add

2025 yil byudjeti qariyb 41 trln so‘mga oshirildi

18.12.2025 | 16:356351 daqiqa

Qo‘shimcha xarajatlar ish haqi, pensiyalar va ijtimoiy dasturlarga yo‘naltiriladi.

2025 yil byudjeti qariyb 41 trln so‘mga oshirildi

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati bugun, 18-dekabr kuni, 2025 yil uchun davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartishlar kiritishni ma’qulladi.

Ma’lum qilinishicha, joriy yilgi budjet xarajatlari 40,9 trln so‘mga oshiriladi. Qo‘shimcha mablag‘lar iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash va aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga yo‘naltiriladi.

Senator Erkin Gadoyevning ta’kidlashicha, 2025 yil uchun budjet xarajatlari avval tasdiqlangan 281,6 trln so‘m o‘rniga 322,5 trln so‘m etib belgilanishi rejalashtirilmoqda.

Qo‘shimcha ajratilayotgan mablag‘lar quyidagi yo‘nalishlarga sarflanadi:

6 trln so‘mdan ortig‘i — ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarga;

2,7 trln so‘m — ko‘p qavatli uylarning issiqlik energiyasi samaradorligini oshirishga;

1,9 trln so‘m — aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga;

1,6 trln so‘m — «Kambag‘allikdan farovonlik sari» dasturiga qo‘shimcha mablag‘ sifatida;

3,6 trln so‘m — qishloq xo‘jaligiga;

5,8 trln so‘m — markazlashgan investitsiya loyihalariga;

4,1 trln so‘m — pensiyalar uchun budjet transfertlariga;

737 mlrd so‘m — Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga;

435 mlrd so‘m — tibbiy xizmatlarni moliyalashtirishga.

Senator Gadoyevning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda pensiyalarning o‘rtacha miqdori 1,4 mln so‘mdan 1,6 mln so‘mga oshgan. Ushbu o‘zgarish ham budjet xarajatlarining sezilarli ko‘payishiga sabab bo‘lgan.

Shuningdek, davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonunga kiritilayotgan o‘zgarishlarga qaramasdan, konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligining cheklangan miqdori yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foiz darajasida saqlab qolinayotgani ma’lum qilindi.

Teglar

Mavzuga oid