
«Urushni endi to‘xtatib bo‘lmaydi» – sobiq propagandachining iqrori
Rossiyalik sobiq targ‘ibotchining aytishicha, Putin o‘zi boshlab bergan urushni endi to‘xtata olmaydi. Oldinda esa yangi «maxsus harbiy operatsiya»lar va yangi maqsadlar turibdi.

2022 yildan beri Kiyevda yashab kelayotgan, falsafa fanlari nomzodi bo‘lgan va Rossiyada sirtdan sakkiz yillik qamoq jazosiga hukm qilingan sobiq propagandachi va siyosiy texnolog Rostislav Murzagulov «Exclusive.kz» nashriga bergan intervyusida nima uchun rossiyadagi tuzim endi urushdan «chiqib keta olmasligi»ni va bu Rossiya qo‘shnilari uchun qanday xavf-xatarlar tug‘dirishini gapirib berdi.
Putin qanday qilib «podsho»ga aylandi
– OAVda siz Rossiya siyosatining ko‘plab VIP-shaxslari, jumladan Rossiya prezidenti Vladimir Putinning ham imidjmeykeri bo‘lganingiz haqida yozishyapti. Bu rostmi?
– Men 25 yil avval Boshqirdistonning birinchi prezidenti Murtazo Rahimovning piarchisi bo‘lganman. Putin bilan esa jonli ravishda bor-yo‘g‘i bir marta, taxminan 15 yil oldin uchrashganman. O‘shanda men Ufada bo‘lib o‘tgan Rossiya Federatsiyasi prezidenti huzuridagi Millatlararo munosabatlar bo‘yicha kengash yig‘ilishining axborot ta’minoti uchun mas’ul edim.
Har bir zalda kimdir Putinni kutib olib, qayerga borish kerakligini ko‘rsatishi lozim edi. Ana shu odam men bo‘lganman, xolos. Bu mutlaqo texnik vazifa edi. Nazarimda, u hatto salomlashmadi, faqat bosh irg‘adi. O‘sha shaxsiy uchrashuvda Putin menda hech qanday taassurot qoldirmadi, chunki u shu qadar yopiq ediki, o‘ziga qo‘yilgan pafosli bronza haykalga o‘xshardi.
Medvedev bilan esa ko‘proq uchrashganman – u ochiqko‘ngil, sodda odam edi, o‘zini barcha bilan teng tutib muloqot qilar, u bilan kulish, hazillashish mumkin edi.
Keyinchalik Putin bilan ishlagan odamlardan xavotirli signallar kela boshladi. Bunday tanishlarim ko‘p edi – xuddi o‘sha Medvedevdan tortib, uning piar jamoasidagi odamlargacha. Ularning orasida yaqin do‘stlarim ham bor edi va biz, tabiiyki, ish bilan bog‘liq ma’lumotlar bilan o‘zaro o‘rtoqlashib turardik.
– Qachon siz bu alohida xavotirli signallar emas, balki butun mamlakatning tizimli burilishi ekanini angladingiz?
– Hamma Putin «podsho»ga aylanyapti, deb gapira boshlagan paytda (hatto uni shunday atashardi, Rossiya siyosiy tizimida u uchun «podsho»dan boshqa ta’rif qolmagan edi), men bu endi hazil emasligini va ahvol juda yomon tomonga ketganini tushuna boshladim.
Medvedev bilan rollarni almashtirish esa meni butunlay sindirdi. Men deyarli birinchi manbalardan ular o‘rtasida ikki muddatlik kelishuv bo‘lganini bilardim, unga ko‘ra, Putinning keyin yana hokimiyatga qaytishi rejalashtirilmagan edi. Ular Amerika va G‘arb ko‘z o‘ngida munosib ko‘rinish uchun boshqa bir nomzodni topishlari kerak edi. Chunki hammaga ayon edi: agar Putin qaytib kelsa, bu hamkorlar nazarida bir zumda yuz ochko yo‘qotish degani edi.
G‘arbda ham hokimiyatdan ketishni istashmaydi, ammo baribir ketishadi, chunki sivilizatsiyalashgan dunyoda shunday qabul qilingan. Agar ketmasang – demak, sen endi ular doirasidan emas, diktatorlar klubidansan.
