add

2 800 dan ortiq avtobus bekati talabga javob bermaydi

Raqobat qo‘mitasi tomonidan avtobus bekatlaridagi sharoitlar bo‘yicha o‘rganish o‘tkazilib, yo‘lovchilar uchun qulaylik va xavfsizlik ta’minlanmagan 2 800 dan ortiq holat aniqlandi.

2 800 dan ortiq avtobus bekati talabga javob bermaydi
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan yurtimiz bo‘ylab 2 800 dan ziyod avtobus bekatining holati o‘rganilib, ularning aksariyati belgilangan standartlarga javob bermasligi aniqlandi. O‘rganishlar ijtimoiy tarmoqlar orqali kelib tushgan murojaatlar va fuqarolarning shikoyatlariga asosan amalga oshirildi. Unga ko‘ra, 286 ta holatda kutish zallari issiq yoki sovuq havodan himoya qilmaydigan darajada ochiq holda, 210 ta holatda savdo shoxobchalari kutish maydonida joylashgan. 387 ta bekatda nogironlar uchun panduslar, 412 tasida esa elektr yoritgichlar mavjud emas. Shuningdek, 57 ta bekatda yomg‘ir va shamoldan himoya qiluvchi pavilon o‘rnatilmagan, 156 ta holatda bekat nomi ko‘rsatilmagan, 255 ta bekatda esa yo‘nalish raqami yoki axborot taqdim etilmagan. Mavjud davlat standartiga ko‘ra, avtobus bekatlari kamida uch tomoni yopiq bo‘lgan kutish zallari, nogironlar uchun ko‘tarma pandus, har 10 m² uchun 1 ta o‘rindiq, elektr yoritgichlar va chiqindilar uchun maxsus quti bilan jihozlangan bo‘lishi shart. Qo‘mita aniqlagan kamchiliklarni bartaraf etish uchun Transport vazirligi, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklariga tegishli ko‘rsatmalar yubordi. Shuningdek, iste’molchilar huquqlari to‘g‘risidagi qonun talablariga ko‘ra, yo‘lovchilar hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lgan holatlar uchun javobgarlik belgilangan.

Teglar

Mavzuga oid