add

Urbanizatsiya sur’ati oshadi: uy-joy qurilishi bo‘yicha yangi marralar belgilandi

Bugun 19:392 daqiqa

Prezident Shavkat Mirziyoyev uy-joy qurilishi va urbanizatsiyada yangi yondashuvlarni joriy etish vazifasini  belgiladi. «Qurilishga tayyor yer» tizimi va «Uy-joy» axborot tizimini joriy etish taklif qilindi.

Urbanizatsiya sur’ati oshadi: uy-joy qurilishi bo‘yicha yangi marralar belgilandi© Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-fevral kuni urbanizatsiya va uy-joy qurilishi sohasini rivojlantirishga qaratilgan taqdimot bilan tanishdi. Unda so‘nggi 8 yilda mamlakatda 120 mln metr kvadratdan ziyod turar joy yoki 600 mingdan ortiq xonadon qurilgani qayd etildi. Aholiga uy-joy xarid qilish uchun 541 ming nafar fuqaroga jami 103 trln so‘m ipoteka kreditlari va subsidiyalar ajratilgan.

qudbiyev uy 1

Qurilish hajmlarining o‘sishi qurilish materiallari sanoatiga turtki berib, bir qator hududlar iqtisodiy «drayver»iga aylandi. Shu davrda urbanizatsiya darajasi 40,3 foizdan 51 foizga yetdi. Biroq davlat rahbari bu natijalar yetarli emasligini ta’kidladi.

Har yili taxminan 200 mingta yangi oila tashkil topayotgani uy-joy, yo‘l va ijtimoiy infratuzilmaga talabni keskin oshirmoqda. Hozirda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan turar joy maydoni 18,9 metr kv bo‘lib, uni 23 metr kv.ga yetkazish uchun qurilish sur’atini oshirish zarurligi qayd etildi.

 

Qurilish rejalari kengayadi

Taqdimotda urbanizatsiya sohasida boshqaruvni takomillashtirish maqsadida alohida qo‘mita tashkil etilgani ma’lum qilindi. Uning oldiga uy-joy qurish hajmlarini bosqichma-bosqich oshirish vazifasi qo‘yilgan.

Rejaga ko‘ra, 2026 yilda 140 ming, 2027 yilda 150 ming, 2028 yilda esa 160 ming xonadon qurish ko‘zda tutilgan. 2040 yilga qadar esa yillik qurilish hajmini 280 ming xonadonga yetkazish maqsad qilingan.

qudbiyev uy 2

Prezident urbanizatsiya biznes, startaplar, sanoat va IT klasterlar rivoji hamda mehnat unumdorligi uchun muhim ekanini ta’kidladi. Shu bilan birga, aholi punktlarining tartibsiz kengayishi qishloq xo‘jaligi yerlari tanqisligiga olib kelishi mumkinligiga e’tibor qaratildi.

Shu bois eski uy-joy fondini yangilash va renovatsiya ulushini 2040 yilgacha 15 foizdan 60 foizga yetkazish, «Yangi O‘zbekiston» massivlari sonini 120 tagacha oshirish taklif etildi.

 

Yer va raqamli tizimlar

Qurilishga ruxsat olish jarayonlari hozirda 9 bosqichdan iborat bo‘lib, 90–120 kun davom etayotgani qayd etildi. Xalqaro amaliyotda esa «qurilishga tayyor yer» mexanizmi orqali bu muddat 7–15 kunni tashkil etadi.

Shu asosda mamlakatda «qurilishga tayyor yer» tizimini joriy etish taklif qilindi. Yer maydonlari auksionga chiqarilishidan oldin barcha ruxsat va tayyorgarlik ishlari bajariladi, tadbirkor esa yerni yutib olgach, hujjatlarni avtomatik tarzda oladi. Tayyor bo‘lmagan yerlarni auksionga chiqarish taqiqlanadi.

Shuningdek, «Uy-joy» axborot tizimini ishlab chiqish taklif etildi. U yagona master-rejalar bazasi, «Yer banki», ko‘p kvartirali uylarning geoaxborot tizimi, eskrou mexanizmi va quruvchilar reytingi kabi modullarni o‘z ichiga oladi.

Prezident takliflarni ma’qullab, sohada rejali va uzoq muddatli yondashuvlarni joriy etish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Teglar

Mavzuga oid