Putinning ilk ikki muddatida hech qanday falokat alomatlari sezilmas edi, Medvedev davrida esa umuman yaxshi edi. Biznesni rivojlantirish mumkin edi, men ham o‘sha yillarda, davlat xizmatida bo‘lmagan paytlarimda shu bilan shug‘ullanganman. Aytgancha, men kareramning bor-yo‘g‘i to‘rtdan bir qisminigina davlat xizmatida o‘tkazganman.
G‘arb bilan do‘stona munosabatlar bor edi – AQSH Davlat departamenti, Yevropa Ittifoqi va Kreml o‘rtasida yosh siyosatchilar almashinuvi bo‘yicha qo‘shma dasturlar amal qilardi. Men o‘zim ham ularda uch-to‘rt marta qatnashganman.
Men kabi, ya’ni radikal liberal bo‘lmagan qarashlarga ega odamlar mamlakatni asta-sekin to‘g‘ri yo‘lga bura olamiz, deb o‘ylardi. Men juda yuqori lavozimli shaxslar kabinetlariga kirish imkoniga ega edim, Rossiya hukumati raisi o‘rinbosari Arkadiy Dvorkovich va Davlat dumasi raisi birinchi o‘rinbosari Aleksandr Jukov bilan futbol ham o‘ynaganman.
Qaror qabul qilish markaziga yaqin turgan, o‘sha paytda «normal» deb ko‘ringan bunday odamlar yoningda bo‘lganida, Rossiyaning militarizatsiya qilinishi yoki Sovet Ittifoqiga qaytishga urinish mumkinligi hatto xayolga ham kelmas edi. Ayrim aqlli odamlar bu haqda o‘shandayoq gapira boshlagan bo‘lsa-da, bu gaplar ahmoqona tuyulardi. G‘arb matbuoti ham vaqti-vaqti bilan shunga o‘xshash fikrlar yoza boshlaganda, men buning barchasini qandaydir rusofobik safsata deb qabul qilardim. Afsuski, Putin qaytib kelgach, Rossiyani ham allaqachon boshlangan normal taraqqiyot yo‘lidan orqaga burib yubordi.
Mojaro uchun bahona har doim topiladi
– Hozirgi «maxsus harbiy operatsiya» Rossiya uchun oxirgisi emas, Putin keyingi nishonlarni ham belgilab qo‘yapti, ular orasida Qozog‘iston ham bor, degan fikrlar tobora ko‘proq yangrayapti.
– Afsuski, ha. Rossiya endi urushmasdan tura olmaydi. Velosipedni pedalini aylantirishdan to‘xtatsangiz, u yiqiladi. Bu holatda esa «pedal» – urushning o‘zi.
Bunga ishonishimning sababi shundaki, men Rossiya esteblishmentidagilarning barchasi bilan aloqani uzganim yo‘q va vaziyatni yaxshi tushunaman: agar Putin hozir to‘satdan «urushni to‘xtatamiz, boshqa ishlar bilan shug‘ullanish kerak» deb aytsa, uning atrofidagilar unga reallik bilan aloqani yo‘qotgan odamdek qarashadi. Undan so‘rashadi: unda bularning hammasi nima uchun edi? Nega butun dunyo bilan urishib ketdik, nega millionlab odamlarni yo‘qotdik?
Shunda uning atrofidagilar «Akela yanglishdi» degan xulosaga kelib, undan o‘zlari qutulishga qaror qilishadi. Shu bois Putin doim yangi-yangi mojaro bahonalarini o‘ylab topishga majbur bo‘ladi va bu ssenariy katta ehtimol bilan uning o‘zi uchun fojiali yakun topadi.
Putin uslubiga mos mojaro bahonasi, masalan, Qozog‘istonda ham, albatta, topiladi. U yerda «yomon qozoq millatchilari» zulm qilayotgan rusiyzabonlar bor, deb e’lon qilish mumkin. Bu ukrainlar haqida aytilgan safsatalar kabi oson aytiladi. Ukraina millatchiligi haqidagi narrativ esa boshidan oxirigacha o‘ylab topilgan.
