add

1 oyda barcha vazirlik va idoralar o‘zidagi ma’lumotlarni elektron formatga o‘tkazadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilishda bir oy ichida barcha vazirlik va idoralardagi ma’lumotlarni elektron formatga o‘tkazishni topshirdi.

1 oyda barcha vazirlik va idoralar o‘zidagi ma’lumotlarni elektron formatga o‘tkazadi

21 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida sun’iy intellekt (SI) texnologiyalarini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Davlat rahbari insoniyat sun’iy idrok davriga qadam qo‘yganini ta’kidlab, bu texnologiyalar iqtisodiyot, ta’lim, tibbiyot va boshqaruv sohalarida chuqur o‘rin egallayotganini qayd etdi.

Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 36 yil to‘lganini eslab, til rivoji bilan bir qatorda sun’iy idrok sohasida o‘zbek tilidagi ma’lumotlar yetarli emasligini tanqid qildi.

«Bir narsani bilish kerak — sun’iy intellekt dasturlari samarali ishlashi uchun ular, avvalo, o‘zbek tilini mukammal tushunishi zarur. Ammo o‘zbek tilidagi adabiyotlar, ma’lumotlar, maqolalar, hisobotlar va ilmiy ishlarning aksariyati hali raqamlashtirilmagan. Elektron shaklga o‘tkazilganlari ham turli manbalarda saqlanmoqda.», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident ma’lum qilishicha, hozirgi kunda Arxiv agentligidagi asosiy ma’lumotlarning atigi 13 foizi raqamlashtirilgan, qolganlari turli manbalarda tarqoq holda saqlanmoqda. Shu munosabat bilan Bosh vazir Abdulla Aripovga bir oy ichida barcha vazirlik va idoralardagi ma’lumotlarni elektron formatga o‘tkazish ishlarini yakunlash va shaxsan nazoratga olish topshirildi.

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovga esa sun’iy idrok tizimlarida milliy madaniyat va qadriyatlarni aks ettiruvchi «o‘zbek tili korpusi»ni yaratish vazifasi yuklatildi. Bu ishlar olti oy ichida amalga oshirilishi kerak.

Shuningdek, Ayyupov, AbduqodirToshqulov, Qongratbay Sharipov, Ezoza Karimova, Sirojiddin Said, Umida Teshaboyeva, Abusaid Qo‘chimov va Yusupov kabi mutasaddilarga bir oy muddatda o‘zbek tilidagi barcha axborot manbalarini Raqamli texnologiyalar vazirligiga taqdim etish vazifasi berildi.

Sherzod Shermatov 2026 yil oxirigacha milliy ma’lumotlar platformasini ishga tushirishi belgilandi. Ushbu tizim katta hajmdagi raqamli ma’lumotlarni birlashtirish, qayta ishlash va tahlil qilish imkonini beradi. Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, bu tashabbus O‘zbekistonda milliy sun’iy idrok dasturlarini yaratish va rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratadi.

Teglar

Mavzuga oid