
2026 yilda mahallalarni obodonlashtirish uchun 1 trillion so‘m ajratiladi
17.10.2025 | 12:306504
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrini kompleks rivojlantirish va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini joylashtirish bo‘yicha rejalar bilan tanishdi. Uchrashuvda sanoat, transport va shahar infratuzilmasini yangilash bo‘yicha yirik loyihalar muhokama qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevga poytaxtni kompleks rivojlantirish, sanoat va transport infratuzilmasini yaxshilash masalalari yuzasidan axborot berildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Taqdimotda «Yangi avlod» maxsus sanoat zonasini rivojlantirish rejalari ko‘rib chiqildi. Ushbu hudud 774 gektar maydonni egallab, hozirgacha 268 gektarda 28 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Ularning umumiy qiymati 800 million dollarga teng. Shu bilan birga, yana 300 gektar yerda joylashadigan 30 ta yangi loyiha uchun investorlar aniqlangan bo‘lib, investitsiyalar hajmi 400 million dollarni tashkil etadi.
Prezident sanoat zonasini kengaytirish orqali ish o‘rinlarini ko‘paytirish, yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish muhimligini ta’kidladi. Shu munosabat bilan 288 million dollarlik multimodal logistika terminali qurish loyihasi taqdim etildi. Loyiha Dubayning «DP World» kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Terminal faoliyat boshlashi bilan poytaxt va Toshkent viloyatining eksport-import salohiyati sezilarli darajada oshishi kutilmoqda.
Shuningdek, poytaxt yo‘l-transport tizimini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar muhokama qilindi. Shota Rustaveli ko‘chasida joriy etilgan BRT tizimi samarasidan kelib chiqib, yana 10 ta ko‘chada shunday qurilish ishlari boshlanishi belgilandi. Bu harakat xavfsizligini ta’minlash va transport oqimini tartibga solishga xizmat qiladi.
Shahar qiyofasini yagona dizayn-kod asosida takomillashtirish, mahallalarni obodonlashtirish, gastronomik ko‘chalar qurish va sug‘orish tizimlarini yangilash uchun kelgusi yil mahalliy byudjetdan 1 trillion so‘m ajratiladi.
Prezident Mirziyoyev poytaxtdagi yangilanishlar fuqarolar uchun qulay va zamonaviy muhit yaratish, iqtisodiy faollik hamda tadbirkorlik salohiyatini oshirishga xizmat qilishi kerakligini ta’kidladi. Shuningdek, Buxoro shahrida sayyohlarni qabul qilish va xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha rejalar ham muhokama qilindi.





