko‘mib tashlash» deb ta’rifladi. Nashrning yozishicha, Trampning asosiy gapi shundan iboratki, agar Grenlandiya AQSH bilan shartnoma imzolasa, u tom ma’noda Amerika pullari ostida qoladi. Yevropa Ittifoqi va Daniya esa grenlandiyaliklarni ularga yanada qulayroq shartlar taklif qilishlari mumkinligiga ishontirishga harakat qilmoqda.
Sentabr oyida, Tramp Grenlandiyaga da’vo qila boshlaganidan so‘ng, Yevrokomissiya Grenlandiya uchun xarajatlarni 2028 yildan boshlab ikki baravardan ko‘proqqa (7 yil ichida 530 million yevrogacha) oshirish rejasini taklif qildi. Bu pullar Daniya hukumati Grenlandiyaga har yili berib keladigan doimiy yordam pulining ustiga qo‘shimcha sifatida ajratiladi. Yangi rejalar doirasida asosiy urg‘u Grenlandiyaning foydali qazilmalarni mustaqil ravishda qazib olishiga qaratiladi.
«Bizda juda ko‘p odam qashshoqlik chegarasida yashaydi, Grenlandiya infratuzilmasi orqada qolgan, resurslarimiz esa asosan Grenlandiyaning o‘zi uchun hech qanday sezilarli foydasiz olib chiqib ketilmoqda — foydani asosan Daniya kompaniyalari olmoqda», — deydi orol mustaqilligi tarafdori bo‘lgan Grenlandiya parlamenti muxolifat deputati Kuno Fenker.
«Daniya va Yevropa Ittifoqi tomonidan jozibador taklif berilishi Grenlandiyaning AQSH nazoratiga o‘tib ketmasligi uchun yetarli bo‘lishi mumkin», - deya xulosaga keladi Politico.
Iqtisodiy qarshi hujum
Bu variantda Yevropa Ittifoqida Trampning bojlariga javoban muhokama qilingan vositani qo‘llash haqida gap bormoqda. Bu — Anti-Coercion Instrument (Majburlashga qarshi kurash vositasi). Uni qo‘llashni 2025 yil mart oyida Fransiya taklif qilgan edi. Ushbu vosita savdo kamsitilishi yuz bergan taqdirda Yevropa Ittifoqiga keng ko‘lamli javob choralarini ko‘rish imkonini beradi. Bunga savdo va xizmatlar, shuningdek, intellektual mulk huquqlari, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va davlat xaridlariga kirish bo‘yicha cheklovlar kiradi.
Yakunda ushbu vositadan foydalanilmadi — iyul oyida tomonlar vaqtinchalik kelishuvga erishganlarida, Politico’ning yozishicha, u «javonga olib qo‘yilgan». Biroq AQSH Yevropa Ittifoqi tovarlariga bojlar solishda davom etmoqda va Brussel bunday holatda ushbu vositani qo‘llash fikriga yana qaytishi mumkin. Ammo Tramp YI niyatlarining jiddiyligiga ishonishi kerak, chunki o‘tgan galgi keskin bayonotlar hech qanday natijaga olib kelmagan.
Harbiy javob
Agar AQSH haqiqatan ham Grenlandiyani harbiy kuch bilan bosib olishga qaror qilsa, yevropaliklar bunga to‘sqinlik qilish uchun juda kam narsa qila oladi, deb yozadi nashr.
Daniyalik harbiy ekspert Tomas Krosbi yevropaliklar “amerikaliklar Grenlandiyaga da’vo qilishidan oldin ularga mudofaaviy zarba berish niyatida emas”ligini ta’kidlaydi, biroq AQSHning birinchi qadamiga beriladigan javob sharoitga bog‘liq bo‘ladi. Uning fikricha, agar gap amerikaliklarning “juda kichik” guruhi haqida ketsa, ularni hibsga olishga urinish mumkin. Ammo agar AQSH bor kuchi bilan harakat qilsa, vaziyat butunlay boshqacha bo‘ladi.
Yuridik nuqtai nazardan, Daniya bosqinga harbiy kuchlar bilan javob berishga majbur bo‘lishi mumkin. Amaldagi 1952-yilgi tartibga ko‘ra, agar Daniya hududiga (shu jumladan Grenlandiyaga) dushman bostirib kirsa, harbiylar poytaxtdan yoki rahbarlardan ’urushni boshla’ degan buyruqni kutib o‘tirmasdan, darhol jangni boshlashi shart
Boshqa Yevropa davlatlari AQSH uchun harbiy operatsiyaning ehtimoliy bahosini oshirish maqsadida — agar Daniya so‘rasa — o‘z qo‘shinlarini Grenlandiyaga joylashtirish imkoniyatini o‘ylab ko‘rishlari kerak, deydi YI diplomati. Bu kuchlar AQSH bosqiniga qarshi tura olishi dargumon, lekin ular tiyib turuvchi omil vazifasini o‘taydi. Bunday holda, Krosbining fikricha, Amerika harbiylari “yoki kuch ishlatish, yoki ortga chekinish”ga majbur bo‘ladigan vaziyat yuzaga kelishi mumkin. Ekspertlarning ogohlantirishicha, bu reja AQSHni to‘xtatishi mumkin, lekin agar u ish bermasa, haqiqiy urush boshlanadi va ko‘plab askarlar halok bo‘ladi. Bu — juda xavfli va og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan yo‘ldir.





