add

2025 yilda «103» xizmatiga 3,2 mingdan ortiq yolg‘on chaqiriq bo‘lgan

Kecha 13:551 daqiqa

Eng ko‘p yolg‘on chaqiriq Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida qayd etilgan.

2025 yilda «103» xizmatiga 3,2 mingdan ortiq yolg‘on chaqiriq bo‘lgan

O‘zbekistonda 2025 yil davomida «103» tez tibbiy yordam xizmatiga jami 3 244 ta yolg‘on chaqiriq kelib tushgan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi. Ushbu ko‘rsatkich 2024 yilda esa 2 713 tani 2023 yilda 3 505 tani tashkil etgan.

Hududlar bo‘yicha tahlillar eng ko‘p yolg‘on chaqiriq Qashqadaryo viloyatida kuzatilganini ko‘rsatdi — 784 ta. Keyingi o‘rinda Surxondaryo viloyati bo‘lib, u yerda 499 ta shunday holat qayd etilgan. Shuningdek, Farg‘ona viloyatidan 394 ta, Samarqand viloyatidan esa 337 ta yolg‘on chaqiriq kelib tushgan. Eng kam ko‘rsatkich Sirdaryo viloyatida qayd etilib, atigi 48 tani tashkil etgan.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, yolg‘on chaqiriqlar haqiqiy shoshilinch holatda yordamga muhtoj bemorlarga xizmat ko‘rsatishni kechiktiradi. Shu sababli qonunchilikda bunday holatlar uchun javobgarlik belgilangan.

Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra, maxsus xizmatlarni qasddan aldab chaqirgan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 1–3 baravarigacha, ya’ni 412 ming so‘mdan 1 million 236 ming so‘mgacha jarima solinishi mumkin.

Ma’lum qilinishicha, 2025 yilda «103» xizmatiga jami 14,3 millionga yaqin chaqiruv kelib tushgan. Bu 2024 yilga nisbatan 763 mingtaga ko‘p. Chaqiruvlarning asosiy qismi shoshilinch holatlar va surunkali kasalliklar bilan bog‘liq bo‘lgan. Eng ko‘p murojaat Toshkent shahrida, eng kami esa Navoiy viloyatida qayd etilgan.

Teglar

Mavzuga oid