
120 gektardan ortiq issiqxonalar qarzdorlik sababli banklar ixtiyoriga o‘tgan
06.08.2025 | 11:3043655
Senator issiqxonalar sohasidagi moliyaviy inqiroz va resurs ta’minotidagi uzilishlar bo‘yicha qishloq xo‘jaligi vaziriga rasmiy so‘rov yo‘lladi.
Oliy Majlis Senati agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Anvar Tuychiyev issiqxona xo‘jaliklaridagi tizimli muammolar yuzasidan qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abduraxmonovga senatorlik so‘rovi yo‘lladi. Uning ta’kidlashicha, moliyalashtirishning barqaror mexanizmlari yo‘qligi, tabiiy gaz, elektr energiyasi va suv yetkazib berishdagi uzilishlar, shuningdek kredit foizlarining yuqoriligi ayrim issiqxonalarning bank balanslariga o‘tishiga olib kelmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil may oyi holatiga 120 gektardan ziyod issiqxona banklar tasarrufiga o‘tgan. Bu esa ish o‘rinlari qisqarishi va iqtisodiy samaradorlik pasayishiga sabab bo‘lmoqda. Senator sohaga sifat nazoratini kuchaytirish, sog‘lom raqobat muhitini yaratish, ilmiy asoslangan agrotexnologiyalardan samarali foydalanish, fermer va tadbirkorlarni urug‘chilik va agroximiya xizmatlari bilan ta’minlash zarurligini qayd etdi.
Tuychiyev vazirlikdan 2020–2024 yillarda barpo etilgan issiqxonalar soni va holati, moliyalashtirish mexanizmlari, tabiiy resurslar bilan ta’minlashdagi muammolar va ularni bartaraf etish choralari, ilmiy va innovatsion yondashuvlarni joriy etish holati hamda eksport salohiyatini oshirish ishlari haqida aniq tahliliy ma’lumot taqdim etishni so‘radi.
O‘tgan xafta, Prezident Shavkat Mirziyoyev ham issiqxonalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator choralar belgiladi. Eksport va ichki bozor uchun mahsulot yetkazib berish majburiyatini olgan issiqxonalarga qish mavsumida gaz kafolatli hajmda ajratiladi. Gaz uchun oldindan to‘lov miqdori oktyabrdan martgacha 50 foizgacha kamaytiradi. Shuningdek, alternativ yoqilg‘iga o‘tish uchun olingan kreditlarni qaytarish muddati uzaytiriladi.
Soliq qo‘mitasi yoqilg‘i sarfini tahlil qilib, uni issiqxonalarga yo‘naltirish imkoniyatini o‘rganish topshirildi. Toshkent viloyatida issiqxonalarning havo sifatiga ta’sirini kamaytirish choralari ham ko‘riladi. 2 644 ta issiqxona xo‘jaligi uchun qariyb 450 mlrd so‘mlik soliq to‘lovlari 2026 yil 1 yanvargacha kechiktirildi. Jami 3,3 ming korxona qo‘llab-quvvatlanadi. Qo‘shimcha 8,7 ming gektar yer qishloq xo‘jaligi toifasiga o‘tkazilib, issiqxonalarga yana 48,8 mlrd so‘m iqtisod qilish imkoni yaratiladi.





