30 yildan oshgan eski avtomobillar egalari uchun jarima joriy etilmaydigan bo‘ldi
O‘zbekistonda ishlab chiqarilganiga 30 yildan oshgan avtomobillar uchun kompensatsiya to‘lash tartibi loyihadan chiqarildi. Hukumat yangi yondashuv orqali haydovchilarga boshqa imkoniyatlar berishni rejalashtirmoqda.
© Vaqt.uz | Javhar ChorshanbiyevaChiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi foydalanilgan avtomobillarni utilizatsiya qilish tizimi bo‘yicha tayyorlanayotgan qonun loyihasi qayta ko‘rib chiqilayotganini маълум qildi.
Qayd etilishicha, jamoatchilik muhokamalari va bildirilgan e’tirozlardan keyin 30 yil va undan eski avtomobillar egalari har yili BHMning 30 baravari miqdorida ekologik kompensatsiya to‘lashi haqidagi norma loyihadan chiqarib tashlanmoqda.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda qariyb 5 mln avtotransport vositasi mavjud bo‘lib, ularning 100 mingga yaqini nosoz holatda. Eski transport vositalari shaharlardagi zararli chiqindilarning katta qismini keltirib chiqarayotgani sabab avtomobil parkini yangilash rejalashtirilmoqda.
Yangi tizim qanday ishlaydi?
Hukumat majburiy choralar o‘rniga iqtisodiy rag‘batlantirish mexanizmlarini qo‘llashni maqsad qilmoqda. Shu maqsadda avtomobillarni baholovchi va utilizatsiya qiluvchi mustaqil korxonalar tarmog‘i tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Rejaga ko‘ra, eski avtomobillar bozor qiymati asosida baholanadi. Egalariga ushbu summa miqdorida naqd pul yoki yangi avtomobil xarid qilishda foydalanish mumkin bo‘lgan maxsus vaucher beriladi.
Vaucher orqali rasmiy dilerlardan yangi avtomobil olish, qolgan summani esa 2 yildan 7 yilgacha foizsiz bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratilishi rejalashtirilmoqda. Vaucherdan foydalanishni istamaganlar uning qiymatini pul ko‘rinishida olishi mumkin bo‘ladi.
Loyiha hali muhokamada
Agentlik misol sifatida 165 mln so‘mlik Cobalt avtomobilini keltirgan. Agar eski avtomobil 5 mln so‘mga baholansa, xaridor qolgan 160 mln so‘mni 7 yil davomida oyiga taxminan 1,9 mln so‘mdan foizsiz to‘lashi mumkin bo‘ladi.
U aholi va mutaxassislardan kelib tushadigan takliflar asosida yana takomillashtiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq jarima maydonchasidan avtomobilni olib chiqishga ruxsat endi QR-kod orqali berilishi haqida xabar berilgandi.





