add

Tramp Venesuela neftini ozod qilmoqchiligini aytdi. Uni o‘zi nima bo‘g‘gandi?

Bugun 20:007 daqiqa

Tramp va Rubio neftdan Venesuela xalqiga yordam berish uchun foydalanmoqchi ekanini aytishmoqda. Biroq AQSHning o‘tmishi buning aksini ko‘rsatadi.

Tramp Venesuela neftini ozod qilmoqchiligini aytdi. Uni o‘zi nima bo‘g‘gandi?

AQSH kuchlari Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni Karakasdan o‘g‘irlab ketganidan so‘ng, prezident Donald Tramp va Davlat kotibi Marko Rubio Venesuela xalqi manfaati uchun neft oqimini «ozod qilmoqchi» ekanini e’lon qildi.

«Biz neft infratuzilmasini qayta tiklaymiz, bunga neft kompaniyalari tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘lanadigan milliardlab dollar sarmoya kerak bo‘ladi. Ular (kompaniyalar) qilgan ishlari uchun xarajatlarini qoplab oladi, lekin hammasi to‘lanadi va biz neft oqimini yo‘lga qo‘yamiz», - dedi Tramp Maduro qo‘lga olinganidan bir necha soat o‘tgach, Florida shtatidagi Mar-a-Lago qarorgohida o‘tkazilgan brifingda.

Shundan so‘ngAQSH prezidenti Venesuela nefti savdosidan tushgan mablag‘larni «Venesuela va Amerika Qo‘shma Shtatlari xalqi manfaati uchun» sarflashni istashini aytdi. Rubio ham keyingi kunlardagi chiqishlarida Trampning bu gaplarini takrorladi.

Ammo Venesuela neftiga nima to‘sqinlik qilib, mamlakatga investitsiyalar kirishiga yo‘l bermay, uni qashshoqlikka yetaklagan edi?

Buning asosiy sababi — Tramp va Rubio sukut saqlayotgan omil: Vashingtonning sanksiyalar orqali Venesuela neft sanoati va iqtisodiyotini bo‘g‘ib qo‘yishga qaratilgan harakatlaridir. Aynan shu sanksiyalar mamlakatda qochqinlar inqirozini ham keltirib chiqargan.

Tramp Venesuela nefti haqida nima dedi?

«Truth Social» platformasidagi postida Tramp Venesuela sanksiya ostidagi 30 milliondan 50 million barrelgacha bo‘lgan neftni AQSHga topshirishini yozdi.

«Ushbu neft bozor narxida sotiladi va bu pul AQSH prezidenti sifatida shaxsan mening nazoratimda bo‘ladi. Bu mablag‘lar Venesuela va AQSH xalqi manfaati uchun ishlatilishini ta’minlayman», - dedi Tramp.

Shuningdek, Tramp energetika vaziri Kris Raytga ushbu rejani zudlik bilan amalga oshirishni topshirganini qo‘shimcha qildi. Uning aytishicha, neft kemalar orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri AQSHdagi portlarga yetkaziladi.

Navbatdagi matbuot anjumanida Tramp AQSH neft kompaniyalari Venesuelaning «vayron bo‘lgan infratuzilmasini» tuzatishini va «mamlakat uchun pul ishlay boshlashini» aytdi.

Undan oldinroq Tramp o‘z postida Venesuelani AQSH nefti, yerlari va boshqa aktivlarini o‘g‘irlashda, ushbu neftdan esa jinoyatchilik, terrorizm va odam savdosini moliyalashtirishda ayblagan edi. Trampning katta maslahatchisi Stiven Miller ham shunga o‘xshash iddaolar bilan chiqish qildi.

AQSHning Venesuela neftini qo‘lga kiritishi nimani anglatadi?

Hozirda neftning bir barreli taxminan 56 dollar atrofida sotilmoqda. Ushbu narxdan kelib chiqilsa, Tramp aytayotgan 30 million barrel neft 1,68 mlrd dollar, 50 million barrel esa 2,8 mlrd dollar qiymatga ega.

Tadqiqotchi Vjay Prashadning «Al Jazeera»ga bergan intervyusida aytishicha: Trampning Venesuela nefti haqidagi bayonoti shunchaki urush harakati emas, balki mustamlakachilik harakatidir. Bu BMT Nizomiga ko‘ra ham noqonuniy.

Xalqaro huquq professori Ilias Bantekasning fikricha, AQSHning aralashuvidan maqsad Maduro emas, balki Venesuela neft konlariga ega chiqishdir.

«Tramp shunchaki AQSH neft kompaniyalariga ruxsatnomalar olib berish bilan cheklanib qolmoqchi emas, u mamlakatni boshqarishni, ya’ni resurslar ustidan mutlaq va muddatsiz nazoratni xohlamoqda», - dedi u.

Ma’lumot uchun, 2023 yilda AQSH kuniga o‘rtacha 20,25 million barrel neft iste’mol qilgan.

