Logo

2100-yilgacha huquqiy kafolat: Enterprise Uzbekistan raqamli markazi taqdim qilindi

Bugun 18:303 daqiqa

Yangi xalqaro raqamli texnologiyalar markazi sun’iy intellekt, BigTech va startaplar uchun 2100-yilgacha kafolatlangan huquqiy barqarorlik, nol foizli korporativ soliq va ingliz huquqiga asoslangan maxsus rejimni taklif etadi.

2100-yilgacha huquqiy kafolat: Enterprise Uzbekistan raqamli markazi taqdim qilindi © Foto: Enterprise Uzbekistan

Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Enterprise Uzbekistan xalqaro raqamli texnologiyalar markazi rasman taqdim etildi. Markaz ingliz va Uels huquqi (Common Law) tamoyillariga asoslangan bo‘lib, Markaziy Osiyodagi ushbu formatdagi birinchi maxsus texnologik yurisdiksiya hisoblanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan markaz sun’iy intellekt laboratoriyalari, yirik texnologik kompaniyalar, ma’lumotlar markazlari, startaplar, venchur fondlari hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyati uchun mo‘ljallangan.

Enterprise Uzbekistan alohida huquqiy rejim asosida faoliyat yuritadi. Markaz o‘z normativ bazasi, mustaqil regulyatori hamda kompaniyalarni ro‘yxatdan o‘tkazishdan tortib davlat xizmatlaridan foydalanishgacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab oluvchi One-Stop-Shop tizimiga ega bo‘ladi.

Loyiha doirasida rezident kompaniyalar uchun qator soliq va ma’muriy yengilliklar nazarda tutilgan. Xususan, ustuvor texnologik yo‘nalishlarda faoliyat yurituvchi korxonalar uchun korporativ daromad solig‘ini nol foiz etib belgilash, eksport operatsiyalarini qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etish rejalashtirilgan.

Shuningdek, malakali xorijiy mutaxassislarni jismoniy shaxslar daromad solig‘idan ozod qilish, O‘zbekiston fuqarolari uchun esa 7,5 foizlik imtiyozli daromad solig‘i stavkasini qo‘llash ko‘zda tutilmoqda.

Markaz rezidentlariga kapital va foydani erkin olib chiqish, xorijiy mutaxassislar hamda ularning oila a’zolari uchun uch yilgacha amal qiluvchi vizalar va soddalashtirilgan mehnat ruxsatnomalarini olish imkoniyati yaratiladi. Taqdimotda qayd etilishicha, markaz faoliyati uchun belgilangan asosiy huquqiy va iqtisodiy sharoitlar 2100 yilgacha kafolatlanadi.

Qayd etilishicha, Enterprise Uzbekistan orqali 2030 yilgacha raqamli xizmatlar eksportini 5 milliard dollarga yetkazish, 300 mingdan ortiq yuqori daromadli ish o‘rni yaratish hamda mamlakatda yirik texnologik ekotizimni shakllantirish maqsad qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi «Xalqaro raqamli texnologiyalar markazi to‘g‘risida»gi konstitutsiyaviy qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilgan edi. Mazkur hujjat Enterprise Uzbekistan faoliyatining huquqiy asoslarini belgilaydi.

Vaqt.uz avvalroq Toshkent xalqaro moliya markazida ham alohida soliq va huquqiy rejim joriy etilishi haqida xabar bergandi.

Prezident Mirziyoyev ma’lum qilishicha, markaz ishtirokchilari uchun 50 yil davomida foyda solig‘i, qo‘shilgan qiymat solig‘i, mol-mulk solig‘i va bojxona bojlarini nol foiz etib belgilanadi.

Markazda Angliya huquqiga asoslangan maxsus tartib joriy qilinishi, mustaqil moliyaviy regulyator hamda xorijiy sudyalar va ekspertlar faoliyat yuritadigan Toshkent xalqaro tijorat sudi tashkil etilishi ham rejalashtirilgan.

Ammo Toshkent xalqaro moliya markazi oddiy soliq imtiyozlari beriladigan erkin iqtisodiy zona emas. U ham o‘zining tartibga solish tizimi, huquqiy qoidalari, litsenziyalash organlari va nizolarni ko‘rib chiqadigan sudiga ega alohida moliyaviy yurisdiksiya sifatida shakllantirilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

2100-yilgacha huquqiy kafolat: Enterprise Uzbekistan raqamli markazi taqdim qilindi | Vaqt.uz