
3-sinf qizni zo‘rlagan mahkum ishi bo‘yicha hibsxona xodimlariga jinoyat ishi ochildi
Mahkum avval 14 yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish moddasi bilan 16 yilga qamalgan va jazoni o‘tayotgan bo‘lgan.

Ohangaron tumanida «foydali mehnat ishlari»ga jalb qilingan paytida 3-sinf qizni zo‘rlagan manzil koloniya mahkumi ishi bo‘yicha hibsxona xodimlariga jinoyat ishi ochildi. Bu xaqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.
Avvalroq, 16 oktyabr kuni 31 yoshli mahkum maktabdan qaytayotgan 3-sinf qizni zo‘rlagani haqida xabar bergan edik. Erkak 14 yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish moddasi bilan 16 yilga qamalgan bo‘lgan.
Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasining ma’lumot berishicha, gumonlanuvchi shaxs prosessual tartibda ushlangan va unga nisbatan Jinoyat kodeksining 119-moddasi 4-qismi (O‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Agentlikka ko‘ra, holat bo‘yicha jinoiy ishga 118-modda (Nomusga tegish) ham qo‘shilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
«Ijtimoiy himoya milliy agentligi holatni o‘z nazoratiga oldi. Voyaga yetmagan jabrlanuvchi qizning huquqlari, psixologik va ijtimoiy himoyasini ta’minlash maqsadida «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazining mutaxassislaridan iborat ishchi guruh tuzildi. Holat bo‘yicha keys ochilgan, jabrlanuvchi voyaga yetmagan qiz birlamchi ko‘mak xonasiga joylashtirilgan. Ayni paytda psixolog tomonidan dastlabki suhbat o‘tkazilmoqda», - deyiladi xabarda.
Ushbu holat bo‘yicha Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamentining Markaziy tergov hibsxonasi tartibot bo‘limi safdori Sh.O. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 214-moddasi 3-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.