Marko Rubio Venesuela nefti haqida nima dedi?

AQSH Davlat kotibi Marko Rubio bu harakatlarni Venesuelaga qarshi urush emas, balki narkotrafik guruhlariga qarshi kurash deb atadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, neft sanoati endi «dushmanlarni boyitish uchun emas, Venesuela xalqi va AQSH manfaati uchun» xizmat qilishi kerak.

Rubio 2014 yildan beri 8 millionga yaqin venesuelalik mamlakatni tark etganini aytib, buni Maduroning korrupsiyasi bilan izohladi. BMT ma’lumotlari ham 7,9 million kishi chiqib ketganini tasdiqlaydi. Biroq, Rubio ushbu inqirozda AQSH sanksiyalarining rolini tilga olmadi.

AQSHning Venesuela neftiga qarshi sanksiyalari qanday boshlangan?

Venesuela neft sanoati 1976 yilda, neft bumi davrida o‘sha paytdagi prezident Karlos Andres Peres davrida milliylashtirilgan edi. U barcha neft resurslarini nazorat qilish uchun davlatga qarashli Petroleos de Venezuela SA (PDVSA) kompaniyasiga asos solgan.

Venesuela bir necha yil davomida AQSHning yirik neft eksportchisi bo‘lib qoldi va 1990 yillarning oxiri hamda 2000 yillarning boshida kuniga 1,5 milliondan 2 million barrelgacha neft yetkazib berdi.

1998 yilda prezident Ugo Chaves prezident lavozimiga kirishgach, barcha neft aktivlarini milliylashtirdi, xorijiy mulklarni musodara qildi, PDVSA tuzilmasini o‘zgartirdi va neftdan tushgan daromadlarni Venesueladagi ijtimoiy dasturlarga yo‘naltirishga ustuvor ahamiyat berdi.

2003 yildan 2007 yilgacha Chaves boshqaruvidagi Venesuela qashshoqlik darajasini ikki barobarga — 57 foizdan 27,5 foizga tushirishga muvaffaq bo‘ldi. O‘ta qashshoqlik esa yanada keskinroq — 70 foizga kamaydi. Biroq, eksport hajmi pasayib ketdi va hukumat organlari boshqaruvdagi samarasizlikda ayblandi.

AQSH 2005 yilda o‘z neft aktivlari milliylashtirilganiga javoban Venesuela neftiga qarshi ilk bor sanksiyalar joriy qildi.

AQSH sanksiyalari ostida ko‘plab yuqori martabali Venesuela hukumati mulozimlari va kompaniyalariga AQSHda saqlanayotgan har qanday mulk yoki moliyaviy aktivlardan foydalanish taqiqlangan. Ular AQSH bank hisobvaraqlariga kira olmagan, mulk sotishlari yoki AQSH moliya tizimi orqali o‘tadigan pullarini olishlari mumkin emasdi.

Eng muhimi, sanksiyaga tushgan har qanday shaxs yoki kompaniya bilan biznes yuritgan har qanday AQSH kompaniyasi yoki fuqarosi jazolandi va huquqiy choralar ko‘rilishi xavfi ostida qoldi.

2013 yilda Chaves vafotidan keyin Maduro prezidentlikni qabul qilib oldi. 2017 yilda Tramp o‘zining birinchi prezidentlik muddati davrida ko‘proq sanksiyalar joriy qildi va 2019 yilda ularni yana kuchaytirdi. Bu AQSHga neft sotishni va Venesuela kompaniyalarining jahon moliya tizimidan foydalanishini yanada chekladi. Natijada AQSHga neft eksporti deyarli to‘xtadi va Venesuela o‘z savdosini asosan Xitoyga, qisman Hindiston va Kubaga yo‘naltirdi.

O‘tgan oyda ham Tramp ma’muriyati yangi sanksiyalar joriy etdi— bu safar Maduroning oila a’zolariga va sanksiyalangan neftni tashiydigan Venesuela tankerlariga nisbatan bo‘ldi.

bugungi kunda PDVSA Venesueladagi neft sanoatini nazorat qiladi va AQSHning Venesuela neftini qazib olishidagi ishtiroki esa cheklangan. Xyustonda joylashgan Chevron Venesuelada hali ham faoliyat yuritayotgan yagona AQSH kompaniyasidir.

Sanksiyalar Venesuela neftiga qanday zarar yetkazdi?

Bugun Tramp Venesuela neft savdosini tiklashga qiziqish bildirayotgan bo‘lishi mumkin, ammo buni birinchi navbatda to‘sib qo‘ygan narsa aynan AQSH sanksiyalari edi.

Venesuela neft zaxiralari asosan mamlakatning sharqiy qismida, taxminan 55 000 kvadrat kilometr (21 235 kvadrat milya) maydonni egallagan Orinoko mintaqasida to‘plangan.