– Sizningcha, Ukraina va boshqa postsovet davlatlarida «millatchilik» haqida majburan shakllantirilayotgan tasavvur reallikka qay darajada mos va u Rossiyadagi vaziyatdan nimasi bilan farq qiladi?
– Men hozir shu yerda yashayapman, ukrain tilini o‘rgandim, hech kim meni bunga majburlagani yo‘q. Bu yerda millatchilar har doim Rossiyaga qaraganda ancha kam bo‘lgan. Agar Ukrainada ular saylovlarda 1-2 foiz ovoz olgan bo‘lsa, Rossiyada bu ko‘rsatkich 12-15 foizni tashkil etgan. Bu hatto ularning barcha ovozlari Putinning «Yagona Rossiya» partiyasi foydasiga qayta yozib berilganini hisobga olgan holda ham shunday (buni aniq bilaman, chunki o‘zim shu ishlar bilan shug‘ullanganman).
Bundan tashqari, Rossiyadagi millatchilik buyuk davlatchilik, imperial rus shovinizmi – «biz hammadan ustunmiz» degan g‘oya bilan qorishib ketgan. Men «ajoyib» Moskva aholisining menga, osiyolikka (bizni «chuchmek» deb atashardi), qanday munosabatda bo‘lganini juda yaxshi eslayman. Imperiyacha marshlar o‘sha paytdayoq, 2000 yillarda ham bor edi va men «obezyannik»ka tushib qolmaslik uchun oxirgi yuz rublliklarimni bir militsionerdan boshqasiga berib yurar edim.
Mana shu ularning «oynada aks ettirish»i: ular ukrainlar yomon, qozoqlar ham yomon, shuning uchun borib ularni «jilovlab qo‘yish» kerak, deyishadi.
Din niqobi ostida
– Aytishlaricha, Putin nishon sifatida Gruziyani ham tanlashi mumkin ekan…
– Putinoidlar uchun ikki yo‘l bor. Birinchisi – gibrid yo‘l. Ular yaqinda Moldovada shu usul bilan harakat qilishga, hatto Ruminiyada hokimiyatni qo‘lga olishga urindi. Gruziyada esa, afsuski, gibrid hujum hozircha muvaffaqiyatli bo‘ldi. Chunki hokimiyatdagi «Gruziya orzusi» partiyasi rahbari Ivanishvili Rossiyadagi ulkan va, meningcha, firibgarona biznesi sabab Putinga to‘liq bog‘liq. Aslida, bu odam Putinning gubernatori hisoblanadi.
Albatta, dunyoda nima bo‘layotganini anglaydigan, fikrlaydigan gruzinlar buni ko‘rib turishibdi. Ammo bugun Putin uchun Gruziyada navbatdagi «maxsus harbiy operatsiya»ni boshlashga ehtiyoj yo‘q. Nega kerak, agar u yerda uning qo‘lida qo‘g‘irchoq hokimiyat bo‘lsa?
Qozog‘iston bu ma’noda hozir ancha ehtiyotkorona harakat qilyapti. Albatta, jurnalistlar va turli huquq himoya tashkilotlarining hokimiyatga nisbatan e’tirozlari bo‘lishi mumkin, ammo uni tushunish ham mumkin. Chunki Rossiya qo‘shni, o‘ziga yaqin bo‘lgan mamlakatda nima qilayotganini ko‘rib turishyapti: ikki davlat aholisining uchdan bir qismi chegaraning u tomonida qarindosh-urug‘larga ega, ammo ularni kechayu kunduz bombardimon qilishyapti. Qozog‘istonda ham rossiyaliklarning qarindoshlari ko‘p, deb o‘ylayman, ehtimol ukrainlarga nisbatan kamroqdir. Shuning uchun, umuman olganda, siz xavotirlanayotganingiz bekor emas.
– Checheniston haqida Putin Grozniyni bombardimon qilib, butun aholini yerto‘lalarga tushirib chiqqandan keyin u butunlay sindi, deyish mumkinmi?
