
2025 yilda Rossiya O‘zbekistonga 7 mlrd metr kub gaz eksport qilgan
Qozog‘istondan orqali o‘tadigan «Markaziy Osiyo – Markaz» quvuri Rossiya O‘zbekistonga gaz eksport qilishni 30 foizga oshirish imkonini bergan.

2025 yilda Rossiya Qozog‘istondan o‘tadigan «Markaziy Osiyo – Markaz» quvuri orqali O‘zbekistonga gaz yetkazib berish hajmini sezilarli darajada oshirdi. Mazkur yo‘nalishdagi eksport hajmi 7 milliard kub metrdan oshib, o‘tgan yilga nisbatan taxminan 30 foizga o‘sgan. Bu haqda Tass nashri Xalqaro energetika ma’lumotlariga tayanib, xabar berdi.
Xalqaro energetika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya gaz eksportida Yevropa ulushi qisqarib, Osiyo yo‘nalishlari ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, O‘zbekistonga gaz yetkazib berish Qozog‘iston hududi orqali amalga oshirilgan bo‘lib, tranzit infratuzilmasidan samarali foydalanish eksport o‘sishiga xizmat qilgan.
Osiyoga burilish
Hisobotda qayd etilishicha, 2025 yilda Rossiyaning Xitoyga quvur orqali gaz yetkazib berish hajmi ham 25 foizga oshgan. «Sibir kuchi» quvuri orqali Xitoyga eksport qilingan gaz hajmi qariyb 39 milliard kub metrga yetgan. Bu Rossiya tarixida ilk bor Xitoyga yetkazib berilgan gaz hajmi Yevropa bozoridan oshib ketganini anglatadi.
Gazprom avvalroq 2025 yilda Xitoyga 38,8 milliard kub metr gaz yetkazib berilganini ma’lum qilgan. Shuningdek, kompaniya Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘izistonga gaz yetkazib berishni 22,2 foizga, Gruziyaga esa 40,4 foizga oshirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Xitoyga gaz sotishdan qancha ishlab topgani haqida xabar bergan edik.