Garchi mamlakat 303 milliard barrel bilan dunyodagi eng yirik neft zaxirasiga ega bo‘lsa-da, bugungi kunda neft sotishdan topayotgan foydasi o‘tmishdagi davrlariga qaraganda juda arzimas bo‘lib qolgan.

Iqtisodiy murakkablik observatoriyasi (Observatory of Economic Complexity) ma’lumotlariga ko‘ra, Venesuela 2023 yilda 4,05 milliard dollarlik xom neft eksport qilgan. Bu boshqa yirik eksportchilar, jumladan, Saudiya Arabistoni (181 milliard dollar), AQSH (125 milliard dollar) va Rossiya (122 milliard dollar) ko‘rsatkichlaridan ancha past.

AQSH sanksiyalari venesuelaliklarga va mamlakatning neft infratuzilmasiga qanday zarar yetkazdi?

Venesuela neftiga nisbatan AQSH sanksiyalari AQSH va AQSHga tegishli bo‘lmagan kompaniyalarning PDVSA bilan biznes yuritishiga to‘sqinlik qiladi. AQSH hech kim yo‘qotishni istamaydigan bozor bo‘lgani sababli, firmalar, jumladan, banklar ham Vashingtonning sanksiyalariga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday qadamni tashlashdan ehtiyot bo‘ladi.

Amalda bu Venesuela neft sanoati xalqaro moliyaviy investitsiyalardan deyarli butunlay mahrum bo‘lganini anglatadi.

Shuningdek, sanksiyalar tufayli Venesuelaning G‘arb davlatlaridan neft qazish uskunalari, maxsus dasturlar va neftni qayta ishlash zavodlari uchun ehtiyot qismlarni sotib olishini cheklab qo‘ygan.

Bu PDVSA infratuzilmasiga yillar davomida yetarli darajada sarmoya kiritilmasligiga olib keldi, natijada surunkali nosozliklar, ish to‘xtashlari va baxtsiz hodisalar ko‘paydi.

Sanksiyalar, shuningdek, keng ko‘lamli iqtisodiy inqirozni keltirib chiqardi.

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot 2010-yildagi 13 600 dollardan 2024-yilda taxminan 4 200 dollargacha tushib ketdi.

Taxminan 2012-yildan boshlab iqtisodiyot ichki iqtisodiy siyosat ta’sirida keskin pasayishni boshladi va bu inqiroz keyinchalik AQSH sanksiyalari tufayli yanada chuqurlashdi. Mana shu iqtisodiy qiyinchiliklar tufayli millionlab venesuelaliklar o‘z vatanini tashlab ketishga majbur bo‘ldi. Qizig‘i shundaki, bugun Tramp va Rubio aynan o‘sha (sanksiyalar tufayli mamlakatdan qochgan) odamlarni neft pullari bilan boyitishimiz kerak, degan iddaoni ilgari surishmoqda.

AQSHning Venesuela neftida biror-bir haqqi bormi?

AQSH kompaniyalari Venesuelada neft qazib olishni 1900-yillarning boshlarida boshlagan edi.

1922-yilda Venesuelaning shimoli-g‘arbiy qismidagi Suliya shtatida joylashgan Marakaibo ko‘lidan ulkan neft zaxiralari dastlab «Royal Dutch Shell» kompaniyasi tomonidan topilgan.

Shu nuqtadan boshlab, AQSH kompaniyalari Venesuela neft zaxiralarini qazib olish va o‘zlashtirishga kiritayotgan sarmoyalarini keskin oshirgan. «Standard Oil» kabi kompaniyalar konsessiya shartnomalari (ijara asosida foydalanish huquqi) asosida neft qazish ishlariga boshchilik qildi va bu Venesuelani, ayniqsa, AQSH uchun asosiy global neft yetkazib beruvchiga aylantirdi.

Venesuela OPEKning (Neft eksport qiluvchi mamlakatlar tashkiloti) asoschi a’zolaridan biri bo‘lib, 1960 yil 14 sentabrda ushbu tashkilot tuzilishida ishtirok etgan. OPEK — neft yetkazib berishni boshqarish va jahon neft narxlariga ta’sir ko‘rsatish uchun hamkorlik qiladigan yirik eksportchi davlatlar guruhidir.

Biroq, ekspertlarning ta’kidlashicha, Tramp va Millerning Venesuela go‘yoki AQSH neftini o‘g‘irlagan degan iddaolari xalqaro huquq bo‘yicha hech qanday asosga ega emas.

BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1962 yilda qabul qilingan rezolyutsiyadagi «Tabiiy resurslar ustidan doimiy suverenitet» tamoyili shuni aniq ko‘rsatadiki, suveren davlatlar o‘z taraqqiyoti yo‘lida o‘z resurslarini nazorat qilish, ulardan foydalanish va ularni tasarruf etish bo‘yicha uzviy huquqqa egadir.

Boshqacha aytganda, Venesuela nefti faqat va faqat Venesuelaning o‘ziga tegishli.

Teglar

Mavzuga oid