– Afsuski, xalqlarni sindirish mumkin. Chechenlar uzoq vaqt qarshilik ko‘rsatdi, ammo oxir-oqibat u yerda har qanday so‘z erkinligi asfaltga qorishtirildi. Aytgancha, bu diktatorlarga xos usulda – din niqobi ostida qilindi.
Shuning uchun ham men o‘z yurtdoshim, faol Ruslan Gabbasov va uning tarafdorlari faoliyatiga qarshiman: ular Boshqirdiston bilan ham bugun Ramzan Qodirov Chechenistonda qilayotgan ishni qiladi – xalqni keskin islomlashtiradi, shundan keyin esa hech kim qarshilik haqida o‘ylamaydi.
Men Xudoga ishonaman, lekin o‘z e’tiqod paradigmasini hammaga majburan singdirishga qarshiman. Bu odamlar dunyoqarashi o‘zlarinikidan farq qiladiganlarni juda qattiq ta’qib qiladi. Bu juda jirkanch.
Qarshilikdan voz kechish masalasiga qaytsak, uzoqqa borishning hojati yo‘q. Mening vatanim podsholik Rossiyasi davrida Checheniston edi. Ajdodlarimiz hech qachon qul ham, krepostnoy ham bo‘lmagan. Kolonizatorlar bunga uringan, ammo tez orada bu befoyda ekanini tushunib yetgan.
Boshqirdlar boshqa har qanday mustamlaka qilingan xalqqa qaraganda ko‘proq qo‘zg‘olon ko‘targan, shuning uchun ajdodlarimga maxsus tabaqaviy maqom – kazaklar maqomi berilgan.
Lekin Rossiya imperiyaviy siyosat yurita boshlagan zahoti – yerlarni bosib olgan, tabiatni zavodlar bilan ifloslagan, odamlarga moldek muomala qilgan –boshqirdlar qo‘llariga qurol olgan. Boshqird qo‘zg‘olonlarini bostirishda qatnashgan podsholik jazolovchilaridan biri Suvorov bo‘lgan. Rossiyada uni qahramon deb hisoblashadi, ammo meningcha, u Polshada ham, Bashqirdistonda ham etnogenotsid bilan shug‘ullangan razil odam: u qishloqlarni har tomondan o‘rab, odamlar – bolalar, ayollar va qariyalar bilan birga yoqib yuborgan.
Shunga qaramay, bu ham xalqimning irodasini sindirmadi – bashqirdlar qarshilikni davom ettirdi. Odamlarni NATO – tahdid degan gaplarga ishonadigan, itoatkor va yumshoq «ayiqchalar»ga aylantirishga faqatgina sovok (SSSR nazarda tutilyapti) erishdi.
Bu esa juda oddiy usulda qilindi. Dubay neftdan yuqori daromad ola boshlagach, cho‘l o‘rtasida ulkan xab qurdi va hozir hamma u yerga biznes qilish uchun boradi. Rossiya ham xuddi shunday qila olardi – neftdan kelgan puli unda kam bo‘lmagan, balki ko‘proq ham bo‘lgan. Lekin u bu mablag‘larni ta’limga va mamlakatni rivojlantirishga sarflamadi.
Odamlarga faqat bitta pachka «pelmen» va bir shisha aroqqa yetadigancha pul berildi (ikkalasini ham iste’mol qilish qattiq rag‘batlantirilardi), natijada ular asta-sekin marginal ommaga aylandi – bunday ommani «barcha muammolaringizga qo‘rqinchli NATO aybdor, Putin emas» degan ertaklar bilan oson aldash mumkin.
Hozir men tushunaman: bu ataylab qilingan, chunki savodsiz va qashshoq odamlarni boshqarish oson. Ularga ming yevro bersangiz – marhamat: ular yo qotilga, yo qurbonga aylanadi.
– Sizning prognozingizga ko‘ra, ona yurtingiz – Boshqirdistonni qanday kelajak kutyapti?
– Menimcha, na avtonom subyektlarni, na Rossiyaning markaziy hududlarini yaxshi kelajak kutmayapti. Putin inqirozi yana ancha uzoq davom etishi mumkin. U faqat qachon ro‘y berishi noma’lum bo‘lgan qandaydir fojiali voqea bilangina to‘xtashi ehtimoli bor.
