Logo

2026/2027-o‘quv yili uchun OTM'ga qabul kvotalari tasdiqlandi

Kecha 11:572 daqiqa

Ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi 2026/2027-o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalariga qabul parametrlarini tasdiqladi. Unga ko‘ra, bakalavriat kunduzgi ta’lim shakliga 155 ming 852 nafar abituriyent qabul qilinadi.

2026/2027-o‘quv yili uchun OTM'ga qabul kvotalari tasdiqlandi

2026/2027-o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalariga qabul parametrlari tasdiqlandi. Bu haqda Oliy ta’lim vazirligi xabar berdi.

Ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi qaroriga ko‘ra, bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakliga 155 ming 852 nafar abituriyent qabul qilinadi.

Qabul o‘rinlarining asosiy qismi o‘zbek tiliga to‘g‘ri keladi. Jumladan, 130 ming 843 ta o‘rin o‘zbek tili, 19 ming 341 ta rus tili, 4 ming 888 ta qoraqalpoq tili uchun ajratilgan. Shuningdek, qozoq, tojik, qirg‘iz va turkman tillarida ham qabul kvotalari belgilangan.

Davlat komissiyasi ijtimoiy himoyaga muhtoj va alohida toifadagi fuqarolar uchun qo‘shimcha grant kvotalarini ham tasdiqladi. Ular qatorida nogironligi bo‘lgan shaxslar, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, ichki ishlar va bojxona organlari xodimlarining farzandlari, shuningdek, «Ijtimoiy reyestr»ga kiritilgan oilalar farzandlari uchun alohida davlat grantlari ajratildi.

Imtiyozlar kengaytirildi


Qurolli Kuchlar va Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari farzandlari uchun davlat grantlari hamda muddatli harbiy xizmatni o‘tab, tavsiyanomaga ega bo‘lgan fuqarolar uchun 5 foizlik alohida qabul ko‘rsatkichlari saqlab qolindi.

Shu bilan birga, kamida besh yillik mehnat stajiga ega xotin-qizlar uchun 2 500 ta alohida to‘lov-kontrakt o‘rni ajratildi. Bundan tashqari, kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha xotin-qizlar uchun qo‘shimcha 4 mingta davlat granti ham berildi.

Oliy malaka toifasiga ega maktab o‘qituvchilari uchun pedagogika magistraturasiga masofaviy ta’lim shaklida maqsadli qabul amaliyoti ham davom ettiriladi.

Umumiy qabul hajmi

Davlat komissiyasi kechki va masofaviy ta’lim shakllari uchun ham qabul parametrlarini tasdiqladi. Kechki ta’limga 28 ming 942 nafar, masofaviy ta’limga esa 20 ming 810 nafar abituriyent qabul qilinadi.

Shunday qilib, bakalavriatning kunduzgi, kechki va masofaviy ta’lim shakllari bo‘yicha jami 205 ming 604 ta qabul o‘rni ajratildi. Magistratura uchun esa 22 ming 50 ta o‘rin tasdiqlandi. Ularning 10 ming 340 tasi davlat granti, 11 ming 710 tasi esa to‘lov-kontrakt asosida taqdim etiladi.

Teglar

Mavzuga oid