Logo

30 yildan oshgan avtomobillar davlat tomonidan sotib olinib, utilizatsiyaga yuboriladi

Bugun 10:552 daqiqa

2026 yildan O‘zbekistonda 30 yildan ortiq foydalanilgan avtomobillarni bozor narxida xarid qilish va utilizatsiya qilish tizimi joriy etiladi. Egalariga yangi avtomobil xaridi uchun vaucher yoki pul mablag‘i taklif qilinadi.

30 yildan oshgan avtomobillar davlat tomonidan sotib olinib, utilizatsiyaga yuboriladi © Ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekistonda 2026 yildan boshlab ishlab chiqarilganiga 30 yil va undan ortiq bo‘lgan avtomobillarni utilizatsiyaga topshirishning yangi tizimi joriy etiladi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish agentligi ma’lum qildi.

Yangi tartibga ko‘ra, eskirgan transport vositalari egalaridan bozor qiymati asosida xarid qilib olinadi. Bunda avtomobil egalari uchun ikki xil kompensatsiya mexanizmi taklif etiladi.

Birinchi variantga ko‘ra, fuqaroga O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yangi avtomobil xaridida boshlang‘ich to‘lov sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan elektron vaucher beriladi. Ikkinchi variantda esa vaucher qiymati pul shaklida to‘lab beriladi.

Qayd etilishicha, vaucher orqali mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillarni imtiyozli shartlarda xarid qilish mumkin bo‘ladi. Vaucher summasi chegirma sifatida hisobga olinadi, qolgan mablag‘ esa bir yildan ortiq muddatga bo‘lib to‘lanishi mumkin.

Shuningdek, eski avtomobillarini belgilangan muddatlarda utilizatsiyaga topshirmagan fuqarolar uchun ekologik kompensatsiya joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Unga ko‘ra, bunday transport egalari har yili bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari miqdorida to‘lov amalga oshiradi.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, hozirning o‘zida Toshkent shahrida kuniga qariyb 600 mingta transport vositasi harakatlanadi. Eskirgan avtomobillarni utilizatsiya qilish tizimi va ularga nisbatan turli cheklovlar Fransiya, Germaniya, Xitoy hamda AQSH kabi 60 dan ortiq davlatda amalda qo‘llanmoqda.

Avvalroq ishlab chiqarilganiga 50 yildan oshgan transport vositalaridan foydalanish va ularni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish taqiqlanishi, bunday avtomobillar davlat ro‘yxatidan chiqarilishi ma’lum qilingan edi.

Teglar

Mavzuga oid