
15 mln kishining ma’lumotlari Darknet’ga sotildimi? Deputat vazirlardan izoh so‘radi
«Adolat» partiyasi 15 million fuqaroning shaxsiy ma’lumotlari «Darknet»dagi saytlarda tarqalgani ortidan Raqamli texnologiyalar vaziri, Ichki ishlar vaziri hamda Milliy statistika qo‘mitasi raisiga so‘rov yubordi.

«Adolat» partiyasi O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlari «Darknet» va boshqa ochiq resurslarga sizib chiqqani ortidan Raqamli texnologiyalar vaziri, Ichki ishlar vaziri va Milliy statistika qo‘mitasi raisiga deputatlik so‘rovi yubordi. Bu haqda partiya matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur vaziyatning jiddiyligi va fuqarolarning huquqiy, moliyaviy xavfsizligiga tahdid solayotganini inobatga olib, partiya deputati Muhammadjon Valiyev uch yo‘nalish bo‘yicha mas’ul rahbarlarga deputatlik so‘rovi yuborgan.
So‘rov talablari
Xususan, Raqamli texnologiyalar vaziri Sh.Shermatovdan holat tasdiqlangan yoki tasdiqlanmagani, shaxsiy ma’lumotlar qay darajada himoyalangani, vaziyatga sabab bo‘lgan omillar, hukumatning autentifikatsiya infratuzilmasi («OAuth» serveri) va «my.gov.uz» portalida kelgusida bu kabi holatlar takrorlanmasiligi uchun qanday texnik va tashkiliy choralar ko‘rilayotgani yuzasidan ma’lumot so‘ralgan.
Ichki ishlar vaziri A.Toshpo‘latovdan vakolatli davlat organlari bilan hamkorlikda qanday tezkor qidiruv ishlari amalga oshirilayotgani, kiberhujumni sodir etgan shaxslarni aniqlash va shaxsiy ma’lumotlarni tarqatish bilan bog‘liq jinoyatlar profilaktikasini kuchaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va bu yo‘nalishda qonunchilikni hamda huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha vazirlik takliflari yuzasidan ma’lumot talab qilingan.
Milliy statistika qo‘mitasi raisi B.Hamrayevga aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayonida to‘plangan statistik ma’lumotlar saqlanishi va himoya qilinishi bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilgani, shuningdek, «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonun talablariga qay darajada rioya etilayotganiga oid savollar qo‘yildi.
Biz uchun inson qadri va uning shaxsiy hayoti daxlsizligi oliy qadriyatdir. «Adolat» SDP fraksiyasi a’zosi ushbu masalada mas’ullardan asoslantirilgan tushuntirish berishni so‘ragan.





