
3 oydan oriq vaqt ichida chet elda bo‘lgan fuqarolar majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishi mumkin
10.06.2025 | 13:2041403
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olishga qaratilgan qonun loyihasi muhokama qilindi. Unga ko‘ra, chet elda 90 kundan ortiq bo‘lganlar majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishi mumkin.

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Loyiha inson salomatligiga xavf tug‘diruvchi yuqumli kasalliklarni aniqlash va tarqalishining oldini olish maqsadini ko‘zlaydi.
Hujjatga ko‘ra, chet elda uzluksiz 90 kun va undan ortiq bo‘lib qaytgan 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek, mamlakatimizga mehnat faoliyati uchun kelgan xorijliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar OIV bo‘yicha majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tadi.
Fraksiya a’zosi Sherzod Qulmatovning ta’kidlashicha, 90 kunlik muddat inson organizmida virus belgilari paydo bo‘lishi uchun tibbiyotda e’tirof etilgan davr hisoblanadi. Shu sababli ushbu chora o‘z vaqtida kasalliklarni aniqlash va keng tarqalishining oldini olish imkonini beradi.
Qonun loyihasining qabul qilinishi mehnat migratsiyasi faollashib borayotgan sharoitda aholi sog‘ligini muhofaza qilish, ijtimoiy xavfsizlikni ta’minlash va tibbiy nazoratni kuchaytirishga qaratilgan muhim qadam sifatida baholandi.
Muhokamalar yakunida deputatlar mazkur qonun loyihasini ma’qulladi va qo‘llab-quvvatladi.