Rossiya millatchilik va imperial mastlik holatida qoladi – balki bir yil, balki o‘n yil. Axir aholi itoat qilishga va ma’qullashga o‘rganib qolgan. Menikiga o‘xshagan harakatlar odamlarda hayrat uyg‘otadi: «Qanday qilib u ketib qoldi? Qanday qilib Putinga qarshi bo‘lish mumkin? Axir unda hammasi joyida edi-ku?»
Haqiqatdan ham, bor-yo‘g‘i besh yil oldin men «Mercedes-Benz S-Class» minib yurar edim, yaxtam, katta dala hovlim va boshqa barcha narsalarim bor edi. Hozir esa bularning barchasidan mahrum bo‘lganman va Yevropa mezonlari bo‘yicha o‘rtacha darajadan past hayot kechiryapman, ortiqcha xarajatlarga yo‘l qo‘ymasdan. Lekin erkinlik ancha qimmat turadi.
Boshqacha fikrlaydigan odamlar meni hayron qoldiradi, garchi yaqinda ular menga ilg‘or, progressiv odamlardek tuyular edi. Ularning 95 foizi – mening sobiq do‘stlarim. Biz 1990-yillarda hammamiz erkin, demokratik mamlakatda yashashni, biznes bilan shug‘ullanib, halol mehnat bilan pul topishni istaganmiz. Ular bularning barchasini o‘g‘irlangan oltin unitazlarga almashtirib yuborgani meni qattiq ranjitadi.
Ma’lumot uchun, Rostislav Murzagulov 1978 yilda Boshqiristonda tug‘ilgan. 2004-2022 yillarda Murzagulov Rossiya Federatsiyasi prezidenti ma’muriyati bilan yaqin hamkorlikda siyosiy maslahatchi va siyosiy texnolog sifatida faoliyat yuritgan. Murzagulovning faoliyati 2004–2006 yillarda «ORT» telekanalida xabarlar dasturi boshqaruvchisi sifatida boshlangan; u bu yerda siyosiy voqealarni yoritgan. 2006-2008 yillarda Rossiya Olimpiya qo‘mitasida piar direktori lavozimida ishlagan.
2008-2010 yillarda u Rossiya hukumati FJKFda piar direktori, 2010-2012 yillarda esa Rossiya hukumati Turg‘un-joy qurilishi fondida shu vazifani bajargan.
2012-2017 yillarda Murzagulov Boshqirdiston Respublikasi prezidenti ma’muriyatining siyosiy kommunikatsiyalar va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha rahbar o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan. 2017-2018 yillarda Krasnogorsk shaharining vitse-meri sifatida shaharni rivojlantirish bo‘yicha ishlagan. 2018-2022 yillarda Boshqirdiston Respublikasi Jamoat palatasi raisi bo‘lgan va Rossiya Jamoat palatasi a’zosi sifatida ijtimoiy masalalarga e’tibor qaratgan. 2021-2022 yillarda u «Ufa» futbol klubi prezidenti bo‘lgan. Shuningdek, 2020-2022 yillarda Rossiyaning «Shimoliy Kavkaz Kurortlari» Davlat korporatsiyasida bosh direktorning o‘rinbosari sifatida mintaqaning turistik infratuzilmasini rivojlantirishga mas’ul bo‘lgan.
2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga keng miqyosdagi bosqini boshlangach, Murzagulov Rossiyadagi barcha lavozimlaridan voz kechib, hukumatning harakatlarini ochiq tanqid qilgan. Rossiyadan muhojirlikka chiqqan va turli davlatlardagi aksilurush media loyihalarida faoliyat yuritgan, shuningdek Mixail Xodorkovskiy media xoldingida ishlagan. 2022 yilda u «YouTube»da oppozitsion shouni olib borishni boshlagan. 2023 yil noyabr oyida Rossiya Adliya vazirligi uni «xorijiy agentlar» ro‘yxatiga kiritgan va Moskva sudi uning «Rossiya armiyasini obro‘sizlantirish» aybi bilan sudlangan.





