
2025 yil — Yer tarixidagi eng issiq yillardan biri bo‘ldi
Garchi 2025 yil mutlaq rekord o‘rnatmagan bo‘lsa-da, uzoq muddatli istiqbolda Yer qizishda davom etishini isbotlashga xizmat qildi.

2025 yil meteokuzatuvlar tarixidagi eng issiq uch yildan biri bo‘ldi. Bu haqda Yevropaning Iqlim o‘zgarishini monitoring qilish xizmati (C3S) ma’lumotlarida keltirilgan.
«2025 yil 2023 yilga qaraganda birozgina salqinroq bo‘ldi, 2024 yil esa kuzatuvlar boshlanganidan beri hali ham eng issiq yil bo‘lib qolmoqda», — deb bayonot berdi chorshanba, 14-yanvar kuni C3S direktori o‘rinbosari Samanta Berjess.
U Yevropa va Amerika tashkilotlari bilan hamkorlikda tayyorlangan «Global iqlim ko‘rsatkichlari» yangi ma’ruzasini taqdim etar ekan, yakunlangan yil sayyora iqlimi uchun yana bir favqulodda yil bo‘lganini aytdi. O‘rtacha harorat 2023 yilga nisbatan Selsiy shkalasi bo‘yicha 0,01 darajaga va 2024 yilga nisbatan 0,13 darajaga past bo‘lgan.
2023–2025 yillardagi o‘rtacha harorat sanoatgacha bo‘lgan davrdan 1,5 darajaga yuqori bo‘lgan. Olingan ma’lumotlar iqlim inqirozi kuchayayotganini yaqqol namoyish etadi: 2023 yildan 2025 yilgacha bo‘lgan global o‘rtacha harorat sanoatgacha bo‘lgan davrga nisbatan o‘rtacha 1,5 darajadan ko‘proq yuqori bo‘lgan.
«Bu uch yillik davr ichida ushbu chegaradan birinchi marta oshish holatidir», — deb qayd etadi ma’ruza mualliflari.
Agar bunday tendensiya hozirgi sur’atlarda davom etsa, 2015 yildagi Parij kelishuvi bilan belgilangan o‘rtacha isishning 1,5 daraja Selsiylik ruxsat etilgan chegarasi joriy o‘n yillikning oxirigacha — ilgari taxmin qilinganidan 10 yil oldin buzib o‘tiladi.
Yer qizishda davom etmoqda
«Garchi 2025 yil oldingisidan issiqroq bo‘lib chiqmagan bo‘lsa-da, uzoq muddatli istiqbolda Yer qizishda davom etmoqda», — deb ta’kidlaydi hujjat mualliflari.
Bu jarayon hatto issiqxona gazlari chiqarilishi keskin to‘xtatilgan taqdirda ham davom etgan bo‘lardi, chunki ular atmosferada uzoq vaqt davomida qoladi.
«CO2 holatida gap asrlar haqida ketmoqda», — deb tushuntirdi Copernicus atmosfera xizmati eksperti Lorans Ruil.
«Ba’zi hududlarda 2025 yilda o‘rtachadan past haroratlar kuzatildi, biroq gap ob-havoning normal o‘zgaruvchanligi haqida ketmoqda. «Sovuq hudud iqlim o‘zgarishi haqiqat emasligini anglatmaydi. Global kontekst muhim», — dedi Berjess.
Copernicus direktori Karlo Buontemponing so‘zlariga ko‘ra, davom etayotgan global isishning umumiy manzarasi shubhasizdir.
«Dunyo Parij kelishuvida belgilangan uzoq muddatli harorat chegarasiga tez sur’atlar bilan yaqinlashmoqda. Biz uni albatta kesib o‘tamiz. Endi biz ushbu muqarrar oshib ketish va uning jamiyat hamda ekotizimlar uchun oqibatlarini qanday qilib eng yaxshi tarzda yengib o‘tishni hal qilishimiz kerak», - deb ogohlantirdi u.





