
17 ming muxlis futbol bo‘yicha JCH chiptalarini qaytarib berdi
Xarid qilingan chiptalarning qaytarilishiga AQSH hukumatining yuritayotgan siyosati sabab sifatida ko‘rsatilgan.

AQSHdagi siyosiy muhit va xavfsizlikka oid xavotirlar sabab qariyb 17 ming nafar muxlis 2026-yilgi Jahon chempionati uchun xarid qilingan chiptalarini qaytarib berdi. Bu holat xalqaro miqyosda boykot chaqiriqlarini yanada kuchaytirib, Jahon Chempionati tashkilotchilariga bosimni oshirmoqda.
Manbalarga ko‘ra, chiptalardan ommaviy voz kechish ijtimoiy tarmoqlarda faol tarqalgan norozilik kampaniyalari bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelgan. Ayrim muxlislar AQSHdagi siyosiy qarorlar, namoyishlar va umumiy xavfsizlik muhitini turnir mehmonlari uchun noqulay deb baholamoqda. Bu esa futbol bayramini sportdan tashqari omillar soyasida qoldirmoqda.
Yuzaga kelgan vaziyat munosabati bilan FIFA kelasi hafta favqulodda yig‘ilish o‘tkazishga qaror qildi. Yig‘ilishda chipta bekor qilish holatlari, muxlislar xavfsizligi, turnirning xalqaro imiji hamda siyosiy omillarning ta’siri muhokama qilinishi kutilmoqda. Rasmiy kun tartibi e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, manbalar bu masala jiddiy tus olganini ta’kidlamoqda.
Boykot chaqiriqlari mezbon shaharlardagi mehmonxona bronlariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Turistik agentliklar ma’lumoticha, ayrim shaharlarda bron qilish sur’ati sekinlashgan, ikkilamchi bozorda esa chiptalarni qayta sotish narxlari pasaygan. Bu esa iqtisodiy jihatdan ham muayyan xatarlarni yuzaga chiqarmoqda.
Ma’lumot uchun, 2026-yilgi Futbol bo‘yicha Jahon chempionati 11-iyundan 19-iyulgacha AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi. Musobaqada ilk bor 48 ta terma jamoa ishtirok etadi.
Tashkilotchilar bu turnirni tarixdagi eng yirik futbol tadbirlaridan biri sifatida ko‘rmoqda, ammo hozirgi norozilik to‘lqini rejalarga jiddiy sinov bo‘lib turibdi.
Eslatib o‘tamiz, 3-yanvarga o‘tar kechasi AQSH harbiylari Venesuelada maxsus amaliyot o‘tkazgan. Amaliyot davomida mamlakatning amaldagi prezidenti Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Flores qo‘lga olingan. Ular AQSHda narkoterrorizm, qurol saqlash va giyohvand moddalar kontrabandasi ayblovlari bo‘yicha sud qilinmoqda.
Amaliyotdan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida Tramp Maduro endi prezident emasligini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tish davrida Venesuela boshqaruvi vaqtincha AQSH nazoratida bo‘ladi. Shu bilan birga, Tramp muxolifat yetakchisi Mariya Korina Machadoni davlat rahbarligi uchun yetarli salohiyatga ega emas, deya baholagan.
O‘sha kuni Venesuela vitse-prezidenti Delsi Rodriges vaqtincha davlat rahbari sifatida qasamyod qilgan. Tramp esa yangi rahbariyat «to‘g‘ri yo‘l tutmasa», Maduroga nisbatan qo‘llanilgan choralardan ham og‘irroq oqibatlar bo‘lishini ta’kidlagan.



